Inshootlar ko'radigan talofatlar quyidagicha tavsiflanadi:
1-darajali talofat. Bunda yengil shikastlanish yuz beradi.
2- darajali talofat. Og'ir bo'lmagan shikastlanish sodir bo'ladi, devorlarda katta bo'lmagan yoriqlar paydo bo'ladi.
3- darajali talofat. Inshootlarning og'ir shikastlanishi yuz beradi, devorlarda katta va chuqur yoriqlar paydo bo'ladi.
4- darajali talofat. Imorat va inshootlar ichki devorlarining to'liq buzilishi yuz beradi.
5- darajali talofat. Imorat va inshootlarning to'liq buzilishi sodir bo'ladi.
Imorat va inshootlar konstruksiyasi va qurilish materiallariga qarab quyidagicha tavsiflanadi:
A guruh – xom g'isht, paxsa devorli imoratlar;
B guruh – pishiq g'ishtdan qurilgan inshootlar;
V guruh – temirbeton, sinchli va yog'ochdan qurilgan inshootlar.
Yuqorida aytilganlarni hisobga olgan holda davlat standarti(GOST) tomonidan imoratlar guruhining har bir balda ko'radigan talofat darajalari qonunlashtirib qo'yilgan. Jumladan:
6 ball – yer silkinish jarayonida A guruhga mansub inshootlar 2-darajali talofat, B guruhi inshootlari 1-darajali talofat ko'radi.
7 ball – A guruhidagi inshootlar 3-darajali talofat ko'radi.
8 ball – A guruhidagi inshootlar 5-darajali, B guruhidagi inshootlar 3, 4-darajali, V guruhidagi inshootlar 2-darajali talofat ko'radi.
9 ball – B guruhidagi inshootlar 4-darajali, shuningdek, V guruhidagi inshootlar ham 4-darajali talofat ko'radi.
10 ball – B guruhidagi inshootlar 5-darajali, V guruhidagi inshootlar 4-darajali talofat ko'radi.
11 ball – B guruhidagi inshootlar to'liq qulaydi. Tog' jinslarining tik va gorizontal yo'nalishdagi harakati kuzatiladi.
12 ball – amalda yer yuzasida tik inshoot qolmaydi.
Aytib o'tilgan fikrlar u yoki bu ballarda yer silkinishi sodir bo'ladigan hududlarda ko'riladigan talofat darajasi hisobga olingan holda, faqat ma'lum guruhdagi inshoot va imoratlar qurilishi lozim degan so'zdir.
Yer silkinishi keltiradigan talofat inshootning turiga, konstruksiyasiga bog'liq bo'lishi bilan bir qatorda, qurilish maydonlarining muhandis-geologik sharoitiga, ya'ni tog' jinslari turlarining mustahkamlik darajasiga, xossa va xususiyatlariga bog'liq. Masalan, 1966 yili Toshkent shahrida bo'lgan silkinish natijasida shaharning yer osti suvlari sathi yer yuzasiga yaqin bo'lgan pastqam joylarga joylashgan imoratlar kuchli talofat ko'rdi. Shundan keyin 1966 yili shahar hududida qayta muhandis-geologik xaritalash ishlari o'tkazilib, shahar markazi tuproq sharoiti nuqtai nazaridan 9 ballik mintaqaga o'tkazildi. Bu degan so'z, 9 ballik mintaqada quriladigan inshootlar konstruksiyasiga va usuliga ma'lum talablar qo'yish va ularni bajarishni talab qiladi.
Seysmoaktiv hududlarda qurilish ishlarini olib borishda davlat tomonidan tasdiqlangan qonun-qoidalarga, talablarga rioya qilinmog'i zarur. Ya'ni shahar qurilishida imoratlarning balandligiga va shakliga katta talablar qo'yiladi, ular quyidagilardan iborat:
A) shahar hududida katta-katta ochiq maydonlarning bo'lishi, ya'ni yer silkinishi sodir bo'lgan taqdirda va undan keyin odamlarning yashashi uchun yengil qurilmalar qurish uchun xavfsiz joy zarur;
B) suv havzalarining bo'lishi, ya'ni zilzila vaqtida chiqish mumkin bo'lgan yong'inlarni o'chirish maqsadida foydalanish uchun suv zahirasiga ega bo'lish;
V) inshootlar orasidagi masofa, inshoot balandligidan 1,5 barobar katta bo'lishi, chunki imorat talofat ko'rganda bir-biriga ta'sir qilmasligi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |