Jinoyat kodeksining 112-moddasi, 1-qismida nazarda tutilgan qo‘rqitishning ikkinchi turi – zo‘rlik
ishlatish bilan qo‘rqitishdir. Zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish deganda, aybdorda jabrlanuvchining sog‘lig‘iga
shikast yetkazish niyati borligi tushunilmog‘i lozim. Jinoyat kodeksining 112-moddasi matnida qanday
zo‘rlik ishlatish haqida hech nima aytilmagan. Shu sababdan, Jinoyat kodeksining 112-moddasida har qanday
zo‘rlik ishlatish
uchun javobgarlik belgilangan, deb o‘ylash lozim.
Qo‘rqitish jismoniy yoki ruhiy zo‘rlik ishlatishdan iborat bo‘lishi mumkin. Jismoniy zo‘rlik ishlatish
odam organizmiga uning ra’yiga xilof ravishda tashqi omillari bilan g‘ayriqonuniy ta’sir ko‘rsatishdir.
Jismoniy zo‘rlik jumlasiga badanga har qanday darajadagi – og‘ir, o‘rtacha og‘ir yoki yengil shikast
yetkazish kiradi. Ammo, umuman olganda, zo‘rlik bilan qo‘rqitish jismoniy daxlsizlikka nisbatan bo‘ladigan
har qanday zo‘ravonlik tajovuzini sodir etish haqida bildirilgan niyatni ham qamrab oladi, chunonchi do‘p-
poslash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash qo‘rqitish bilan qamrab olinadi (Jinoyat kodeksining 110-
moddasi).
Qo‘rqitish mustaqil jinoyat sifatida bir qator shartlarga javob berishi kerak: birinchidan, u haqiqatan
mavjud bo‘lishi kerak, ya’ni umuman olganda, yaqin vaqtda amalga oshirilishi mumkin bo‘lishi lozim.
Amalga oshirilishi mumkin bo‘lmagan yoki ro‘yobga chiqarilishi faraz qilingan holatlar yuz berishi mumkin
bo‘lgan qo‘rqitishni haqiqiy, deb topish mumkin emas. Masalan, odamni uning borish niyatida bo‘lmagan u
yoki bu shaharda, qishloqda paydo bo‘lsa, o‘ldirish bilan qo‘rqitish. Shuningdek, hali umuman turmushga
chiqish niyatida bo‘lmagan ayolni bo‘lg‘usi erini o‘ldirish bilan qo‘rqitish ham real emas.
Qo‘rqitish tayin bo‘lishi, ya’ni jabrlanuvchiga muayyan zarar yetkazish niyatini o‘z ichiga olgan bo‘lishi
kerak. «Ovozingni o‘chir, aks holda, yomon bo‘ladi», «afsuslanasan», «ko‘radiganingni ko‘rasan» singari
noaniq tusdagi qo‘rqitishlar javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin emas, chunki ular aniq bir zarar
yetkazish niyatini o‘z ichiga olmaydi. Albatta, bu aybdor jabrlanuvchiga qanday zarar yetkazmoqchi
bo‘lganini, ya’ni ko‘zni o‘yib olish, yuzini jarohatlash, bichib qo‘yish kabi shikast yetkazmoqchiligini
mutlaqo aniq aytishi kerakligini bildirmaydi. Odatda, qo‘rqitish unchalik aniq bo‘lmagan ma’lumotlarni o‘z
ichiga olmaydi. Ammo nima bo‘lganda ham, agar so‘z o‘ldirish bilan qo‘rqitish haqida borayotgan bo‘lsa,
odamni o‘ldirishga bo‘lgan muayyan niyati muayyan so‘zlarda ifodalangan bo‘lishi kerak.
Jinoiy jazoga loyiq qo‘rqitish aniq bir shaxsga qaratilgan bo‘lishi lozim. «Hammangni so‘yaman»,
«hammangni o‘ldiraman» kabi umumiy tusdagi, biron-bir kishiga aniq qaratilmagan qo‘rqitishlar shaxsni
Jinoyat kodeksining 112-moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun asos bo‘la olmaydi.
Qo‘rqitishning zaruriy belgisi uning haqiqiyligidir. Jinoyat kodeksining 112-moddasida qo‘rqitishning
haqiqiyligi uning amalga oshirilishidan xavfsirash uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lishi bilan asoslanadi.
Jabrlanuvchiga amalga oshirilishidan xavfsirash uchun asos bo‘ladigan qo‘rqitish haqiqiy, deb topilmog‘i
lozim. Jabrlanuvchida qo‘rqitishning amalga oshirilishidan xavfsirash uchun asoslar mavjud yoki mavjud
emas, degan masalani hal qilishda aybdor aytgan so‘zlarning mazmunini, qo‘rqitishga sabab bo‘lgan
mojaroning jiddiyligini, keskinligini, qo‘rqituvchi va qo‘rqitiluvchi o‘rtasida vujudga kelgan munosabatlar
xususiyatini hisobga olish kerak. Qo‘rqitishning jabrlanuvchi tomonidan idrok etilishiga vaziyat ham ta’sir
ko‘rsatadi. Masalan, hech kimdan yordam olish mumkin bo‘lmagan xilvat joyda, subyektning harakatlari
natijasida atrofdagilarning ochiq-oydin uni qo‘llab-quvvatlashi va boshqa shu singari holatlarda bo‘lishi
mumkin.
Qo‘rqitish, ya’ni tahdid qilish usullari har xil bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha u kimga qaratilgan bo‘lsa,
bevosita o‘shanga og‘zaki aytiladi. Lekin u yozma ravishda (xat orqali), telefon, telegraf orqali, qurolni yoki
uning o‘rnini bosuvchi narsani ko‘rsatish yo‘li bilan, ramziy belgilar orqali, biron-bir narsani unga o‘qtalib,
badaniga pichoq tirab bildirilishi ham mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 1996-yil 19-iyuldagi «Jinoyat uchun jazo tayinlash
amaliyoti to‘g‘risida»gi 16-qarorida: «Sodir etilgan jinoyatning jamiyat uchun xavfliligini baholashda
muayyan jinoiy xatti-harakatni sodir etishdagi barcha holatlar (ayb shakli, jinoyatni sodir etish usuli, sababi,
vaziyati va bosqichi, kelib chiqqan oqibatning og‘irligi, jinoyat ishtirokchilaridan har birining ishtiroki
darajasi va xususiyati va h.k.) majmuyiga asoslanmoq kerak. Sudlanuvchining shaxsi to‘g‘risidagi
ma’lumotlar, ular jazoning turi va miqdorini belgilashda muhim ahamiyatga
egaligi tufayli,
har tomonlama va
to‘la tekshirilmog‘i lozim»
1
, deb tushuntirish berilgan.