1.1 Tabiiy tillar
Tabiiy til tuzilishiga ko`ra murakkab hodisa bo`lib, u bir-biri bilan uzviy bog`langan quyidagi qismlardan iborat:
1. Tovushlar tizimi.
2. Lug`at boyligi yoki leksika.
3. Grammatik qurilishi.
Ma’lumki, inson tili tovush tilidir. Har bir tilning o`z tovushlar tizimi mavjud. Tovushlar so`zlarni, iboralarni, grammatik shakl va ko`rsatkichlarni shakllantiradi.
Tovushlardan iborat bo`lgan so`z va iboralar yig`indisi tilning lug`at boyligini tashkil qiladi.
Lug`at boyligidagi so`z va iboralar fikrni ifodalovchi gap uchun qurilish materiali bo`lib xizmat qiladi. Gap, uni qurish qonun-qoidalarini tilning grammatik qurilishi belgilaydi.
Demak, tilning tarkibiy qismlari sanalmish tovushlar tizimi, lug`at boyligi, grammatik qurilishi o`zaro chambarchas bog`langan bo`lib, biri ikkinchisining bo`lishini talab qiladi. Har bir konkret til o`zining ana shu xususiyatlari bilan bir butun tizimni, sistemani, til tizimini tashkil etadi.
O`zbek tili - o`zbek millatining tili, o`zbek tili - O`zbekiston Respublikasining davlat tili. Davlat tili sifatida o`zbek adabiy tilining mavqei beqiyos darajada o`sdi, xizmat doirasi kengaydi, lug`at tarkibi boyidi, fonetik tizimi, grammatik qurilishning takomillashuvida katta o`zgarishlar yuz berdi.
O`zbek adabiy tili ijtimoiy vazifasining kengayishi natijasida uning lug`at tarkibida jiddiy o`zgarishlar ro`y berdi. Tilning leksikasi ichki imkoniyatlar bilan yangi yasalgan so`zlar va boshqa tillardan qabul qilingan so`zlar hisobiga boyib borishi ko`zga tashlanmoqda. Kishilar ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi, xalq xo`jaligidagi, madaniyat, fan-texnika sohasidagi ko`pgina o`zgarishlar yangi tushunchalarni, yangicha munosabatlarni keltirib chiqardi. Bularning hammasi o`zbek tili leksikasining ko`pgina yangi so`zlar hisobiga hamda boshqa tillardan o`zlashtirilgan so`zlar hisobiga boyishiga sabab bo`ldi. Masalan: broker, diler, makler, kompyuter, menejer, fermer, biznes va h. Ayrim o`zbekcha so`zlarning ma’nosida o`zgarishlar ro`y berib, ular boshqa ma’nolarda qo`llana boshladi. Masalan: ishbilarmon va tadbirkor so`zlari ilgari sifat turkumiga mansub bo`lib, belgi ifodalagan bo`lsa, hozirgi paytda bu so`zlar ot turkumiga o`tdi va shaxs ma’nosini ifodalaydigan bo`ldi. Bu jarayonlarning barchasi o`zbek tili lug`at boyligini yangi pog`onaga ko`tardi.
O`zbek tilining fonetik tizimida, grammatik qurilishida ham ma’lum o`zgarishlar sodir bo`ldi.
Jumladan, fonetik tizimda, o`zlashma so`zlarda o`zbek tiliga xos bo`lmagan bo`g`inning yangi turlari (so`z boshida va so`z oxirida ikki yoki undan ortiq undoshning qator kelishi) paydo bo`ldi: sport, stol, traktor, shkaf, magistr, kongress kabi. Shuningdek, o`zlashma so`zlarda ikki unlining o`zbek tili uchun xos bo`lmagan ketma-ket kelish holatlari kuzatiladi: aeroport, bionika, geologiya, teatr, poema kabi.
Yer yuzidagi tillarni o`rganish XVIII asrdan boshlandi. XIX asrning birinchi yarmida tillarni bir-biriga qiyoslab tekshirish keng tus oldi. Natijada tillarni tekshirishda qiyosiy usul vujudga keldi; bunda tillarning fonetik, morfologik, leksik xususiyatlari bir-biriga solishtiriladi. Bu usul bilan tillarning faqat hozirgi holatigina emas, balki ularning tarixiy holati ham o`rganiladi. Shuning uchun ham o`rganishning bu yo`li qiyosiy-tarixiy usul deb yuritiladi. Tillarni shu yo`l bilan o`rgangan va o`zlarining ilmiy asoslari bilan jahonga tanilgan tilshunoslar sifatida daniyalik Rasmus Raskni (1787-1832), olmoniyalik Frans Bopp (1791-1967) va Yakob Grimmni (1785-1863), rus olimi Aleksandr Vostokovni (1781-1864) ko`rsatish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |