Tiriklikning hujayrasiz va hujayraviy shakllari. Qaysi hujayra va organizmda metabolizm (moddalar almashinuvi), ko'payish, harakatlanish kabi jarayonlar sodir bo'lib tursa u tirik hisoblanadi. Rang - barang organik olamda tiriklikning ikki xil: hujayrasiz va hujayraviy shakllari tafovut etiladi.
Hujayrasiz shaklga viruslar kiradi. Hujayraviy shaklga prokariotlar, eukariotlar mansubdir. Virusning mavjudligi 1892 yilda ilk bor botanik olim D.I. Ivanovskiy tomonidan, tamaki bargining kasalini o'rganish natijasida topilgan. Bu mavjudotlar mayda bo'lib, bakterial filtrdan ham o'tib ketadi. Viruslar o'z tuzilishiga ko'ra o'ta sodda bo'ladi. Ularda oqsil g’ilof (kapsid ) ga o'ralgan bir molekula nuklein kislotasi mavjud. Ko'pgina viruslar ustidan oqsil va lipiddan iborat yana bir parda - adperkapsid bilan o'ralgan. Viruslarning tuzilishi faqatgina elektron mikroskop orqali o'rganiladi.
Hujayralardan tashkil topgan tirik tabiat olamining barcha organizmlari ikki yirik guruhga bo'linadi.
1. Prokariotlar (pro- avvalgi, karion - yadro) bakteriyalar, ko'k yashil suv o'tlari, yadrosiz hujayralar. Ularning oziqlanishi geterotrof, ba'zilarida avtotrof yoki fotoavtotrof jarayonlari bilan boradi, ko'payishi - jinssiz.
2. Eukariotlar - bir hujayralilar, zamburug’lar, o'simlik va hayvon hujayralari.
Bakteriyalar juda xilma - xil bo'lib, ular murein moddasidan iborat zich qobiq bilan o'ralgan bo'ladi. Ko'pgina bakteriya hujayralari shilliq kapsula- qo'shimcha himoyaviy pardaga ega. Bakteriyalarda ribosomadan boshqa hujayra ichki organoidlari bo'lmaydi. Uning genetik materiali halqa hosil qilgan DNKdan – genofor yoki nukleoiddan iborat. Bu DNK eukariot hujayralardan farq qilib, nukleogistonlardan holidir. DNK tarkibidagi genlar soni odamning DNKsidagi genlardan 500 marta kam. Hujayrada genetik apparatni sitoplazmadan ajratib turuvchi membranali tuzilma - shakllangan yadro bo'lmaydi. Sitoplazmasida plazmidalar ( DNK ning xalqadan tashqari fragmentlari) bo'lib ular bakteriya hujayrasining bir qator irsiy belgilarni nazorat qiluvchi genlardan tuzilgan. Plazmidalar mustaqil replikatsiyalanadi va nasldan –naslga irsiylanadi. Gen muxandisligida keng qo'llaniladi. Ba'zi bakteriyalarning plazmatik membranasi hujayra ichiga botib kirib mezosomalarni hosil qiladi. Mezosomalar hujayra burmalari bo'lib yuzasida nafas olish jarayonida ishtirok etuvchi ya'ni organoidlar vazifasini bajaradigan fermentlar joylashadi(4rasm). Fotosintezlovchi bakteriyalarda mezosoma burmalari orasida fotosintez pigmenti joylashadi. Bakteriyalar oddiy - har 20 minutda bo'linib turadi. Bu holat kasallik chaqiruvchi bakteriyadan ozginasi organizmga kirib qolsa, tezda ko'payib kasallik alomatlarini yuzaga keltirishini ko'rsatadi. Ba'zi hollarda bakteriyalar bir biriga o'ta yaqin kelib, o'zaro genetik materialini almashtiradi (kon'yugatsiya). Bunday genetik rekombinatsiya natijasida yangi irsiy materialga ega bo'lgan bakteriya hosil bo’ladi.
Bakteriyalarning organik olamdagi ahamiyati o'ta muhim: ular tabiat sanitari, ya'ni organik moddani emiruvchi, o'simlik va hayvon organizmi uchun zarur bo'lgan moddalarni hosil qiluvchi va ayrim xillari esa, turli kasalliklar tarqatuvchidir. Odam organizmida muntazam ravishda kasallik keltirib chiqarmaydigan, ko'pgina bakteriyalar ham mavjud. Ular inson organizmi uchun keraklidir. Masalan, yo'g’on ichakda yashovchi ayrim bakteriyalar ishtirokida odam organizmi uchun o'ta zarur vitaminlar hosil bo’ladi.
Eukariot hujayralar prokariot hujayralarga qaraganda murakkab va xilma-xil tuzilgan. Ularda haqiqiy yadro va organoidlar mavjud. Bir hujayrali suv o'tlari, zamburug’lar, sodda hayvonlar, yuksak tuzilishga ega bo'lgan o'simliklar, hayvonlar va odamlar eukariot organizmlarni tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |