1.2.Shoirning ma’naviy san’atlardan foydalanish mahorati.
Ming yillik tarixga ega bo’lgan adabiyotimizda badiiyat masalasi hamisha she’r ahlining diqqat markazida bo’lib kelgan. U yoki bu san’atkor salohiyati haqida so’z borganda, uning nimalarni tasvirlagani emas, asosan, qanday tasvirlaganiga e’tibot qaratilgan. Jumladan, adabiy asarlarida she’riy san’atlardan foydalanish mahorati hamma davrlarda badiiy san’atkorlikning asosiy qirralaridan biri sifatida baholangan. She’riy san’atlar badiiy asarda ifodalangan g’oyalarning hayotiyroq, ta’sirchanroq ifodalanishiga, lirik va epik timsollarning yorqinroq gavdalantirilishiga, misralar, baytlar, bandlarning lafziy nazokati, musiqiyligi, jozibadorligini ta’minlashga xizmat qilgan. U yoki bu shoir ijodiga, u yoki bu asarga baho berilar ekan, ijodkor ifodalayotgan g’oya o’z aksini topgan ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-axloqiy, ma’rifiy-tarbiyaviy muammolar mohiyati va ko’lami, badiiy timsollar jilosi bilan bir vaqtda qo’llangan she’riy san’atlarning rang-barangligi, mantiqiy asoslanishi, asar mazmunini ochishdagi o’rni va ahamiyati kabi masalalarga ham alohida e’tibot ilingan. Adabiyotimiz tarixi yana shundan dalolat beradiki, she’riy san’atlar shoir badiiy iqtidorini namoyish qilish emas, balki ijodkor badiiy tafakkuri dahosining ko’lami, yuksak ijtimoiy-axloqiy g’oyalarni jilolantirish san’atkotligi ifodasi bo’lib kelgan.
Navoiy o'zbek mumtoz adabiyotining barcha taraqqiyot bosqichlarida ustoz shoir va xalqning benihoya katta hurmatiga va muhabbatiga sazovor bo'lgan so'z san`atkori hisoblanadi. Keyingi asrlarda qalam tebratgan ahli shuaro uchun Navoiy ijodi eng katta MAHORAT MAKTABI bo'ldi. Ko'plab shoirlar undan ilhom olib, uning ishini davom ettirdilar, rivojlantirdilar. Jumladan shoir Munis bir o'rinda:
So'z ichra Navoiyki jahongir turur,
Munisga maoniy yo'lida pir turur, –
deb, uni o'ziga ustoz sifatida tan oladi. O'zbek mumtoz adabiyotida Navoiydan keyin turadigan Ogahiy esa:
Ogahiy, kim topg'ay erdi sozi nazmingdin navo,
Bahra gar yo'qtur Navoiyning navosidin sango,–
deydi. Baytlardan ham ko'rinib turibdiki, Navoiy barcha ijodkorlar uchun eng ulug' siymo, “ustozi avval” hisoblanadi. Navoiy lirik merosining asosini g'azallar tashkil etadi. Yuqorida tilga olganimiz “Xazoyin ul-maoniy”da yigirma ming baytdan ortiq g'azal bor. Navoiy g'azallarining g'oyaviy badiiy jihati haqida gapirishdan oldin g'azalga xos bir-ikki xususiyat haqida aytib o'tish lozimday, nazarimizda. G'azal asli arabcha so'z bo'lib, “ayollarga yoqimli munosabat ko'rsatish, muhabbat izhor etish”ga kabi ma`nolarni anglatadi. Tuzilishi jihatdan ikki misra – baytdan tashkil topadi. G'azalning ma`nosini inobatga olsak, yaratilgan g'azallarning ilk ko'rinishlari ishq-muhabbatga bag'ishlangan. A. Hayitmetov ta`kidlaganidek, “Garchi Sharq poeziyasida biz satirik, falsafiy, avtobiografik g'azallarni, tabiat, may haqidagi g'azallarni uchratsak ham, lekin g'azallarning asosiy spesifik mavzusi ishqdir” . Vaqtlar o'tishi bilan har bir ijodkor o'z mahorati darajasida uning (ya`ni g'azalning) mavzu doirasini kengaytirgan. Bu, albatta, hamma ijodkorga ham nasib qilavermagan. Navoiy kabi daholarning novatorligi hisobiga turkiy tilda yaratilgan g'azallar rang-baranglashdi.
Atoqli olim Natan Mallaev shunday deydi: “Navoiy haroratli ishqiy g'azallar bilan birga ijtimoiy-siyosiy temalarda ham g'azallar bitdi, shayx-zohidlarni, voizlarni fosh qiluvchi hajviy g'azallar yaratdi, oshiq, raqib va rind obrazlari bilan chegaralanib qolmadi, obrazlar turkumiga mutafakkir va murabbiy obrazlarini kiritdi hamda shohlarni, shayx-zohid va voizlarni kiritdi” . Haqiqatan, Navoiy o'zbek g'azaliyotini eng yuqori bosqichga olib chiqdi. Navoiyning badiiy mahorati, ayniqsa, g'azallarida namoyon bo'ladi. Navoiy g'azallari faqat son jihatdan emas, balki g'oyaviy-badiiy salmog'i jihatidan ham o'rta asr g'azalchiligining yuksak namunalaridan bo'lib qoldi. Navoiyning g'azaliyoti bilan birga o'zbek lirikasiga birinchi marta ishqiy tematikadan tashqari, falsafiy didaktik va ijtimoiy muammolar ham muhim mavqeni egalladi. Lirik qahramon esa faqat oshiq sifatida emas, balki falsafiy, ijtimoiy qiyofaga ega bo'lgan mukammal obraz sifatida namoyon bo'ladi. Navoiyshunoslar tomonidan shoirning lirikasi, xususan, g'azaliyoti turlicha tavsiflanadi. Kimdir g'oyaviy jihatdan, kimdir badiiy (asosan tasvir uslubiga qarab) turlarga bo'lib tadqiq qilgan. Bularning barchasi qaysidir ma`noda shartli, albatta. Masalan, butun boshli bir g'azalda ishq motivi yolg'iz o'zi emas, balki falsafiy mushohadalar bilan, tasavvufiy ma`no-mazmun bilan qorishiq holda keladi. Navoiy g'azaliyotida juda ko'p masalalar tilga olingan. Ishq-muhabbat, jamiyat muammolari, insonlararo munosabatlar hamda diniy-tasavvufiy kabi masalalar shoir lirikasida bo'rtib turadi. Navoiy lirikasi hayot va inson haqidagi lirikadir. Shoir umuman mavzu va g'oyaviy maqsadning qo'yilishi jihatidangina emas, balki barcha obrazlar, lavhalar, tasvir vositalari va boshqalar bilan ham lirik hayotga, insonning qalbi va hissiyotiga yanada yaqinlashtiradi. Navoiy oshiq sharhi holini ifodalashda to'g'ri kelgan badiiy tasvir vositasilari va san`atlarni ishlatavermaydi. Shoir oshiqning holatidan kelib chiqib she`riy san`atlarni qo'llaydi. Uning lirik she`rlari, daho san`atkorning tilga, so'zga bo'lgan ijodiy munosabati yuksak ehtirom va talabchanlikning haqiqiy namunasi bo'la oladi. Navoiy poetik san`atlar uchun “material” tanlar ekan, eng xarakterli voqea va hodisalarni, birinchi navbatda, tasvir ob`ektining mohiyatini to'la va yorqin ifodalashga imkon beradigan realistik detallarni olishga intilgan. Bundan tashqari, badiiy san`atlar ham o'zining “vosita”lik fonidan ajralib, g'azalning mohiyatini ochib beruvchi poetik motiv sifatida namoyon bo'ladi. Navoiy uchun hech qachon she`riy san`atlar shunchaki bir san`atkorlikni namoyish qiluvchi vositalar bo'lgan emas. U haqiqiy novator, ijodkor sifatida, o'zining san`atkorlik mahoratini, muhim ijtimoiy-siyosiy fikrlari, olijanob g'oyalarini yuksak badiiy saviyada ifoda qilish uchun dadillik bilan ishga solgan. Mavjud san`atlarni yanada rivojlantirdi, elementar holdagi usullarni to'liq shakllantirib, mukammal bir shaklga keltirdi. Mashhur olim Y. Ishoqov Navoiyning poetik mahorati borasida so'z yuritar ekan, uning badiiy san`atlarni qo'llash mahorati haqida shunday deydi: “O'zbek lirikasida bo'lmagan she`riy san`atlarni (arab va forsiy adabiyotlarda bo'lgan) ham muvaffaqqiyat bilan qo'lladi va ularni turkiy she`riyatning qonuniy usullariga aylantirdi” . Navoiy ana shunday ijodiy jasorati tufayli bir qator san`atlarning (forsiy adabiyotda mavjud bo'lgan) yangi, mukammal modelini yaratdi. Navoiy oshiqning holatiga qarab she`riy san`atni tanlaydi. Shularga mos so'z va ifodalarni topib, g'azalning gradatsion pafosini yaratadi. Masalan, “G'aroyib us-sig'ar” devonida 58-raqam bilan belgilangan g'azalda tashbihni shoir mahorat bilan qo'llaydi:
Ko'z yoshim bo'ldi ravon bir nargisi jodu ko'rub,
Tifl yanglig'kim, yugurgay har taraf ohu ko'rub .
Tashbihning bir she`r doirasida qo'llanishi masalasida Navoiyning novatorligi yana ham diqqatga sazovor. U butun boshli g'azallarda tasvirni tashbih asosiga quradi.
Tashbihning bir she`r doirasida qo'llanishi masalasida Navoiyning novatorligi yana ham diqqatga sazovor. U butun boshli g'azallarda tasvirni tashbih asosiga quradi. Y. Ishoqovning ta`kidlashicha, bu xususiyat (ya`ni g'azallarning bir she`riy san`at asosiga qurilishi) shoir ijodining ilk davrida shakllangan bo'lib, keyingi bosqichlarda ham rivoj topgan. Shoir ba`zi g'azallari baytlarining birinchi misrasida aytilgan fikr keyingi baytdagi misraga tashbih orqali faqatgina o'xshatilmasdan, birinchi fikrni keyingisiga taqqoslanadi. Shu bois Navoiy g'azallarida tashbih bilan irsoli masalga yonma-yon keladi. Ba`zi o'rinlarda bir baytning o'zida bir necha san`at qorishiq holda keladi. Bunda baytning badiiy kompozitsiyasi murakkablashadi. Bir san`atning vujudga kelishiga ikkinchi san`at asos bo'lib xizmat qiladi. Diqqat bilan qaralsa, har bir san`at uchun “xizmat qiladigan” maxsus so'zlar ishtirok etadi. Bir qator she`rlar uchun (xususan, g'azal uchun) bir nechta usulning qo'shilib ketgan holda – murakkab shaklda ishlatilishi xarakterlidir. Chunki bunda baytning lirik jozibasi ortadi. Navoiyning bir qator oshiqona g'azallari lirik qahramon kechinmalari bilan aloqador voqeaning poetik tasviridan iborat. Shoirning devonlarida yuzdan ortiq she`riy san`atlar mavjud bo'lib, ular shoir badiiy sistemasining izchil tarmoqlariga aylangan.
U yoki bu san`atning paydo bo'lishi o'z-o'zicha bo'lmay, boshqa birorta san`atning ishtiroki bilan amalga oshadi. Lekin bunday o'rinlarda baytning asosiy pafosi va shoirning maqsad-muddaosi nuqtai nazaridan asosiy san`at birinchi planda ko'rsatiladi.
Biz ham kichik kuzatuvimiz natijasi o'laroq, shoir she`riyatida ishlatilgan tasviriy vosita va san`atlarni g'azallarning tematik xarakteriga bog'liq holda tasniflashga harakat qildik (bu, albatta, ma`lum darajada shartli):
1. Qiyoslashga asoslangan san`atlar (tashbih, talmeh, tamsil, laffu nashr).
2. Ramziy-istioraviy san`atlar (istiora, majoz va ularning ba`zi ko'rinishlari, tajohuli orifona)
3. Qiyosiy-daliliy usullar (tamsil, husni ta`lil, irsoli masal).
4. Mubolag'aga asoslangan san`atlar (mubolag'aning barcha turlari, ruju).
5. Zidlash (tazod)
6. So'z shakllari bilan bog'liq san`atlar (tardi aks, takrir, iyhom, tajnis, ishtiqoq, mukarrar)
7. Harflar bilan bog'liq san`atlar (kitobot, tarix).
Biz bu tasnifni faqat oshiqona g'azallarning o'ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda tuzib chiqdik. Bundan tashqari, bir becha o'nlab badiiy san`atlar borki, ular g'azalning boshqa ko'rishlarida (orifona, rindona, diniiy-tasavvufiy mazmundagi) o'zgacha aspektda namoyon bo'ladi. Endi Navoiyning oshiqona g'azallarida she`riy san`atlarni qo'llash mahoratini baytlar misolida ko'rib chiqamiz.
Navoiy g'azaliyotida “g'uncha” tashbehi faqat yorning la`li labini qiyoslash uchun uchun ishlatmaydi. “g'uncha” tashbehi orqali oshiq ko'nglining siyrati – ahvol ruhiyasi ochib berilgan shoh baytlar anchagina:
Sendin ayru xo'blardin ochilur ko'nglum, vale, G'uncha yanglig'kim, ocharlar kuch bila atfol ani.
Baytning joziba siri nafaqat muqoyasaning hayotiyligida – bolalik dunyosiga xos g'aroyib hodisaning nozik she`riy did bilan misraga – so'zlar lavhasiga ko'chirilganida, ayni choqda, an`anaviy hijron dardi – oshiq hasratining o'zgacha va rangin ohangda: taskin, ovunch, kinoya, o'tinch, yolborish yo'g'irmasi tarzida ifoda etilishida hamdir. Shu tarzda bir baytda shoir ikki badiiy san`at (bu Navoiyning boshqa g'azallariga ham xos xususiyat) – “ochmoq” fe`lining ma`no qirralaridan tajnis hosil bo'lsa, yaxshilar bilan bolalar (“xo'blar” va “atfol”) nisbatidan tanosib yaratilgan.
Yuragim itlaring andoq yedilar tishlashibon
Kim, yana yo'qtur alar ollig'a bormoqqa yurak
Do'stlaringiz bilan baham: |