Badanga og‘ir shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar. Jinoyat kodeksining
104-moddasi, 2-qismida quyidagi og‘irlashtiruvchi holatlar:
1) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;
2) o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning qarindoshlariga
nisbatan;
3) o‘ta shafqatsizlik bilan;
4) ommaviy tartibsizliklar jarayonida;
5) tamagirlik niyatida;
6) millatlararo yoki irqiy adovat zamirida;
7) diniy taassublar zamirida;
8) kishi a’zolarini kesib olib, boshqa kishiga ko‘chirish (transplantat) maqsadida;
9) bir guruh shaxslar tomonidan qasddan sodir etilgan badanga og‘ir shikast yetkazganlik uchun
javobgarlik belgilangan.
Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 3-qismida:
1) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
2) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu kodeksning 97-moddasida nazarda tutilgan tarzda qasddan
odam o‘ldirgan shaxs tomonidan;
3) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
4) uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoki shu guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan;
5) jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik
nazarda tutilgan.
Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 2 va 3-qismlarida ko‘rsatilgan javobgarlikni og‘irlashtiruvchi barcha
holatlarni hayotga qarshi jinoyatlarni tahlil qilinganida ko‘rib chiqilgan edi. Shu bois ulardan faqat bittasini –
jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishni tahlil qilamiz.
Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, avvalo, jabrlanuvchiga
og‘ir tan jarohati yetkazishni ko‘zda tutadi, ya’ni qilmishni bunday, deb topish uchun Jinoyat kodeksining
104-moddasida ko‘rsatilgan alomatlardan kamida bittasi mavjud bo‘lishi kerak. Jabrlanuvchining o‘limiga
sabab bo‘lgan zarbalar berilgan, u do‘pposlangan, badaniga yengil shikastlar yetkazilgan hollarda,
aybdorning qilmishi Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlikdan odam o‘ldirish) bilan kvalifikatsiya
qilinishi lozim.
Agarda, jabrlanuvchining badaniga u yoki bu holatlar oqibatida uning o‘limiga sabab bo‘ladigan o‘rtacha
og‘ir shikastlar yetkazilgan bo‘lsa, aybdor Jinoyat kodeksining 105-moddasi va 102-moddasiga ko‘ra,
jinoyatlarning jami bo‘yicha javobgar bo‘ladi
Ko‘rib chiqilayotgan jinoyat va qasddan odam o‘ldirishni farqlash ancha qiyin, chunki bu jinoyatlarning
obyektiv tomoni o‘xshashdir. Har ikki holatda ham jabrlanuvchining badaniga og‘ir shikast yetkaziladi va bir
xil oqibat – jabrlanuvchining o‘limi yuz beradi. Bu jinoyatlar, odatda, bir xil usulda o‘xshash qurollar
qo‘llanilgan holda sodir etiladi. Ko‘pincha bu ikki jinoyat subyektiv tomonining motivi (rashk, bezorilik
tuyg‘usi, o‘ch olish va h.k.) ham mos keladi.
Qasddan odam o‘ldirishda bo‘lgani singari aybdorning qilmishini Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 3-
qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun badanga yetkazilgan og‘ir shikast va yuz bergan o‘lim o‘rtasida
sababiy bog‘lanish mavjudligini aniqlash zarurdir.
Mazkur jinoyatlarni farqlash uchun jabrlanuvchining o‘limi yuz bergan vaqt emas, balki aybdorning yuz
bergan oqibatlarga ruhiy munosabati hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 3-qismida javobgarlik belgilangan jinoyatning subyektiv tomoni o‘ziga
xosligi bilan ajralib turadi va badanga yetkazilgan shikast va yuz bergan o‘limga nisbatan aybni alohida-
alohida aniqlashni talab qiladi, ya’ni bu yerda aybning murakkab shakli mavjud bo‘ladi.
Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyat murakkab, tarkiblidir. Bu yerda
ikkita jinoyat – qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish va ehtiyotsizlikdan odam o‘ldirish bitta tarkibga
birlashtirilgan. Shu munosabat bilan, basharti, aybdor shaxsning badanga og‘ir shikast yetkazishi to‘g‘ri yoki
egri qasd bilan sodir etilgan va ehtiyotsizlikdan o‘lim ro‘y bergan bo‘lsa, bunda uning qilmishi
jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan badanga og‘ir shikast yetkazish sifatida Jinoyat kodeksining 104-
moddasi, 3-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Demak, badanga jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir shikast yetkazish va qasddan odam
o‘ldirish tarkiblarini faqat aybdor qasdining mazmuni va yo‘nalishiga qarab farqlash mumkin. Agar
aybdorning qasdi jabrlanuvchini o‘ldirishga qaratilgan yoki bunday oqibatlarning ro‘y berishi uning qasdi
doirasiga kirgan bo‘lsa, uning qilmishi Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirganlik uchun jinoiy
javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan kvalifikatsiya qilinmog‘i lozim.
Aybdor qasdining mazmuni haqidagi masalani hal qilishda, sudyalar sodir etilgan jinoyatning barcha
holatlaridan kelib chiqishlari va, xususan, jinoyatni sodir etish usullari va qurollarini, jarohatlar miqdori,
xususiyati va joylashuvini, insonning hayoti uchun muhim bo‘lgan a’zolariga yetkazilgan boshqa shikastlarni,
jinoiy qilmishlarning to‘xtatilishi sabablarini va boshqa shu singarilarni, shuningdek, aybdor va
jabrlanuvchining bundan oldingi xulq-atvorini, ularning jinoyat sodir etilishiga qadar bo‘lgan o‘zaro
munosabatlarini inobatga olishlari kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |