7-ma’ruza
Mavzu: Komporativistika. . B.Gumboldt nazariyasi.
Rеja
1.Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning yaratilishi.
2. F. Bopp – qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning asoschilaridan biri.
3. B.Gumboldtning tillarni klassifikatsiya qilishdagi xizmatlari.
4. Hind-Yevropa tilshunosligi va uning yo’nalishlari.
Tilshunoslik chinakam fan sifatida faqat XIX asrning boshlarida shakllandi. Bunga uch xil tarixiy sharoit sabab bo’ldi.
Birinchidan, fanga tarixiy yondoshish paydo bo’ldi. Tarixiy taraqqiyot g’oyasi tilshunoslikka falsafa, sotsiologiya, huquqshunoslik fanlaridan kirib keldi. Til faktlari tarixiylik prinsipi asosida izohlana boshlandi.
Ikkinchidan, ilshunoslik faniga romantizm qarashlari ta’sir ko’rsatdi. Romantizm jonli tillarning o’tmishini o’rganishga undadi. Bu-romantizm dunyoqarashidan kelib chiqqan edi.
Romantizm XVIII asrning oxiri, XIX asrning boshlarida shakllangan edi.
Taxminan 1800-yillarda Germaniiyada romantiklarning “Iyen” gruppasi deb atalgan asosiy uyushmasi tashkil topdi. Bu gruppaning rahbari va nazariy asoschisi Fridrix Shlegel (1772-1829) edi. U “Hindlarning tili va donoligi” (1808) nomli asar yozib, tillarning grammatik srtukturasi to’g’risida o’z davri uchun e’tiborga sazovor bo’lgan fikrlarni bayon qildi.
Fr. Shlegel o’z asarida sanskrit tilini grek, lotin tillariga chog’ishtirib, ular orasida qarindoshlik borligini ko’rsatadi. U sanskritni turkiy tillarga ham chog’ishtiradi va natijada tillarni flektiv va affiks oluvchi tiplarga ajratadi. Shu bilan keyinchalik tilshunoslikda katta o’rin egallagan tillarning tipologik (yoki morfologik) klassifikatsiyasiga asos soladi.
Uchinchidan, sanskrit tili bilan tanishish qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning yaratilishiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Sanskrit haqidagi dastlabki ma’lumotlar Yevropaga Hindistondan XVI asrlardan boshlab kela boshladi. Masalan, XVI asrda italyan sayyohi Filippo Sossetti hind tili bilan tanishgach, uning italyan va lotin tillariga yaqinligi borligini birinchi marta payqagan edi. Ammo sanskrit bilan chinakamiga XVIII asrning oxirlaridagina tanishildi.
Sanskrit tili grammatikasi bilan dastlab tanishgan iyezuet pateri Pons 1740- yilda Hindistondan yozgan xatida bu grammatikaning mukammalligiga hayron qolganini bildiradi. Ammo sanskrit tilini “klassik tillar” ga (grek va lotin tillariga) qiyoslab, ular orasida qarindoshlik borligini Vilyam Djonz (1746-1794) dadil ko’rsatganidan so’ng, sanskrit tiliga qiziqish kuchaydi.
Ayniqsa, Fr. Shlegelning yuqorida ko’rsatilgan asari nashr qilingandan so’ng hind tili va madaniyati katta e’tiborga sazovor bo’ldi. Shlegel tillarni qiyosiy o’rganish g’oyasini o’rtaga tashladi. Ammo hali konkret qiyosiy tadqiqot yaratilmagan edi. Bu vazifani undan keyingi tilshunoslar amalga oshirdi.
Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikka asos soluvchi asarlar XIX asrning birinchi choragida maydonga keldi. Ulardan birinchisi sifatida o’z nomini ko’rsatmagan bir rus tilshunosi tomonidan 1811- yilda yozilgan “Sanskrit tilining rus tili bilan o’xshashligi haqida” degan asarini ko’rsatish mumkin. Bu asarda avtor qadimgi hind tili faktlarini slavyan, lotin, grek va german tillari faktlariga qiyoslagan. Undan keyingi muhim ish sifatida nemis tilshunosi Frans Bopp (1791-1867) ning 1816- yilda e’lon qilingan “Sanskrit tilining tuslanish sistemasi va uni grek, lotin, fors va german tillaridagi tuslanish sistemasiga qiyoslash” nomli asarini ko’rsatish mumkin.
1833-1852- yillarda esa uning uch tomdan iborat bo’lgan “Sanskrit, zend, arman, grek, litva, eski slavyan, got va nemis tillarining qiyosiy grammatikasi” nomli asari e’lon qilindi.
F. Bopp o’zining birinchi asarida nomi aytilgan tillrda mavjud grammatik formalarni qiyosiy asosda tasvirlaydi. U qiyoslash usuli bilan tillarning “ibtidoiy holati” ni qayta tiklash mumkin, degan fikrni ilgari suradi. Ikkinchi asarida sanskrit tiliga asoslangan holda ayrim grammatik formalarning taraqqiyotini va ularning birinchi manbalarini aniqlash mumkin deb hisoblaydi. Shu asosda F.Bopp flektiv formalarning dastlabki manbalarini ochish maqsadini o’z oldiga qo’ygan bo’lsa ham, ammo buning o’rniga u qiyosiy tilshunoslikni yaratdi.
F.Bopp tillarning qarindoshligini ko’rsatish bilan, F.Shlegel ta’siri ostida o’zining tipologik klassifikatsiyasini taklif qildi. U “tillar tabiatning organik jismlari sifatida qaralishi lozim” degan nazariyani o’rtaga tashlab, tilning grmmatik qurilishini “organizm” deb ataydi.
F.Bopp yaratgan nazariyalardan yana bittasi agglyutinatsiya nazariyasidir.
U zamonlarda agglyutinatsiya deb mustaqil ma’noli o’zaklarga grammatik ma’noli o’zaklarni biriktirish usuli tushunilgan.
Bunga ko’ra, so’z o’zgartuvchilar (turlovchilar va tuslovchilar) ilgari mustaqil qo’llanib kelgan o’zaklarning keyinchalik asosiy o’zakka qo’silishidan, birikishidan (ya’ni agglyutinatsiyasidan ) kelib chiqqan. Chunonchi, fe’ldagi shaxs- son affikslari olmosh o’zaklaridan kelib chiqqan.
Ural-Oltoy tillari mutaxassisi O.Biotlingk ham o’zining yoqut tiliga bag’ishlangan bir asarida 1851- yilda F.Boppning bu nazariyasiga qo’shilib, buryat-mongol tilida olmoshdan shaxs-son qo’shimchalarining, qolmiq tilida ko’makchidan kelishik qo’shimchasining kelib chiqqanini ko’rsatadi.
F. Boppning agglyutinatsiya nazariyasi keyinchalik keskin qarshilikka uchradi, shuning uchun u keyinchalik anchagina o’zgartirildi.
F.Bopp nuqul morfologiya (ayniqsa, so’z o’zgartish) bilan shug’ullanib, fanetikani tekshirishga e’tibor bermadi. Tillarning qarindoshligi masalasida esa jiddiy xatolarga ham yo’l qo’ydi. Chunonchi, u malaya, polineziya va Janubiy Kavkaz tillarini Hind-Yevropa tillariga kiritdi.
Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning yaratilishiga katta hissa qo’shgan ikkinchi kishi daniyalik tilshunos Rasmus Rask (1787-1832) edi. U o’zining “Qadimgi shimol tili sohasidagi tadqiqot yoki island tilining kelib chiqishi” (1818) nomli asari bilan maydonga chiqdi.
Rask Bopp singari katta muammolarni hal qilishni o’z oldiga qo’ymadi. U Skandinaviya tillarining boshqa Hind-Yevropa tillari bilan qarindoshligi va Skandinaviya tillarining kelib chiqishi bilan qiziqdi. Biroq u o’zi qiyoslayotgan tillardagi dastlabki formalarni tiklash bilan shug’ullanmadi. U Boppdan farq qilgani holda, sanskrit tiliga murojaat qilmadi. Rask grammatik va leksik qiyoslashlarga ko’proq ahamiyat berdi.
Zamonining mashhur tilshunosi germaniyalik Yakob Grimm (1785-1863) ham o’zining to’rt tomli “Nemis tili grammatikasi” bilan qiyosiy-tarixiy tilshunoslikka ma’lum hissa qo’shdi.
U german tillari doirasida atroflicha mulohaza yuritib, german tillaridagi grammatik formalarni tarixiy taraqqiyot protsessi nuqtayi nazaridan tasvirlaydi. Tildagi taraqqiyotni Ya. Grimm hammadan burun nutq tovushlarining o’zgarishida ko’rdi. Tilshunoslikda birinchi marta u tovushlarning o’zgarishi ma’lum qonuiyat asosida yuz berishini isbotlashga harakat qildi.
Grimm xalq tilini o’rganishda tilning material berishini qayd qildi. Chunki u tilni xalqning madaniy-tarixiy taraqqiyoti mahsuli deb hisoblar edi. Shuning uchun tarixni o’rganishda tilni hatto arxeologiya va antropologiyaning dalillaridan yuqori qo’yadi. U o’zining “Nemis tili tarixi “ (1848) nomli asarida yozgan edi: “Xalqlar haqida suyaklar, qurollar va mozorlarga qaraganda jonliroq bo’lgan guvoh bor. Bu-ularning tilidir.Til- inson ruhining nafasidir…”
Shunday qilib, Ya. Grimm tilshunoslik metodologiyasiga tarixiylik tushunchasini kiritdi.
Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik Rossiyada Aleksandr Xristoforovich Vostokov nomi bilan boshlanadi.
A.X.Vostokov (1781-1864) dastlab adabiyotshunoslik bilan shug’ullandi. U o’spirinlik vaqtlaridayoq filologiya va arxealogiyaga qiziqdi, rus qo’shiqlari, maqollarini to’pladi, etimologik lug’at uchun materiallar yig’di. A.X.Vostokov 1815 yilda xalq kutubxonasiga ishga kirdi. Shu davrdan boshlab slavyan va rus tillarini o’rganishga kirishib ketdi. Buning natijasi sifatida rus tilining ikkita grammatikasi maydonga keldi. Mantiqcilar maktabiga mansub bo’lgan nemis tilshunosi Karl Bekkerning gapning to’rtta bo’lagi (sub’ekt, predmet, ob’ekt, atribut) haqidagi fikri asosida A.X. Vostokov rus tili grammatikasida birinchi marta gapning to’rt bo’lagi haqida ma’lumot berdi. Gap bo’laklari mantiqshunoslik pozitsiyasidan kelib chiqilib, hukmning qismlarga bo’linishiga asoslanib ajratilgan edi.
A.X. Vostokovga keyinchalik Yevropa miqyosida shuhrat keltirgan asari 1820- yilda e’lon qilingan bitta jurnal maqolasi hajmidagi “Slavyan tili haqida mulohazalar” edi. Bu asarida u slavyan filologiyasining qator masalalarini hal qildi. U slavyan va rus tillari tarixidagi taraqqiyot davrlarini (qadimgi, o’rta, yangi davrlar), qadimgi rus tilining eski slavyan, polyak va serb tillariga munosabatini aniqladi.
A.X.Vostokovning “Slavyan tili haqida mulohazalar” asari Hind-Yevropa tillarining bir guruhiga oid bo’lgan tarixiy fonetika sohasidagi birinchi ishi edi. U 1841- yilda akademik bo’ldi.
Umumiy tilshunoslik faniga asos soluvchilardan yana bittasi “Germaniyaning eng buyuk kishilaridan biri bo’lgan” (V.Tomsen) Vilgelm fon Gumboldt (1767-1835) edi. Gumboldt tilshunoslikdagi barcha idealistictik yo’nalishlarga ham nazariy asos solgan olimdir. U o’z davrida va o’zidan so’ng ijod etgan tilshunoslarga juda katta ta’sir ko’rsatdi. Masalan, F.Bopp uni hurmat bilan tilga oladi, A.Pott, G.Shteyntal, G.Kurtsius,A.Shleyxer, K.Fossler, A.A.Potebnya, hatto mustaqil tilshunos hisoblangan I.A .Boduen de Kurteneday olim ham o’zlarini Gumboldtning shogirdi degan edilar.
V.Gumboldtning dastlabki lingvistik ishi Berlin akademiyasida 1820- yilda “Tillar taraqqiyotining turli davrlarida ularni qiyosiy o’rganish haqida” degan mavzuda qilgan ma’ruzasi bilan boshlanadi. Bu ma’ruzada tilshunoslikning ilmiy-tadqiqot dasturi bayon qilinib, Gegelning fikrini quvvatlagan holda, til haqida alohida, mustaqil fanni yaratish zarurligi asoslab berilgan edi. Shu bilan birga, V. Gumboldt tilshunoslik metodi sifatida tan olingan qiyosiy metodning asosiy qoidalarini belgilab berdi. Shundan keyingi davrlarda V.Gumboldt uncha ahamiyatli bo’lmagan kichik-kichik asarlar yozdi. Umrining so’nggi yillarida uch tomli “Yava orolidagi kavi tili haqida” nomli katta asari ustida ishladi. Bu asar uning vafotidan keyin, 1836-1840 yillarda e’lon qilindi.
V.Gumboldtning ijodida ichki qarama-qarshiliklar ko’p. U, bir tomondan, idealist Kantning falsafiy qarashlariga asoslansa, ikkinchi tomondan, nozik tilshunos sifatida til faktlarini tahlil qilar ekan, tilning rivojlanish protsesi va funksiyasini ko’rsatishda idealizm doirasidan chiqib ketadi.
V.Gumboldt tillarni tipologik jihatdan sunday klassifiktsiya qilgan. U tillarni avval ikki guruhga ajratgan: 1. Grammatik munosabat uchun hech qanday fonetik ifodaga ega bo’lmagan ajratuvchi til (xitoy tili ) .2. Grammatik munosabatni flektiv forma orqali ifodalaydigan til (sanskrit tili).
Qolgan tillar, uningcha shu ikki qarama-qarshi nuqtalar orasiga joylashadi. Demak, bu tillar o’z-o’zidan uchinchi guruhni tashkil qiladi.
V.Gumboldt uchinchi guruhni yana ikkiga bo’ladi: a) biron material ko’rsatkich orqali fe’l boshqa so’zlardan ajratilmaydigan tillar: hindi-hitoy, polineziya tillari, shunigdek, manchjur va mongol tillari: b) agglyutinativ tillar. Bu tillarda fe’l turkumi qisqargan olmosh qo’shilishi bilan boshqa so’zlardan ajratiladi.
V.Gumboldt tillarni klassifikatsiya qilish paytida uch muhim belgiga: relyatsion ma’nolarni ifodalash usuliga, gap tuzish usuliga, tovush formasiga e’tibor berish lozim deb hisoblaydi. Ammo so’nggi xususiyatni u o’z asarlarida ko’rsata olmadi, chunki u davrlarda hali fonetika maxsus fan sifatida (tilshunoslikning bir bo’limi sifatida) shakllangan emas edi.
V.Gumboldt ham F.Shlegel singari flektiv tillarni agglyutinativ tillardan yuqori qo’yardi. U agglyutinatsiyani “sof organik yopishtirish emas, balki ozmi-ko’pmi darajada mexanistik qo’shma) deb ta’riflaydi va agglyutinatsiyaga tubandagicha baho beradi: “…Qo’shimcha tushunchalarni ifodalaydigan bu qo’shish usuli hamma vaqt tildagi ichki tomonning kuchsiz tashkil qilinishi yoki aniq, to’g’ri yo’ldan og’ishi natijasida kelib chiqadi”.
V.Gumboldt agglyutinativ tillarning grammatik imkoniyatlariga nisbatan shunday skeptik, tuban munosabatda bo’lgan bo’lsa, “ayrim vaqtlarda ular … ichki o’zgarish orqali haqiqiy fleksiyaga ega bo’lishlari mumkin” deyishga majbur bo’ladi. Ammo u o’zining asosiy prinsipini saqlab qolishga harakat qilib, “Shunday qilib, tilning mukammalligi o’z-o’zidan unga fleksiyaning mavjudligini taqozo qiladi” deydi.
V.Gumboldt o’zining yuqoridagi kabi fikrlari bilan Fr. Shlegelga yaqin turishi tasodifiy hol emas. Gumboldt ham qisman romantizm kayfiyatlariga berilgan edi.
V.Gumboldtning fanga qo’shgan ijobiy hissalaridan yana biri shu ediki, u til bilan nutqni farqladi. Masalan, u dunyoni tushuninsh “mahsulining yig’indisi sifatida til ayrim nutq aktidan farqlanadi”, deb yozadi.
Tilni so’z va grammatik qoidalaridan iborat deb bilgani holda, so’zni u tushuncha ifodalaydigan simvol deydi. Tushuncha, Gumboldtning fikricha, shakllanmagan holda so’zdan oldin paydo bo’ladi, so’z esa uni keyinchalik shakllantiradi va mustahkamlaydi. Ko’rinadiki, u tushuncha bilan so’zni birga olmaydi, ularni bir-biridan ajratadi. Hatto tushunchani so’zdan oldin paydo bo’ladi, deyishi bilan ong borliqdan oldin paydo bo’lgan, degan idealistik nazariyani mustahkamlamoqchi bo’ladi.
V.Gumboldt nutq tovushlarini tilning formasi deb, so’zning nutqda qo’llahgandagi qiyofasini so’zning grammatik formasi deb ta’rifladi. Uning bu fikrlari, shuningdek, “ichki forma” haqidagi ta’limoti, uning idealistictik tomoni olib tashlansa, tilshunoslikda hozir ham e’tiborga sazovordir.
Shunday qilib, F.Bopp, R. Rask, Ya.Grimm, A.X. Vostokovlar qiyosiy-tarixiy tilshunoslik va bu tilshunoslikning ilmiy tadqiqot metodi bo’lgan qiyosiy-tarixiy metodga asos solgan bo’lsalar, V. fon Gumboldt umumiy tilshunoslik fanining mustaqilligiga asos soldi.
Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik fani Hindistondan Yevropagacha bo’lgan o’zaro qarindosh tillarni qiyoslash va eng qadimgi formalarini tiklashga urinish asosida yaratilganligi uchun uni Hind-Yevropa tilshunosligi deb ham ataydilar.
Hind-Yevropa tilshunosligining XIX asr davomida va XX asrning boshlardagi taraqqiyoti davrida bir qancha yo’nalishlari maydonga keldi. Bular: naturalizm, psixologizm, yosh grammatikachilar va boshqalar.
Naturalizm oqimi XIX asrning o’rtalarida Yevropa tilshunosligida o’ziga xos xususiyatlariga ega bo’lgan oqim sifatida maydonga keldi. Ushbu oqim adabiyot va san’at sohasida ham yuzaga keldi.
Adabiyot va san’atdagi naturalizm uchun mazmun hisobiga sof tashqi tomonlargagina e’tibor berish xarakterli bo’lsa, tilshunoslikdagi naturalizm uchun tilni tabiiy, jonli organizm deb izohlash xarakterli edi.
Demak, tilshunoslikdagi naturalizm tilga o’simlik va hayvonot olamiga xos bo’lgan xususiyatlarni tashuvchi biologik hodisa deb qarashdir.
Naturalistlar tilning mohiyatini tushuntirishda diniy, idealistictik prinsiplarga tabiiylik, moddiylik prinsipini qarama-qarshi qo’ydilar.
Shu jihatdan naturalizm oqimi tilsunoslik tarixi uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Bu oqimning mashhur namoyndasi nemis olimi A.Shleyxerdir.
Avgust Shleyxer (1821-1868) Germaniyaning Tyuringiya viloyatida vrach oilasida tug’ildi.
U slavyan- boltiq tillari sohasidagi tadqiqotlari uchun 1858- yilda Rossiya Fanlar akademiyasining korrespondent a’zoligiga saylandi.
Umrining oxirgi yillarini Shleyxer Ien shahrida fan bilan shug’ullanib o’tkazdi.
Shleyxer tilsunoslikni nemis, slavyan, boltiq tillari bo’yicha yozgan ilmiy asarlari, nazariy tadqiqotlari bilan boyitdi, qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning songgi 40 yil davomida erishgan yutuqlariga yakun yasadi. U tillarni qiyoslaganda tovushlarning qonuniy o’zgarishlariga e’tibor berishni talab qilib, qiyosiy-tarixiy tadqiqotning aniq metodini yaratishga yordam berdi.
Shleyxer Hind-Yevropa tillarining taraqqiyotini “shajara daraxti” sxemasi orqali ko’rgazmali ravishda tushuntirdi. Uning “shajara daraxti” haqidagi va barcha HInd-Yevropa tillarining bitta “bobo til” dan tarqalganligi haqidagi nazariyalari xuddi ana shu Gekkel nazariyalarini eslatadi. Shleyxerning taxminicha, qachonlardir Hind-Yevropa bobo tili mavjud bo’lgan, uning bo’linib ketishidan hozirgi Hind-Yevropa tillari kelib chiqqan.
Keyinchalik “ichki” va “tashqi” lingvistika deb tillarga sinxronik va diaxronik jihatdan yondoshish deb nomlangan g’oyalar ham aslida Shleyxerning ilmiy faoliyati mahsulidir. Uningcha, tilshunoslik tillarning tuzilishini, turli morfologik tiplarning strukturasini, ularni sinxron va tarixiy planlarda qiyoslashlarni, vaqt o’tishi bilan ularning o’zgarishlarini o’rganish lozim. Ammo u “til organizmlari”ning ma’lum maqsadda qo’llanishini lingvistikadan chiqarib, filologiya sohasiga taalluqli deb hisobladi.U filologiya an’anaviy yo’sinda yozma yodgorliklarni tekshirish bilangina emas, tilning ma’lum ijtimoiy sharoitdagi funksiyasiga aloqador bo’lgan barcha xususiyatlarni ham o’rganishi lozim deb biladi. Shunday qilib, “ichki” va “tashqi” lingvistika masalasi o’ziga xos tarzda o’rtaga tashlandi. Shlayxerning nazariyasidan ichki lingvistika fonetika va morfologiya bilan shug’ullanishi lozimligi ko’rinsa ham, ammo tashqi lingvistikaning vazifasi nihoyatda keng va noaniq bo’lib qoldi. So’ngra bu ikki soha o’rtasida turuvchi oraliq hodisa ham borligi e’tirof qilindi. Bunga u “filologiyaga tomon og’uvchi” sintaksisni kiritdi.
Shleyxer asosiy e’tiborini tillarning formasiga yo’naltirgani uchun, formaga qarab tillarni tabiiy fanlardagi kabi aniq sistemalashtirish, sinflarga bo’lish mumkin deb hisobladi. U tillarning ikki xil klassifikatsiyasini belgiladi: 1) tipologik klassifikatsiya. 2) genealogik klassifikatsiya.
Shleyxer so’z tuzilishi va ularning gapdagi o’zaro munosabatini ifodalash vositalari tipi jihatidan, ya’ni morfologik xususiyatlariga ko’ra, tillarni uch guruhga bo’ldi.
Ajratuvchi tillar.
Biriktiruvchi tillar.
Flektiv tillar.
Uning fikricha, ajratuvchi tillarda so’z formalari yo’q, shunga ko’ra gap yo faqat o’zgarmaydigan o’zaklardangina tuziladi yoki o’zaklarning yordamchi so’zlar bilan birikishidan iborat bo’ladi.
Bu tillarni A. Shleyxer tillarning eng arxaik ko’rinishi deb hisobladi.
Naturalizmning tilshunoslikka qo’shgan muhim ijobiy hissasi shu bo’ldiki, u tilga tabiiy-materialistik qarashni olib kirdi, tilni qismlari bir-biri bilan uzviy bog’langan, o’z ichki qurilishiga ega bo’lgan sistema deb tushunishning mustahkamlanishiga yordam berdi.
Naturalizm o’sha davrda tilshunoslikning boshqa bir yo’nalishi tomonidan qattiq tanqid ostiga olindi. Bu yangi oqim qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning psixologik yo’nalishdagi maktabi edi.
Psixologizm tilni xudoning yo odam ruhining ifodasi, ko’rinishidir deb tushuntiradi. Til go’yo sof psixik hodisadir.
Psixologizm tarafdorlari o’z qarashlariga Gerbartning assotsiativ psixologiyasini (ya’ni hodisalarning kishi psixikasida bir-birlarini eslatshi haqidagi ta’limotini ) asos qilib oladilar.
Psixologizm oqimining Yevropadagi eng ko’zga ko’ringan namoyondasi G. Shteyntal, Rossiyada esa A.A.Potebnya edi.
Geyman Shteyntal (1823-1899), bir tomondan , mantiqiy grammatika yaratishga urinishlarni, ikkinchi tomondan esa Shleyxerning biologik naturalizmini tanqid qildi va V.Gumboldtning til falsafasiga suyanmoqchi bo’ldi, ammo ko’p jihatdan u mustaqil ish tutdi.
G.Shteyntalning muhim asarlari shular: “Grammatika, mantiq va psixologiya, ularning prinsiplari va o’zaro munosabatlari” (1856), “Psixologiya va tilshunoslikka kirish”(2-nashri,1881), “Tilning paydo bo’lishi”, “Tillarning klassifikatsiyasi til g’oyasining taraqqiyoti sifatida” (1850), “Til qurilishining eng muhim tiplari xarakteristikasi” (1860) va boshqalar.
Shteyntal konkret tillarning tadqiqotchisi bo’lmay, til nazariyachisi, sistemaga soluvchi sifatida maydonga chiqdi. U barcha asosiy tillarni ikki tipga bo’ladi:
1.Formasiz tillar
2. Formali tillar
Formani u keng ma’noda tushunadi: so’z formasidan tortib gap formasigacha bo’lgan birliklarni u til formasi deb hisoblaydi. Shunga ko’ra so’z formasi o’zgarmaydigan tillar ham formali til qatoriga kiritiladi.
Shteyntal bu guruhlarning har birini yana ikkiga bo’ladi. A.Qo’shuvchi tillar. B. Shakl o’zgartuvchi (yoki so’z formasini o’zgartuvchi ) tillar.
G.Shteyntalning ba’zi fikrlari keyinchalik yosh grammatikachilar tomonidan o’zlashtirib olindi va rivojlantirildi.
XIX asrning to’rtinchi choragida qiyosiy-tarixiy tilshunoslikda bir to’da tilshunoslarning yangi bir oqimi paydo bo’di. Ular keksa avlod hisoblangan tilshunoslarni yoshlarga xos g’ayrat va shijoat bilan tanqid qila boshladilar. Nemis filologi F. Sarnke hazillashib ularni “yosh grammatikachilar” deb atadi. Yangi oqimning peshqadam vakillaridan biri bo’lgan K.Brugman bu nomni yangi lingvistik maktabning bayrog’iga aylantirib yubordi. Bir necha vaqtdan keyin mana shu hazil uchun aytilgan ibora lingvistik termin bo’lib qoldi.
Yosh grammmatikachilarning asosiy prinsipi shundan iborat ediki, ular tilni individual psixo-fizik yoki psixofiziologik faoliyat deb bilar edilar. Tildagi barcha o’zgarishlar, ularning fikricha, ayrim shaxsning “odatdagi nutq faoliyati” da yuzaga keladi. Shuning uchun ular klassik tillar blan shug’ullanishi va bobo tilni qayta tiklashni tanqid qilib, jonli tillarni o’rganishga chaqiradilar. Ammo yosh grammatikacilar o’z ilmiy tadqiqotlarida bu asosiy fikrlarga izchillik bilan amal qilmadilar. Butun bir bobo tilni qayta tiklashga urinmasalar ham, uning ayrim formalarini qayta tiklash bilan shug’ullandilar.
Tilni doimiy o’zgarib turuvchi hodisa deb hisoblaganliklari uchun yosh grammatikachilar tilni o’rganishga tarixiy ravishda yondoshishi kerak der edilar. Ular tilning hamma sohasiga ham tarixiy yondoshishini talab qildilar.
Yosh grammatikachilar Hind-Yevropa tillari sohasida, xususan, fonetika sohasida diqqatga arzirli kashfiyotlar qildilar.
Yosh grammatikachilar maktabiga, asosan, Leyptsig universitetining olimlari kirar edi. Ularning eng mashhurlari A.Leskin, K.Brugman, G. Ostgov, G. Paul, B.Delbryug va boshqalar.
O’z faoliyatining dastlabki davrlarida F.de Sossyur, F.F.Fortunatov, V.Tomsen singari mashhur tilshunoslar ham yosh grammatikachilarga biron darajada yondoshganlar.
Tillarni qiyosiy o’rganishda Moskva, Qozon, Peterburg maktablarining ham alohida o’rni bor.
Moskva tilshunoslik maktabining asoschilaridan biri Filipp Fedorovich Fortunatovdir.
F.F.Fortunotov tilni bir tomondan, ijtimoiy hodisa deb qaraydi va uning taraqqiyotini, undagi o’zgarishlarni jamiyatning taraqqiyotini va undagi o’zgarishlardan ko’radi.
Ikkinchi tomondan esa, tilning ichki taraqqiyotini har bir shaxsning individual faoliyatiga bog’laydi. Shuning uchun u tafakkur bilan nutq orasidagi munosabat muammosini ilgari surib, uni assotsiativ psixologiyadagi sub’ektiv –idealistik nuqtai nazardan hal qilmoqchi bo’ladi.
Umuman olganda, qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning shakllanishi va rivojlanishida yuqorida aytib o’tilgan tilshunoslik maktablarining alohida o’rni bor. Ular o’z til xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ushbu tilshunoslikning taraqqiy qilishiga katta yordam bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |