2. Valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish
Valuta operatsiyalarini amalga oshirish huquqi faqat O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki va u tomonidan vakolat berilgan boshqa O‘zbekiston Respublikasining banklariga berilgan. Bunday tartib davlatimizning pul birligini sotib olish imkoniyatining mustahkamlanishiga yo‘naltirilgan. Shundan kelib chiqib, mazkur jinoyatning turdosh o‘bekti davlatning iqtisodiyot asoslarini tashkil etadi.
Jinoyatning bevosita o‘bekti O‘zbekiston Respublikasida valuta operatsiyalarini tartibga soluvchi ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi.
Jinoyat predmeti valuta qimmatliklari hisoblanadi.
Chet el valutasi, chet el valutasidagi qimmatli qog‘ozlar (aksiya, obligatsiya va boshqalar), chet el valutasidagi to‘lov hujjatlari (cheklar, veksellar, akkreditiv va boshqalar), har qanday ko‘rinish va holatdagi qimmatbaho metallar (oltin, kumush, platina va platina guruhiga kiruvchi metallar (palladiy, iridiy, radiy, ruteniy va osmiy), shunday metallardan yasalgan zargarlik va boshqa ro‘zg‘or buyumlari hamda ularning rezgilari bundan mustasno), xom ashyo yoki ishlov berilgan holatdagi tabiiy qimmatbaho toshlar (olmos, yoqut, zumrad, sapfir, aleksandritlar, shuningdek marvaridlar, shunday toshlar hamda ularning rezgilaridan yasalgan zargarlik va boshqa ro‘zg‘or buyumlari bundan mustasno) valuta qimmatliklari hisoblanadi.
Shu bilan birga, purkalgan oltin va tish protezlarini yasashda ishlatiladigan qimmatli metallardan ishlangan qoliplar valuta qimmatlik- lariga kirmaydi.
Tahlil etilayotgan jinoyatning o‘bektiv tomoni fuqarolarning qonunga xilof ravishda valuta qimmatliklarini olishlari va o‘tkazishida ifodalanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000-yil 28-apreldagi “Valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazishga doir ishlar yuzasidan sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 8-sonli qarorining 4-bandiga muvofiq, valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish deb, O‘zbekiston Respublikasi hududida ushbu harakatlar sodir etilgan vaqtda valuta qimmatliklarini o‘rnatilgan tartiblarni buzgan holda sotib olish, sotish yoki almashtirish tushuniladi.
Valuta qimmatliklarini saqlash va tashish holatlari o‘zicha valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazishni tashkil etmaydi.
Tayyorlovchi yoki buyurtmachiga qonuniy ravishda qarashli bo‘lgan, valuta qimmatligi hisoblanuvchi, qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlarining, yasama tishlar va boshqa maishiy buyurtmalarning tayyorlanishi, shu jumladan bunday narsalarning qimmatbaho metallar va toshlardan hamda ularning rezgilaridan iborat boshqa zargarlik va maishiy buyumlardan tayyorlanishi valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish sifatida baholanishi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |