Glossariy
Agnostism – inson ob’ektiv borliqni to’liq bilishi mumkin emas, deb
hisoblaydigan falsafiy ta’limot.
Antistsientizm – fanning jamiyat hayotidagi roli va ahamiyatini salbiy
baholaydigan falsafiy nuqtai nazar.
Antropogen – inson faoliyati bilan bog’liq.
Antropotsentrizm – dunyoni bilishda insonni ustun qo’yuvchi falsafiy
yondashuv.
Aprior – tajribadan tashqarida. Inson tafakkurida tajribada ko’rilgunga
qadar, tajribadan qat’iy nazar paydo bo’lgan obraz, g’oya, tushuncha.
Ateizm – xudoning borligini inkor etuvchi falsafiy nuqtai nazar.
Atribut – xossa.
Belgi – boshqa bir predmet, xossa yoki munosabatni ifodalaydigan va
muayyan xabarni uzatish, saqlash yoki unga ishlov berishda ishlatiladigan
moddiy, hissiy idrok etiladigan predmet.
Garmoniya – bir butun narsa qismlarining o’zaro muvofiqligi.
Germenevtika – falsafada – tarix, madaniyatni, o’zga individuallikni
tushunish san’ati.
Gipotetik – ehtimol tutilgan, faraz qilingan, taxmin (gipoteza)ga
asoslangan.
Globallashuv – ijtimoiy hayotning turli jabhalarida yaxlit
tuzilmalarning dunyo miqyosida shakllanish jarayoni.
Globalistika – globallashuv va uning oqibatlari mohiyatini anglab
yetishga qaratilgan ilmiy va falsafiy tadqiqotlar fanlararo sohasi.
Gnoseologiya – bilish nazariyasi.
Deduktsiya – tadqiqot yoki tavsiflash metodi, usuli bo’lib, bunda
ayrim qoidalar umumiy xulosalar, aksiomalar, qoidalar, qonunlardan
tadrijiy yo’l bilan keltirib chiqariladi.
Dezintegratsiya – butunning ayrim qismlarga parchalanishi.
Deizm – Xudo dunyoni yaratgach, unda ishtirok etmaydi va uning
voqealari tabiiy kechishiga aralashmaydi, deb hisoblaydigan falsafiy
nuqtai nazar.
Determinizm – barcha voqealar va hodisalarning qonuniyligi va
sababiy bog’langanligi haqidagi falsafiy ta’limot.
Dialektika – harakat, rivojlanish, o’zgarish haqidagi falsafiy ta’limot.
Ideal – mutlaq barkamollik, bunday barkamollik haqidagi
tasavvur.
Ierarxiya – bir narsaning funktsional ahamiyati yoki xizmat
mavqeiga ko’ra ikkinchi narsaga, uchinchi narsaga va
hokazolarga bo’ysunishi.
Izotrop – barcha yo’nalishlarda bir xil.
Indeterminizm – determinizmga qarama-qarshi ta’limot.
Integratsiya – birlashish, birikish, yaxlit bir butunning
shakllanishi.
Introvertiv – o’ziga, o’z ichki dunyosiga qarab mo’ljal oluvchi.
Imitatsiya – taqlid qilish, soxtalashtirish.
Axborot inqilobi – fan-texnika inqilobining rivojlanish bosqichi
bo’lib, bunda axborot o’ta muhim resursga aylanadi.
Irratsionalizm – borliqni oqilona mantiqiy bilish imkoniyatini
rad etuvchi nuqtai nazar.
Kauzallik – sababiyat, sabab va oqibatning qonuniy aloqasi.
Kommunikatsiya (keng ma’noda) – muloqot. Ekzistentsializmda –
muloqot turi bo’lib, uning yordamida «Men» o’zini boshqa odamda
topadi.
Konstitutsiyalash – yaratish, belgilash, muayyan tashkiliy tus berish.
Konsyumerizm – iste’mol qilishga bo’lgan kuchli ehtiyoj.
Koevolyutsiya – birgalikda tadrijiy rivojlanish.
Kreatsionizm – butun borliqni Xudo yaratgan deb hisoblaydigan diniy
ta’limot.
Materializm – dunyoning moddiyligidan va ongdan qat’iy nazar
mavjudligidan kelib chiqadigan falsafiy yo’nalish.
Metafizika – Gegeldan oldingi va hozirgi G’arb falsafasida borliqning
o’ta hissiy tamoyillari va asoslari haqidagi fan. Falsafaning sinonimi
sifatida ishlatiladigan atama.
Metodologiya – metod haqidagi ta’limot, bilishning yangi metodlarini
yaratish tamoyillarini ishlab chiqish.
Mistika – sirli, g’ayritabiiy, tushunarsiz narsa yoki hodisa.
Moddiylashtirish – ma’no strukturalari, sxemalar, loyihalarning inson
faoliyatida gavdalanishi.
Modus – predmetning unga ayrim holatlardagina xos bo’lgan muvaqqat xossasi.
Monizm – plyuralizmga zid o’laroq, muayyan bir asosdan kelib chiqadigan falsafiy
yondashuv.
Negativ – salbiy, biror narsaga zid.
Noumen – mushohada yo’li bilan anglash mumkin bo’lgan mohiyat.
Noosfera – aql-idrok sohasi yoki biosferaning shunday bir holatiki, bunda odamlarning
oqilona faoliyati biosfera rivojlanishining muhim omiliga aylanadi.
Obraz – amaliy faoliyat va bilish jarayonida shakllangan hissiy yoki oqilona tasavvur.
Okkultizm – maxsus ruhiy mashqlar, alohida marosimlar orqali ayrim insonlargina bila
oladigan koinotda sirli kuchlar mavjudligini e’tirof etuvchi ta’limot.
Oppozitsiya - qarshi harakat, muayyan narsaga ochiqdan-ochiq yoki zimdan qarshilik
ko’rsatish.
Panteizm – Xudoni tabiat bilan tenglashtiruvchi falsafiy ta’limot.
Paradigma – mazkur davrda ilmiy hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan muayyan ilmiy
tadqiqot yo’nalishini belgilovchi printsiplar majmui.
Passionar – ichki energiyaga egalik yoki o’ta g’ayratlilik.
Permanent – doimiy, uzluksiz.
Pertseptsiya – idrok etish.
Ratsionalizm – aqlni bilish va odamlar xulq-atvorining negizi deb
e’tirof etadigan falsafiy yo’nalish.
Reduktsionizm – murakkab narsa yoki hodisani soddaroq narsa yoki
hodisaga bog’lash.
Relyativizm – bizning barcha bilimlarimiz, qadriyatlarimiz va
xulosalarimizni nisbiy, shartli deb hisoblaydigan falsafiy yondashuv.
Refleksiya – o’z fikrlari va kechinmalarini tahlil qilishga qaratilgan
mulohaza.
Sakral – muqaddas.
Sensualizm – hissiy bilishning rolini oqilona bilishning ahamiyatidan
ustunroq qo’yuvchi falsafiy yo’nalish.
Simvol – biron-bir g’oyani ifodalovchi belgi, obraz.
Sinkretizm - qismlarga ajralmaganlik, biron-bir hodisaning noraso
holati bilan belgilanadigan har xil jinsli elementlarning aralashuvi.
Skeptitsizm – inson bilimining ishonchliligiga shubha bildiruvchi va
barcha haqiqatlarni nisbiy deb e’lon qiluvchi falsafiy kontseptsiya.
Stereotip – ko’pincha jamiyat tomonidan faol ilgari suriladigan va
individ tanqidsiz qabul qiladigan borliqning nisbatan barqaror va
soddalashtirilgan obrazi.
Substantsiya – birinchi asos, barcha narsalar va hodisalarning mohiyati.
Stsientizm – madaniyat tizimida, jamiyat hayotida fan rolini
mutlaqlashtirish.
Tabu – biron-bir narsa, harakat, so’zga nisbatan belgilanadigan diniy
taqiq.
Teologiya – diniy ta’limotlar tizimi.
Teotsentrizm – dunyoni tushunish markaziga Xudoni qo’yuvchi falsafiy
yondashuv.
Texnogen – texnika bilan bog’liq, uning ta’siri bilan belgilangan.
Texnokratik – texnikani birinchi o’ringa qo’yuvchi.
Texnooptimizm – turli muammolarni yechishda fan-texnika
taraqqiyotining rolini oshirib ko’rsatuvchi falsafiy yondashuv.
Texnopessimizm – fan-texnika taraqqiyotini jamiyat va tabiat
tanazzulining manbai va omili deb e’lon qiluvchi falsafiy yondashuv.
Texnotron jamiyat – kompьyuter inqilobi bosqichiga kirgan jamiyat.
Transtsendental – o’ta umumiy.
Universum – yagona Olam, yaxlit dunyo.
Fauna – barcha turdagi hayvonlar majmui.
Fenomen – insonga hissiy bilish tajribasida berilgan hodisa.
Fenomenologiya – bevosita kuzatish mumkin bo’lgan ideal
mohiyatlar sifatidagi fenomenlar haqidagi falsafiy ta’limot.
Flora – o’simliklar dunyosi.
Fluktuatsiya – o’zgarish, belgilangan parametrlardan tasodifiy og’ish.
Futurologiya – kelajak haqidagi fan.
Evolyutsion epistemologiya – bilishni jonli tabiat evolyutsiyasining
momenti va uning mahsuli sifatida o’rganuvchi fan.
Evristik – ijodiy, noma’lum narsalar va hodisalarni bilishda sakrashni
amalga oshiruvchi.
Egalitarizm – umumiy tenglikni targ’ib qiluvchi g’oyaviy-siyosiy oqim.
Ekzistentsializm – diqqat markazida hayotning ma’nosi, inson
erkinligi va mas’uliyati muammolari turuvchi falsafiy yo’nalish.
Ekologiya – jonli mavjudotlarning o’zini qurshagan muhit bilan o’zaro
munosabatlari haqidagi fan.
Ekologik muammo – jonli organizmlarning atrof muhit bilan
muvozanatining buzilishi.
Ekologik tanglik – ekologik muammoning keskinlashuvi,
bunda uning oqibatlari orqaga qaytarib bo’lmaydigan
xususiyat kasb etadi.
Eksplikatsiya – u yoki bu predmet (yoki madaniyat
ob’ekti)ning mohiyatini aniqlash, uning mazmunini keng
tavsiflash.
Ekstravertiv – sirtga qaratilgan.
Empirizm – hissiy idrok etish va tajribani bilishning asosiy
manbai deb hisoblaydigan falsafiy ta’limot.
Empirik – tajribada ko’rilgan.
Etimologiya – u yoki bu so’z yoki iboraning kelib chiqishi.
Epistemologiya – bilish haqidagi falsafiy ta’limot.
Etnogenez – xalqlar yoki millatlarning kelib chiqishi.
O’z imkoniyatlarini ro’yobga chiqarish – o’zining betakror
mohiyatini faoliyatda namoyon etuvchi va gavdalantiruvchi
har bir individ axloqiy faoliyatining maqsadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |