XX asrning ikkinchi yarmida G‘arbda kuzatilgan o‘ziga xos bashorat shov-shuvi Rossiya bashoratchilk maktabi yetakchisi I.V.Besstijev-Lada tomonidan tuzilgan klassik bashoratchilik antologiyasida yaqqol tasvirlab berilgan. Intellektual va siyosiy doiralarda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan o‘nlab fundamental asarlarda jahon rivojlanishining istiqbollari turli ssenariylarda — eng yorkin ranglardan to katastrofik holatlargacha asoslab berilgan. Uzoq muddatli u yoki bu bashorat ssenariylarini asoslab berish uchun foydalanilgan ko‘plab global modellar yaratilgan. Ushbu bashoratchilik shov-shuviga BMT ham qo‘shilgan bo‘lib, uning Sekretariatida bashorat va istiqbolli tadqiqotlar bo‘limi tashkil qilingan. Nobel mukofoti sovrindori V.V.Leontev rahbarligidagi BMT ekspertlar guruhi tomonidan o‘tgan asrning 70-yillarida o‘ziga xos tarmoqlararo balansning mintaqalararo modeli asosida jahon iqtisodiyoti rivojlanishining 2000 yilgacha bo‘lgan bashoratlari ishlab chiqilgan.
Biroq 80-yillar oxirlariga kelib G‘arbda ham, sobiq Ittifoqda ham bashoratchilik to‘lqini pasaya boshladi. Buning sababi oddiy edi: jahon industrial jamiyatdan postindustrial jamiyatga o‘tib, tendensiyalar o‘zgardi va chuqur bifurkatsiyalar klasteri vujudga keldi. Avvalgi bashoratlar va ularning metodologik as oslari bu muhitda o‘z ta’sir kuchini yo‘qotgan bo‘lib, yangi metodologiya esa hali rivoj topmagan edi.
O‘tish davrida ijtimoiy va texnologik tizimlar teratoriyasi keskin o‘zgaradi. Ularning ayrimlari o‘tmishda qolib ketib, ularning o‘rniga yangilari paydo bo‘ladi va jahon miqyosida keng tarqaladi. Bu davrda oldindan ko‘ra bilishning qiyinligi an’anaviy inqilobiy paradoks — e’lon qilingan maqsadlar va amalda erishilgan natijalar o‘tasidagi farqlar bilan ham izohlanadi. Lekin shunga qaramay XX asrning yirik olimlari qalamiga mansub bo‘lgan eng oxirgi asarlardan birida insoniyatning rivojlanishiga doir asosli bashoratlar, ekologik va sivilizatsiya inqirozlarining bartaraf etilishi, uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish zarurligi haqida asoslangan fikrlarni o‘rgatamiz: «Sivilizatsiya strategiyasining paydo bo‘lishi hayotiy ahamiyatga ega. U tabiat strategiyasi bilan muvofiqlashtirilgan bo‘lishi lozim. Bu esa insoniyat tarixida uning kuch-quvvati o‘sishi bilan birga kuzatiluvchi sifat yangiligidir. Bizni nafaqat ekologik, balki sivilizatsiya inqirozi kutib turibdi. O‘z mohiyatiga ko‘ra biz sivilizatsiya tarixining butkul yangicha bosqichi, balki antropogenez oldida turibmiz, bunda esa butun xalqlar oldida kun ko‘rish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha umumiy vazifa turadi». Bunday strategiyani uzoq muddatli bashoratlarsiz, tabiat va jamiyat rivojlanishining muqobil yo‘llarini oldindan ko‘ra bilmasdan turib amaliy jihatdan ishlab chiqish mumkin emas.