II-Bob Inson huquqlari bo’yicha xalqaro paktlarning mazmuni va ahamiyati.
1. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro paktlar.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro paktga birinchi Fakultativ Protokol 1966-yilning 16-dekabrida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan. Fakultativ protokolning birinchi moddasiga binoan, Paktda qatnashuvchi davlatlar Protokolning qatnashuvchilari bo`lib, ular Inson huquqlari to`g`risidagi qo`mita vakolatini oladi. Protokolda ishtirok etuvchi davlatda inson huquqlarining buzilish hollari ro`y bersa, u Qo`mitaga olti oy ichida yozma tushuntirish xati yuborishi kerak. Bu Protokolga muvofiq, alohida shaxslar o`z huquqlari buzilgan hollarda, o`z davlatlari ustidan Qo`mitaga murojaat qilishlari mumkin. Qo`mita o`zining yopiq majlislarida alohida shaxslardan hamda manfaatdor davlatlardan kelgan yozma atxborotlarni ko`rib, o`z mulohazasini ishlab chiqadi va uni alohida shaxslarga, davlatlarga yuboradi. Bu sohada qilingan ishlar bo`yicha qisqartirilgan axborot har yili Bosh Assambleyaga Iqtisodiy va ijtimoiy kengash ma`ruzasi orqali yuboriladi. Ushbu protokol 14 moddadan iborat bo`lib, ushbu moddalarda, yuqoridagilardan tashqari, shikoyatni taqdim etish tartibi (1-3-moddalar), qo`mitaning shikoyatlarni ko`rib chiqish tartibi (4-5-moddalar), Protokolga qo`shilish (8-modda) yoki uni denonsatsiya qilish (12-modda) tartibi, protokolning kuchga kirishi (9-10-moddalar), unga o`zgartirishlar kiritish tartibi (11-modda), BMT Bosh kotibi tomonidan imzolash, ratiflkatsiya, denonsatsiyalar, protokolning kuchga kirishiga doir masalalar bo`yicha a`zo-davlatlarga xabar berish tartiblari (13-modda) ko`rsatib o`tilgan.
1989-yil 15-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro paktga ikkinchi Fakultativ protokolni qabul qildi. Unda o’lim jazosidan voz kechish ko`zda tutilgan. Protokol 1991 -yil iyul oyidan kuchga kirdi. Bu Protokolga muvofiq, qatnashuvchi davlatlar o`z qonunchiligida va amaliyotda o’lim jazosini qo’llashdan voz kechishlari shart. Protokol 1991-yil iyul oyidan kuchga kirdi. Ushbu Protokol Muqaddima va 11 moddadan iboratdir. Protokolning 1-moddasida “Ushbu protokolga a`zo-davlat yurisdiksiyasi ostidagi hech bir kishi o’lim jazosiga tortilmasligi kerak” deb qayd etib o`tilgan. 2-moddaning 1-bandida protokolga hech qanday qo`shimcha shart qilishi mumkin emasligi va urush vaqti bundan mustasno ekanligi ko`rsatib o`tilgan. Ya`ni, umumiy gumanitar huquq xarakteridan kelib chiqib, urush qoidalarini qo`pol ravishda buzib, qurolli mojaro vaqtida jiddiy jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan o’lim jazosi saqlanib qoladi. 3-, 4-moddalarda esa, a`zo- davlatlarning ma`ruzalari va xabarlarining Inson huquqlari bo`yicha qo`mita tomonidan qabul qilinishiga oid masalalar ko`rib chiqiladi. I fakultativ protokol asosida tashkil etilgan Qo`mita ushbu protokol bo`yicha taqdim etiladigan ma`ruza va xabarlarni ham ko`rib chiqish huquqiga egadir.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro Paktda ko‘rilgan fuqarolik va siyosiy huquqlar ko'pchilik davlatlaming hujjatlarida qayd qilingan. Vazifa bu huquqlarni qaytadan takrorlash emas, balki ularga amal qilishni ta’minlash bo’yicha davlatlarga huquqiy majburiyatlar beradigan xalqaro-huquqiy me’yorlarni turli shartnomalarda bayon qilib berishdan iborat. Shuningdek, Paktda inson huquqlari va erkinliklaridan foydalanish davlat xavfsizligi va ijtimoiy tartiblarga zarar keltirish hisobidan bo’masligi qayd qilingan.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g‘risidagi Paktda uning qoidalarini bajarish maqsadida qo’llaniladigan hamda davlatlar tomonidan Paktdagi qoidalarga amal qilishga doir chora-tadbirlar ko'rishni nazarda tutgan inson huquqlari bo‘yicha Qo‘mita tuzish ko‘zda tutilgan. Bu qo'mita Paktda qayd etilgan huquq va erkinliklarni hayotga joriy etish vazifasini bajarishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |