O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtiroki va uning ahamiyati
Reja:
Kirish.
Asosiy qism:
O‘zbekistonning tashqi siyosati;
O‘zbekiston va BMT aloqalari.
BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyadagi nutq.
Xulosa.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z milliy manfaatlariga asoslangan holda ochiq, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib boradi. Respublikaning zamonaviy tashiq siyosiy kursi dunyoda va mintaqada shiddat bilan o‘zgarayotgan vaziyat, hamda mamlakatning ichidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga asoslanib shakllanadi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining bosh maqsadi – davlat mustaqilligi va suverenitetini, xalqaro maydondagi o‘rni va rolini mustahkamlash, yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, respublikaning tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol tarzda ilgari surish.
Respublika harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik kursiga sodiq bo‘lib, o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar va ob'ektlarni joylashtirishga, shuningdek, mamlakat harbiy xizmatchilarining chet eldagi tinchlikparvarlik amaliyotlarida yoki harbiy mojarolarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaydi. O‘zbekiston barcha qarama-qarshiliklar va nizolarni faqat tinch siyosiy yo‘llar bilan hal qilish tarafdori.
O‘zbekiston davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish, inson huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish va xalqaro huquqning boshqa umume'tirof etilgan tamoyilllari va normalari; xavfsizlikning bo‘linmasligi, ochiqlik va pragmatizm, qo‘shni mamlakatlar bilan har tomonlama yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi asosiy tamoyillarga tayangan holda tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo‘lida barcha sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor/.
Tashqi siyosiy faoliyatning asosiy va birinchi darajali vazifalaridan biri bu O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning bir nechta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini samarali amalga oshirishdir.
Ushbu maqsadga erishish uchun tashqi siyosat idorasi oldiga quyidagi vazifalar qo‘yilgan:
- mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni hamda jamiyat va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishning jadal jarayonlarini samarali amalga oshirish uchun mumkin qadar qulay tashqi siyosiy shart-sharoitlarni shakllantirish;
- Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash, mintaqani xavfsizlik va barqaror taraqqiyot hududiga aylantirish;
- jahonning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan strategik hamkorlik qilishning mutanosib, ko‘p qirrali tizimini shakllantirish;
- O‘zbekistonning mintaqa va jahon siyosatidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro tashabbuslarini ilgari surish;
- mahalliy mahsulotlarning eksport hajmini oshirish va geografiyasini kengaytirish borasida ko‘maklashish;
- milliy iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishda faol ko‘mak berish;
- mamlakatimizga turistlarni jalb qilish hamda turistik infratuzilmani rivojlantirish borasida amaliy yordam ko‘rsatish;
- transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishda hamda xalqaro transport kommunikatsiyalari va logistik infratuzilmalarni rivojlanishiga ko‘maklashish;
- xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari huquq va manfaatlarining har tomonlama himoya qilinishini ta’minlash;
- xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash.
Tashqi siyosatimizning bosh ustuvor yo‘nalishi Markaziy Osiyo mintaqasidir. O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosati mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, mintaqaviy xavfsizlikning muhim muammolarini hal etishga, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilishga ko‘maklashishga qaratilgan. O‘zbekiston mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaning transport va tranzit infratuzilmasini rivojlantirish, Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv-energetika resurslaridan oqilona va kompleks foydalanish hamda mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini yakuniga yetkazish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston mintaqa davlatlari bilan do‘stona va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdan, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishdan, parlamentlar, chegara hududlari, jamoat tashkilotlari va oddiy fuqarolar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishdan manfaatdor.
O‘zbekiston Afg‘oniston bilan aloqalarni kengaytirishni, mazkur mamlakatdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishni davom ettiradi. O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklanishiga, uning transport, ishlab chiqarish, energetik va ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirishga ko‘mak berishda davom etadi. Barqaror va ravnaq topayotgan Afg‘oniston Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikning kafolatidir.
MDH malakatlari bilan hamkorlik ham O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mazkur davlatlar bilan respublikamiz tarixan shakllangan siyosiy, iqtisodiy, transport-kommunikatsion va boshqa aloqalarga ega. O‘zbekiston Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tenglik, o‘zaro foydalilik, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish va e’tiborga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini qurishni davom etadi.
O‘zbekiston Rossiya bilan 2004-yil 16-iyunda imzolangan Strategik hamkorlik, 2005-yil 14-noyabrdagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar hamda 2012-yil 4-iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida do‘stona munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash va tadrijiy rivojlantirish ikki mamlakat manfaatlariga to‘liq mos keladi hamda mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017-yil 4-5-aprelda Rossiyaga davlat tashrifi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putinning 2018 yil 18-19 oktyabrda O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi global muammolarni hal etishda muhim rol o‘ynaydigan, yaqin mintaqaviy qo‘shni Xitoy bilan strategik hamkorlikni kuchaytirish tarafdori. Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirish 2012-yil 6-iyundagi Strategik hamkorlikni o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, 2013-yil 9-sentyabrdagi ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda 2017 yil 12 maydagi Har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonotga asoslangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2019-yil 24-27 aprelda «Bir makon, bir yo‘l» Ikkinchi xalqaro forum doirasida ilgari surgan tashabbus va takliflarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish ikki mamlakat manfaatlariga mos keladi.
O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan 2002-yil 12-mart oyida imzolangan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida Strategik sherikchilik va hamkorlikning asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiyasi asnosida o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishdan iboratdir. O‘zbekiston AQSh bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash va xalq turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan modernizatsiya jarayoni va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitiaviy-texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. Ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlari Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, transmilliy tahdid va xatarlarga qarshi kurashga ko‘maklashishdan iboratdir.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari bilan har taraflama manfaatli hamkorlikka muhim ahamiyat beradi. Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlikni asosiy sohalari savdo-sotiqni rivojlantirish, investitiya va moliya, zamonaviy texnologiyalar transferi, ilm-fan, texnika, ta’lim, ekologiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va mintaqaviy xavfsizlik kabilar hisoblanadi. O‘zbekiston asosiy e’tiborini Yevropaning ilg‘or davlatlari, xususan Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Italiya, Ispaniya, Latviya va boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori darajaga chiqarishga alohida e’tibor beradi.
Respublikamiz ko‘p asrlik umumiy tarix, yagona til va din, umumiy qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlarga ega bo‘lgan Turkiya davlati bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatni izchil davom ettiradi. Mamlakatimiz Turkiya bilan har taraflama manfaatli hamkorlikni, jumladan savdo-sotiq, investitsiya va turizm kabi sohalarda rivojlantiradi.
Osiyo-Tinch okeani hududi mamlakatlari, xususan Koreya Respublikasi va Yaponiya bilan hamkorlik O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. O‘zbekiston ushbu davlatlar bilan investitsiya, savdo-sotiq, yuqori texnologiyalar, madaniy-gumanitar sohalaridagi keng qamrovli hamkorlikni davom ettiradi.
O‘zbekiston Janubiy-Sharqiy Osiyodagi mamlakatlar – Malayziya, Indoneziya, Singapur, Vetnam kabi davlatlar bilan hamkorligini rivojlantiradi.
O‘zbekiston Janubiy Osiyo mamlakatlari, xususan Hindiston va Pokiston bilan savdo-sotiq, transport-kommunikatsiya, turizm kabi sohalarda har taraflama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni qo‘llab quvvatlaydi.
O‘zbekiston musulmon dunyosi davlatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni iqtisodiyot, transport kommunikatsiyasi, moliya, investitsiya va sayyohlik sohalarida, shu jumladan Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki doirasida faol rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor.
O‘zbekiston BMT ishida faol ishtirok etishni davom ettiradi, hamda uni xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga, tezkor globallashuv jarayonida davlatlarning barqaror rivojlanishida ko‘maklashishga mas’ul bo‘lgan yagona universal tashkilot sifatida ko‘radi.
Mamlakatimiz Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotlati bilan ushbu tuzilmalarning mexanizmlaridan zamonaviy muammolar va tahdidlarga qarshi kurashishda, ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda samarali foydalanish maqsadida o‘zaro sherikchilikni yanada rivojlantiradi.
O‘zbekiston xalqaro moliya institutlari bilan, shu jumladan, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Yevropa investitsiya banklari bilan energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, uy-joy qurilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni faollashtirish uchun barcha sa’y-harakatlarni olib boradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi dunyoning 130 dan ortiq davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Toshkentda 44 ta chet el elchixonalari, 1 ta bosh konsullik, 8 ta faxriy konsullar, 17 ta xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, 13 ta xorijiy xalqaro hukumatlararo va hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, 1 ta diplomatik maqomga ega savdo vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining 55 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud. O‘zbekiston 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning a’zosi bo‘lib, mamlakatimiz turli xil ko‘p tomonlama hamkorlik tuzilmalari bilan o‘zaro sherikchilik aloqalarini rivojlantiradi.
O‘zbekiston yangi suveren, mustaqil davlat sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga (BMT) 1992 yil 2 martda a’zo bo‘ldi. Mamlakatimiz ushbu tarixiy voqeadan keyin o‘tgan vaqt mobaynida BMT va uning turli sohalardagi ixtisoslashgan muassasalari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, xavfsizlikka qarshi zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish, Afg‘onistonda barqarorlikka erishish va mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, ekologik muammolarni hal qilish, xususan, Orol inqirozi oqibatlarini yumshatish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish, turizmni rivojlantirish kabi ustuvor masalalar ko‘p qirrali hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Toshkentda 1993 yildan buyon BMT vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Aholishunoslik jamg‘armasi (BMTAJ), Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO), Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMTGMJB), Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (BMTMOPDMM), Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (MXT), shuningdek, Ko‘ngillilar dasturi O‘zbekistonda “BMT oilasi”ni tashkil qiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO), Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YuNEP) va Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMTEIK) ham BMT faoliyatiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, Jahon banki BMTning mustaqil ixtisoslashgan organi sifatida tuzilmaning mamlakatimizdagi ishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalarni amalga oshirish doirasida so‘nggi to‘rt yilda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasida yuqori darajadagi siyosiy hamkorlik sezilarli faollashdi. Buni BMT Bosh Assambleya va ixtisoslashgan tuzilmalaridagi O‘zbekiston ishtirokining jonlanganidan ham bilish mumkin.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish 2017 yil iyun oyida mamlakatimizga tashrif buyurdi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh kotibi bilan uchrashuvi, shuningdek, 2017 yil sentyabr oyida AQShning Nyu-York shahrida o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi hamda Pekinda 2019 yil aprel oyida o‘tgan "Bir makon, bir yo‘l" ikkinchi xalqaro forumi doirasida Prezidentimizning BMT Bosh kotibi bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu muloqotlar natijasida O‘zbekiston – BMT hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha uchta amaliy chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi ishtiroki mamlakatimizning xalqaro tashkilot bilan samarali va o‘zaro manfaatli hamkorligida yangi davrni boshlab berdi. Ushbu tadbir davomida qator muhim xalqaro tashabbuslar ilgari surilib, muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda.
Hamkorlikdagi yangi muhit tufayli O‘zbekiston BMTning barcha sohalardagi jarayonlarining faol ishtirokchisiga aylandi. Bu a’zo davlatlarning mamlakatimizga bo‘lgan ijobiy munosabatida namoyon bo‘lmoqda.
Xususan, so‘nggi ikki yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi doirasida uchta rezolyutsiya ishlab chiqildi va qabul qilindi. Bu haqiqatan O‘zbekiston diplomatiyasi uchun katta yutuqdir. Mamlakatimiz hozirgi kunda ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi ruhini qo‘llab-quvvatlagan holda, a’zo davlatlar bilan birgalikda Bosh Assambleyaning yana bir muhim rezolyutsiyasi va Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinishi ustida ish olib bormoqda.
O‘zbekiston qurolsizlanish va ularni tarqatmaslik sohasida barcha muhim xalqaro shartnomalar, xususan, Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma, Yadro sinovlarini har tomonlama taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma, Kimyoviy va biologik qurollar to‘g‘risidagi konvensiya va boshqa xalqaro bitimlarga qo‘shilgan.
1993 yil O‘zbekiston tomonidan BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib ilgari surilgan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zonani barpo etish bo‘yicha tashabbus yadro qurolini tarqatmaslik va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shilgan muhim hissa bo‘ldi. Ushbu tashabbus bo‘yicha shartnoma 2006 yil sentyabr oyida Semipalatinsk shahrida imzolandi. 2009 yil mart oyida esa ushbu shartnoma Markaziy Osiyo mintaqasining besh davlati tomonidan ratifikatsiya qilingach, kuchga kirdi. Tashkilotning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida 2014 yil 6 may kuni tarixiy voqea sodir bo‘ldi – BMT tashkil etilganidan buyon ilk bor yadro quroliga ega besh davlat – AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya vakillari bir vaqtning o‘zida va bir ovozdan muhim xalqaro hujjat – Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona barpo etish to‘g‘risidagi shartnomaga Xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi protokolni imzoladi. Shu tariqa Markaziy Osiyo mintaqasi sayyoramizning shimoliy yarim sharidagi yadro qurolidan xoli yagona zonaga aylandi.
Global va mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik sohasida sheriklik O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Mamlakatimiz ushbu sohadagi xalqaro sa’y-harakatlarga faol hissa qo‘shib kelmoqda. BMTning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha barcha 13 konvensiyasi ishtirokchisi bo‘lgan O‘zbekiston ushbu sohada dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish hamda tashkilot doirasidagi global hamkorlik tizimini yaratishga qaratilgan yirik tashabbuslarni ilgari surdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashining 1373 (2001 yil) rezolyutsiyasi bilan tashkil etilgan Terrorizmga qarshi kurashish qo‘mitasi ishini ma’qullaydi va a’zo davlatlarning ushbu illatga qarshi kurashishdagi salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Qo‘mitaning tashkil etilishi, o‘z navbatida, O‘zbekiston tashabbusi hamdir. Boisi mamlakatimiz tomonidan BMTning Istanbulda 1999 yil bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik va hmkorlik sammitida Terrorizmga qarshi kurash xalqaro markazini tashkil etish bo‘yicha taklifni ilgari surilgandi.
O‘zbekiston giyohvandlikka qarshi kurashda BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Bu sohada BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan tegishli vazirlik-idoralar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan aniq amaliy loyihalar amalga oshirilmoqda. BMT Bosh kotibining 2002 yil oktyabr oyida Toshkentga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston tomonidan bildirilgan taklifga binoan, Narkotik vositalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot-muvofiqlashtirish markazi tashkil etildi.
O‘zbekiston Afg‘oniston Islom Respublikasida afg‘on xalqiga katta ofatlar keltirgan va butun mintaqa uchun jiddiy tahdid manbai bo‘lgan ko‘p yillik qonli urushni to‘xtatish borasidagi harakatlarga alohida e’tibor bermoqda. Mamlakatimiz mojarodan keyin Afg‘onistonda qayta tiklash dasturlarini amalga oshirishga samarali hissa qo‘shmoqda, xususan, xalqaro gumanitar yuklarni yetkazib berish uchun O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasida ko‘prik ochilib, Afg‘onistonda ko‘plab infratuzilma ob’ektlarini qurishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. 2009 yil aprel oyida O‘zbekistondan Kobulgacha elektr uzatish liniyasi ishga tushirildi. Yangi Surxon – Puli Xumri elektr uzatish liniyasining qurilishi esa O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish hajmini 70 foizga, ya’ni yiliga 6 milliard kVt/soatgacha oshirish hamda Kobulning Markaziy Osiyo yagona energiya tizimiga ulanishiga imkon beradi.
Toshkentda 2018 yil mart oyida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajali konferensiya tashkil etildi. O‘sha yilning aprel oyida esa xalqaro tadbir bo‘yicha qabul qilingan yakuniy deklaratsiya BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi va Xavfsizlik kengashi rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlari va Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi haqidagi ma’lumotlar BMT Bosh kotibining 2018 yil sentyabr oyida e’lon qilingan "Afg‘onistondagi vaziyat hamda uning xalqaro tinchlik va xavfsizlikka ta’siri" ma’ruzasiga kiritildi.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2018 yil 22 iyun kuni "Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" tarixiy rezolyutsiyasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yuqori darajada rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarining xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotganidan darakdir.
Bugungi kunda O‘zbekiston va BMTning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi yanada faollashib bormoqda. Ushbu sohada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yana bir o‘tkir va dolzarb global muammoga – Orol dengizi fojiasiga e’tiborni qaratdi va dunyo hamjamiyatini "Ushbu ekologik ofatning Markaziy Osiyoda yashayotgan millionlab odamlar turmush tarziga halokatli ta’sirini kamaytirishga va tabiiy, biologik tabiatni saqlashga" chaqirdi.
Orol dengizining ekologik halokati jiddiyligini inobatga olib, mamlakatimizda ushbu fojia oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qator muhim xalqaro tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, 2008 yil mart oyida "Orol muammolari, ularning aholi genofondiga ta’siri, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda ular oqibatlarini yumshatish bo‘yicha xalqaro hamkorlik choralari" mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda BMT vakillari faol ishtirok etdi.
BMT Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida barcha ishtirokchilar tomonidan birdek ma’qullangan va O‘zbekiston hammualliflaridan biri bo‘lgan “Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga Bosh Assambleya huzurida kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya qabul qilingani muhim voqea bo‘ldi. Orolbo‘yi hududidagi vaziyatni barqarorlashtirish va yaxshilashga qaratilgan, O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasidagi raisligi doirasida ishlab chiqilgan "Orol dengizining qurishi va Orol dengizidagi ekotizim falokatlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi" BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatilgandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasining umumiy muhokamasi chog‘ida ilgari surgan tashabbusga binoan, 2018 yilda BMT shafe’ligida Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi o‘z faoliyatini boshladi. Jamg‘arma taqdimoti chog‘ida BMT Bosh kotibi ta’kidlaganidek, “Ushbu tuzilma mahalliy aholining yashash sharoitini sezilarli darajada yaxshilaydi va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga yordam beradi. Maqsadli fond tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan dasturlar mintaqada yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam bermoqda. Xususan, ushbu ish o‘rinlarida 45 foiz xotin-qizlar band. Ish bilan ta’minlash ularning imkoniyatlarini kengaytirib, tibbiy xizmatlardan foydalanish sharoitini yaxshiladi va farovonligini oshirdi”. Norvegiya hukumati 2018 yil 28 mart kuni Nyu-Yorkda Trast fondi uchun 1,1 million dollar ajratish bo‘yicha shartnoma imzoladi. 2019 yil 11 noyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Bryusselga tashrifi chog‘ida Yevropa Ittifoqi tomonidan Trast fondiga 5,2 million yevro miqdorida mablag‘ berilishiga doir bitim imzolandi. Shuningdek, Finlyandiya ham Fond faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 million yevro ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Hozirgi vaqtda Koreya Respublikasi hukumati Trast fondiga 1 million dollar miqdorida grant mablag‘larini yo‘naltirishni ko‘rib chiqmoqda. Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Turkiya ham Trast fondi bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bularning barchasi O‘zbekiston rahbariyatining Orolbo‘yida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan tashabbusi keng xalqaro qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.
Mamlakatimizning tashabbusi bilan Nukusda 2019 yil 24-25 oktyabr kunlari BMT shafeligida yuqori darajadagi “Orolbo‘yi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda 28 mamlakatdan 250 ga yaqin ishtirokchi, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Qatnashchilar O‘zbekiston Respublikasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi. Mamlakatimizning Orolbo‘yida salbiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha olib borayotgan amaliy ishlariga yuqori baho berildi. Ayni paytda BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
O‘zbekistonning YuNESKO bilan hamkorligi alohida e’tiborga molik. O‘tgan yillar davomida ushbu tashkilot bilan birgalikda Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Kamoliddin Behzod kabi buyuk mutafakkirlarimiz tavallud ayyomlari, Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Samarqand, Marg‘ilon va Toshkent singari tarixiy shaharlar yubileylari, Alpomish, Avesto, Xorazm Ma’mun akademiyasi kabi etno-madaniy, ilmiy-ma’rifiy va adabiy merosimiz munosabati bilan tadbirlar keng nishonlandi.
Buxoro shahri esa YuNESKOning "Tinchlik uchun shaharlar" mukofotiga sazovor bo‘ldi. Qur’oni Karimning Usmon mus’hafi va Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan nodir to‘plamlar YuNESKOning “Jahon yodgorliklari” ro‘yxatiga kiritildi.
O‘zbekistonning boy an’analari va madaniy merosini saqlash maqsadida “Shashmaqom”, “Boysun tumani madaniy muhiti”, “Katta ashula”, askiya, palov bilan bog‘liq an’ana va qadriyatlar, Marg‘ilon “Navro‘z” hunarmandchilikni rivojlantirish markazining atlas va adrasni ishlab chiqarish bo‘yicha an’anaviy texnologiyalari, "lazgi" raqsi YuNESKOning insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.
YuNESKO ko‘magi bilan 1995 yilda Samarqandda Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti tashkil etildi. O‘zbekistonning turli mintaqalarida 8 ta kafedra va 10 ta markaz, shuningdek, YuNESKOning 34 ta maktabi ochilgan va faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonning Ichan-Qal’a (Xiva), Samarqand – madaniyatlar chorrahasi, Buxoro va Shahrisabz tarixiy markazlari kabi noyob ob’ektlar, shuningdek, Chotqol biosferasi (tabiiy meros) YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. YuNESKO shafeligida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali dunyo xalqlari madaniyati va san’ati rivojiga, xalqaro do‘stlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Mamlakatimizda xalqaro turizm jadal rivojlanmoqda. Bunda O‘zbekiston 1993 yilda a’zo bo‘lgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (YuNVTO) bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Samarqandda YuNVTOning Buyuk ipak yo‘lidagi turizmni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
BMT Bosh Assambleyasining 2019 yil 19 dekabrdagi yalpi majlisida "Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish" maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu tashabbus Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Pekinda 2019 yil aprel oyida BMT Bosh kotibi A.Guterish bilan uchrashuv chog‘ida ilgari surilgan edi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va Markaziy Osiyo mamlakatlari nomidan taqdim etilgan hujjat loyihasi BMTga a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu hujjat hammuallifi sifatida Shimoliy va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit’alardan 50 dan ziyod mamlakat ishtirok etdi. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekiston rahbari tashabbusining dolzarbligi va o‘z vaqtida qabul qilinganidan dalolat beradi.
Qabul qilingan rezolyutsiyada Markaziy Osiyo mamlakatlarining 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanishga doir kun tartibini amalga oshirishda sa’y-harakatlarning muhimligi, mintaqada barqaror turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan turli xalqaro tadbirlar, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan turistik sektorga xalqaro moliya va investitsiyalarni keng jalb qilishga doir ko‘rilayotgan choralar qayd etilgan.
O‘zbekiston BMT bilan hamkorlikda diniy bag‘rikenglikni saqlash va mustahkamlashga, yoshlar hayotiga oid dolzarb muammolarni hal qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimish rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini ishlab chiqish hamda qabul qilish tashabbusini ham ilgari surgandi.
Prezidentimiz BMT minbaridan turib, O‘zbekiston taklif etgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi "Barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat" ekanini ta’kidladi. Hujjat "Bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan"ini qayd etdi.
BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 12 dekabrdagi yalpi majlisida "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan qisqa muddatlarda ishlab chiqilgan ushbu hujjat BMTga a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Shimoliy va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit’alarning 50 dan ortiq mamlakati ushbu hujjat hammuallifiga aylandi.
Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilgan izchil o‘zgarishlarga muvofiq, O‘zbekiston inson huquqlari sohasida yetakchi tashkilot – BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (IHK)ga 2021-2023 yillar uchun o‘z nomzodini ilgari surdi. O‘zbekistonning BMT IHKga saylanishi nafaqat ko‘p millatli xalqimizning fuqarolik jamiyati institutlari tarkibiga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini aks ettiradi, balki nufuzli xalqaro inson huquqlari tuzilmasi doirasida o‘z maqsadlarini amalga oshirishga yordam beradi.
O‘zbekiston BMT bilan rivojlanib borayotgan hamkorlik negizida Bosh kotib A.Guterish boshlagan islohotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda esa ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida yurtimizning xalqaro maydondagi obro‘sini mustahkamlash uchun ushbu xalqaro tashkilot platformasidan yanada faolroq foydalanishga e’tibor qaratadi.
Bunda BMTga a’zo davlatlar ishtirokida Orolbo‘yi mintaqasida Trast fondi faoliyatini yanada rivojlantirish, ekologik va iqtisodiy sohada qo‘shma loyihalarni milliy manfaatlar nuqtai nazaridan ishlab chiqish va amalga oshirishga alohida e’tibor beriladi. Joriy yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun qabul qilinadigan yangi hadli bitim doirasida madaniy va tarixiy voqealarni aks ettiruvchi turli tadbirlarni tashkil etish mamlakatimiz salohiyatini aks ettiradi.
Hozirgi kunda BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va tashkilot Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini "Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi" deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorini ishlab chiqish hamda uni qabul qilish, shuningdek, BMT turli organlari, shu qatorda, 2021-2023 yillarda Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolariga O‘zbekiston nomzodini ilgari surish ishlari izchil olib borilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytganda, uzoq muddatli tinchlikning faol tarafdori va hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tashabbuskori sifatida O‘zbekiston bundan buyon ham BMT va unga a’zo davlatlar bilan hamkorlikka katta e’tibor qaratadi. Bunda BMT rahbariyatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirish mumkin. Zero, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar BMT global maqsadlari, shu jumladan, sayyoramizda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga qaratilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi.
Ta’kidlash joizki, davlat rahbari 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ham qator muhim taklif va fikr-mulohazalarini bayon etgan edi.
BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan va amalga oshirilgan tashabbuslar:
• “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi tashkil etildi (2018 yil 27 mart);
• Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvlari o‘tkazildi. BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilindi (2018 yil 22 iyun);
• Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasiga asos solindi (2018 yil 27 noyabr);
• BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” haqidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi (2018 yil 12 dekabr);
• Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya loyihasi ishlab chiqildi. U inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Samarqand veb-forumida muhokama qilindi (2020 yil 12-13 avgust).
Davlatimiz rahbarining, ayniqsa, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va Bosh Assambleyaning "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolutsiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbuslariga xorijiy internet nashrlarida alohida e’tibor qaratilgan.
BMT rasmiy saytida yozilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqida BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif qildi, terrorizm muammosiga katta e’tibor qaratib, uning tub sabablariga barham berishga chaqirdi.
«Bu borada ko‘p hollarda tahdidlarni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablar bilan emas, balki ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilangina cheklanib qolinmoqda. Xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat va murosasizlik tashkil etadi, deb hisoblayman. Shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir», deb alohida qayd etdi O‘zbekiston Prezidenti.
Ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotganini ta’kidlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev «globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish"ni taklif etdi.
«Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi "virusi" tarqalishining oldini olishdir", dedi Shavkat Mirziyoyev", deb yozadi BMT sayti.
TASS axborot agentligi (tass.ru) yozishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasiga yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ishlab chiqish hamda ma’rifat va diniy bag‘rikenglik to‘g‘risidagi rezolutsiyani qabul qilishni taklif etdi. Shuningdek, O‘zbekiston rahbari jahon jamoatchiligiga "islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini" yetkazishga chaqirdi.
«Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz", dedi O‘zbekiston rahbari hamda islom dini "ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga" da’vat etishini qayd etdi".
O‘zbekiston Prezidenti BMTga a’zo davlatlarga "BMT Bosh Assambleyasining "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolutsiyasini qabul qilish taklifi" bilan murojaat qildi. «Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat. Ushbu rezolutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan", deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev", deyiladi TASS xabarida.
Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orol dengizi qurishi muammosi, qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ham xorij ommaviy axborot vositalarining alohida e’tiborini tortdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |