Tuzilishi. Taloq toq a’zosi, shakli cho’ziq, qonga to’lib turishi tufayli to’q qizil rangli bo’ladi. U sirtdan seroz parda va zich fibroz kapsula bilan o’ralgan. Kapsuladan a’zo ichiga yo’g’on to’siqlar trabekulalar o’sib kiradi. Sekin-asta ingichkalashib boruvchi bu trabekulalar taloqni unchalik yaxshi ifodalanmagan bo’lakchalarga bo’ladi. Kapsula va trabekulalar ko’p miqdorda kollagen va elastik tolalar tutuvchi zich biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan. Kapsulada ayrim silliq mushak hujayralari bo’ladi. Taloqda qon tomirlar kiradigan joyda kapsula qalinlashib va ichkariga buralib, bu a’zoning darvozasini hosil qiladi.
Taloq trabekulalari orasida parenxima joylashib, unda oq va qizil pulpa farq qilinadi Taloqning oq va qizil pulpalari asosini retikulin tolalardan iborat retikulyar to’qima tashkil qiladi. A’zoning taxminan 1/5 qismini tashkil etuvchi oq pulpa (pulpa lienis alba) limfatik follikullar (Malpigi tanachalari)dan iborat. Organ kesib ko’rilganda oq pulpa tarqoq joylashgan, och kulrang, yumaloq tanachalar shaklida ko’rinadi. Ularning morfologik tuzilishi limfa tugunlarining po’stloq moddasidagi follikullarga o’xshash, ya’ni ular limfotsitlarning to’plamlaridan iborat follikullar bo’lib, ba’zilarining markaziy qismlari och bo’yalib, ko’payish markazi nomi bilan yoritiladi. Bu yerda yirik limfotsitlar va limfoblastlar joylashib, ularning ko’pchiligi mitoz bo’linishning turli bosqichida bo’ladi. Limfatik follikulning chekka qismida arteriya (arteria lymphonoduli) joylashadi va bu bilan limfa tuguning follikulidan farq qiladi. Oq pulpaning shu ekstsentrik joylashgan, lekin markaziy arteriya deb ataluvchi tomirining atrofi (periarterial zona) taloq limfatik follikulining timusga tobe qismi hisoblanadi va u yerda ko’pgina T-limfotsitlar joylashadi. Bu yerda makrofaglar va T-zonalar uchun xos bo’lgan interdigitirlovchi hujayralar ham bo’ladi.
Taloq limfatik follikulida arteriya atrofidagi T-zonadan tashqari, aytib o’tilgan ko’payish markazi, yopqich zona hamda qirg’oq zonalar ajratiladi. Ko’payish markazi va yopqich (mantiy) zona asosan B-limfotsitlardan, B-limfoblastlardan, plazmotsitlardan, makrofaglardan iborat. Bu zonalar B-zonalar bo’lib, bu yerda B-limfotsitlar uchun mikromuhit hosil qiluvchi follikulyar dendritli hujayralar joylashadi. Qirg’oq zona qizil pulpa bilan chegaradosh bo’lib, unda T- va B-limfotsitlar va yakka makrofaglar uchraydi. Qirg’oq zonani qirg’oq sinusoidal tomirlari o’rab turadi.
Qizil pulpa (pulpa lienis rubra) taloqning asosiy qismini tashkil etib, retikulyar to’qima va unda joylashgan qon hujayralaridan iborat. Qizil pulpa sinusoid tipdagi qon tomirlarga juda boydir. Qizil pulpaning sinusoidlar orasida joylashgan qismi pulpar yoki taloq tasmalari (chordae lienalis) deb ataladi. Bu tasmalarda B-limfotsitlar va ulardan hosil bo’lgan plazmotsitlar uchraydi.
Qizil pulpaning retikulyar stromasida monotsitlardan hosil bo’lgan fagotsitoz qiluvchi hujayralar – makrofaglar (taloqda ular «splenotsitlar» deb yuritiladi) va eritrotsitlar juda ko’p bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |