2. Tovlamachilik.
Qonunga ko‘ra, tovlamachilik deganda jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma‘lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish tushuniladi.
Tovlamachilik jinoyati ko‘p o‘bektli bo‘lib, ushbu jinoyatning bevosita o‘bekti mulkiy munosabatlar, qo‘shimcha o‘bekti esa, jabrlanuvchi va uning yaqin kishilarining sha‘ni va qadr-qimmati hamda ularning shaxsiy daxlsizligi va sog‘lig‘ini ta‘minlovchi ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi.
Tovlamachilik jinoyatining predmeti o ‘ziga xos hisoblanib, quyidagilardan iborat: 1) mulk; 2) mulkiy huquq; 3) mulkiy manfaatlar; 4) mulkiy yo‘sindagi harakatlar.
Mazkur jinoyatning predmeti hisoblangan mulk ko‘chmas mulk (dala hovli, uy va shu kabilar) yoki ko‘char mulklar bo‘lishi mumkin.
Mulk deganda borliqda mavjud bo‘lgan moddiy qimmatliklar tushuniladi, biroq moddiy qiymatlik hisoblangan mulklar jamiyat uchun xavf tug‘diruvchi ashyolar bo‘lmasligi kerak. Masalan, o‘qotar qurollar, portlovchi moddalar, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar va boshqa shu kabilar.
Mulkiy huquq deganda mulkka egalik qilish huquqini yoki ularni tasarruf qilish huquqini beruvchi (qarz tilxati, vasiyatnoma, ishonchnoma va boshqa) hujjatlar tushuniladi.
Mulkiy manfaatlar deganda tovlamachiga mulkiy manfaatlar beradigan yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan harakatlarni sodir etish tushuniladi (masalan, shaxsni xizmat majburiyatlarini bajarmaslik evaziga tijorat tashkilotiga ishga qabul qilish, vasiyatnomani o‘zgartirish, mavjud qarzlaridan voz kechish, tashkilotning daromad ulushiga qo‘shish va boshqa).
Mulkiy yo ‘sindagi harakatlar deganda mehnatni hech qanday haqsiz, tekinga bajarish (masalan, uyni tekinga ta‘mirlab berish) yoki ishlab berish harakatlari tushuniladi.
Tahlil etilayotgan jinoyatning o‘bektiv tomoni quyidagilarda ifodalanadi:
jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma‘lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish;
jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish.
Tovlamachilik o‘bektiv tomonining birinchi ta‘rifdagi holati ikki alohida belgilar mavjudligini nazarda tutadi.
Uning birinchi belgisi - mulk, mulkiy huquq, mulkiy manfaatlar va mulkiy yo‘sindagi harakatlarni sodir etishni talab qilishda ifodalanadi.
Talab qilish - bu buyruq kabi qat‘iyy ko‘rsatmadir. Talab turlicha namoyon bo‘lishi mumkin, masalan, og‘zaki, yozma, telefon aloqasi yordamida va hokazo. Talab qilishning tuzilishi talabni bajarish ko‘rinishida aks etishi lozim. Shu bois, mazkur holatda tovlamachilikdagi talabni iltimosdan farqlash zarur.
Talab qilishning iltimosdan farqi - shaxs iltimos qilishda shaxs imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, masalan, hal qilib berishni (iltimosni bajarishni) so‘raydi, talab qilishda esa mazkur qo‘yilgan talabni so‘zsiz bajarish so‘raladi.
Tovlamachilik jinoyati o‘bektiv tomonining ikkinchi belgisi bu qo‘rqitishdir.
Qo‘rqitish quyidagi uch turda namoyon bo‘ladi:
1) zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish;
2) mulkka shikast yetkazish yoki nobud qilish bilan qo‘rqitish;
3) jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma‘lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitish.
Zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish - zo‘rlikning barcha ko‘rinishlarida aks etishi mumkin (yengil, og‘ir). Masalan, qiynash bilan qo‘rqitish, sog‘lig‘iga shikast yetkazish bilan qo‘rqitish, o‘ldirish bilan qo‘rqitish va hokazo.
Qo‘rqitishning barcha xususiyatlari jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga qaratilishi kerak.
Jabrlanuvchiga yaqin kishilar deganda yaqin qarindoshlar (masalan, qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya‘ni ota-ona, aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, aka-uka va opa-singillar) hamda hayotiy jarayonlarda hayoti yoki sog‘lig‘i jabrlanuvchi uchun muhim bo‘lgan shaxslar (masalan, qaylig‘i, yaqin do‘sti va boshqa) tushuniladi.
Qo‘rqitishning xususiyatlari jinoyatni kvalifikatsiya qilishda ahamiyat kasb etmaydi, balki jazo tayinlashda inobatga olinadi.
Tovlamachilikdagi qo‘rqitish tovlamachi qo‘ygan talablarni bajarmaslik holatlarida, zo‘rlikni kelajakda qo‘llash bilan sodir etilgan bo‘lishi kerak.
Mulkka shikast yetkazish yoki nobud qilish bilan qo‘rqitish jabrlanuvchi yoki uning yaqinlariga tegishli bo‘lgan mulkka moddiy zarar yetkazish bilan tahdid qilishni anglatadi (uyiga o‘t qo‘yib yuborish, avtomashinasini buzib, sindirib tashlash va shu kabilar).
Jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma‘lumotlarni oshkor qilish deganda jabrlanuvchi yoki uning yaqinlari tomonidan sir saqlanishi lozim deb hisoblanadigan har qanday ma‘lumotlarni (qonuniy huquq va manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan, ularni uyaltiradigan) tarqatish tushuniladi. Bunday ma‘lumotlar yolg‘on, uydirmali yoki haqiqiy ma‘lumotlar bo‘lishi mumkin. Masalan, shaxsning tanosil yoki OIV/OITS bilan kasallanganligini oshkor qilish va hokazo.
Tovlamachi ma‘lumotlarni bir necha shaxslar orasida tarqatish, masalan, birga ishlaydigan xodimlari orasida yoki alohida shaxslarga ham tarqatish bilan qo‘rqitishi mumkin (masalan, uning rahbariga yoki turmush o‘rtog‘iga).
Tovlamachilikdagi qo‘rqitish aniq xususiyatga ega bo‘lish bilan birga, uning qo‘llanilishi jabrlanuvchi uchun ma‘lum bo‘lishi lozim.
Tovlamachilik jinoyati o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilgan vaqtdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Tovlamachilik jinoyatining sub‘yekti 14 yoshga to‘lgan har qanday shaxs hisoblanadi.
Sub‘yektiv tomondan tovlamachilik to‘g‘ri qasdda ifodalanadi, ya‘ni aybdor jabrlanuvchidan unga hech qanday huquqi bo‘lmagan o‘zganing mulkini talab qilayotganligini anglaydi va uni sodir etishni xohlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17- apreldagi “Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar bo‘yicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi 11-sonli qarorining 12- bandiga ko‘ra, “Qarzdordan qarzni talab qilish Jinoyat kodeksining 165- moddasi bilan tavsiflanishi mumkin emas, lekin ayrim hollarda o‘zboshimchalik (JK 229-m.) tariqasida baholanishi lozim”.
Agarda qilmishda qarzdor va qarz beruvchi o‘rtasida foizlar to‘lash bo‘yicha oldindan kelishuv bo‘lmagan bo‘lsa, berilgan qarz uchun foiz talab qilish tovlamachilik jinoyati tarkibini tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 15-martdagi “Savdo sohasidagi jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi 9-sonli qarorining 3-bandiga ko‘ra: “Qanday bo‘lmasin mulkiy manfaatdor bo‘lish maqsadida tovarlar- ning bozorga erkin kirib kelishiga har qanday yo‘sinda to‘sqinlik qilish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni bozordan siqib chiqarish, o‘ta yuqori narxlarni sun’iy ravishda saqlab turish to‘g‘risida talab qo‘yish va tovar egasiga, bozor ma‘muriyati yoki o‘zga shaxslarga nisbatan zo‘rlik ishlatish, ularni zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, mulkiga shikast yetkazish yoki mulkini nobud qilish bilan bog‘liq boshqa harakatlar tovlamachilik (reket) tariqasida Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinmog‘i lozim. Tovlamachilik mulkiy manfaatdor bo‘lish maqsadida talab qo‘yishda yoxud tovlamachi foydasiga mulkiy xarakterdagi harakatlarni sodir etishda (tovarni past narxda yoxud tekinga berishda, tovarni zo‘rlik ishlatib olib qo‘yishda va shu kabilar) ifodalanishi mumkin. Tovlamachilik uchun jinoiy javobgarlikka tortishga aybdor zo‘rlik ishlatish to‘g‘risidagi tahdidini amalga oshirgan bo‘lishi shart bo‘lmay, bunday talab qo‘yilishining o‘zi yetarlidir”.
Tovlamachilik: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) ko‘p miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, qilmish Jinoyat kodeksi 165-moddasi ikkinchi qismining tegishli bandlari bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Tovlamachilik: a) juda ko‘p miqdorda; b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, qilmish Jinoyat kodeksi 165-moddasi uchinchi qismining tegishli bandlari bilan kvalifikatsiya qilinadi (mazkur belgilar mazmuni haqida 164-moddaning sharhiga qarang).
3. O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish
Qonunga ko‘ra o ‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish deganda aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish tushuniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi “Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar bo‘yicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi 11-sonli qarorining 3-bandida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish tushunchasiga quyidagicha ta‘rif berilgan: “mansab vazifalari yoxud shartnomaviy munosabatlarga ko‘ra, tasarruf qilish, boshqarish, yetkazib berish yoki saqlash bo ‘yicha qonuniy vakolatlarni amalga oshiruvchi shaxsga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini qonunga xilof ravishda tekinga o ‘zining mulkiga yoki boshqa shaxsning mulkiga aylantirishi o‘zlashtirish yoki rastrata qilish deyiladi”.
Yuqorida ta‘kidlangan qonuniy vakolatlarga ega bo‘lmagan, ammo topshirilgan ishni yoxud xizmat vazifalarini bajarishi tufayli mulk saqlanadigan joyga kirish huquqiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan o‘zganing mulkining talon-toroj qilinishi o‘g‘rilik deb tavsiflanadi.
Ushbu tushunchadan kelib chiqqan holda mazkur jinoyat tarkibida ikki alohida jinoyatlarning tarkibi mujassamligini ko‘rish mumkin. Ular quyidagilar: 1) o‘zlashtirish yo‘li bilan o‘zganing mulkini talon-toroj qilish; 2) rastrata yo‘li bilan o‘zganing mulkini talon-toroj qilish.
O‘zlashtirish deganda aybdorning qonuniy egaligida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘z manfaatlari yo‘lida mulkdorning erkiga qarshi ravishda ushlab qolish va foydalanish tushuniladi.
O‘zlashtirishda talon-torojning barcha belgilari mavjud bo‘ladi.
O‘zlashtirish aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘z ehtiyojlari uchun qonunga xilof ravishda o‘tkazib olishda namoyon bo‘ladi. O‘zlashtirilgan mulk aybdorning tasarrufida bo‘lib, mulk sarf qilib yuborilmagan bo‘ladi.
Rastrata deganda aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini qonunga xilof ravishda, o‘zining shaxsiy manfaatlari yo‘lida qaytarish imkoniyatisiz ularni sarflab yuborishi va har qanday usulda o‘zidan begonalashtirishi tushuniladi. Masalan, o‘zganing mulkini iste‘mol qilish, sotib yuborish, sovg‘a qilish, qarzga berish yoki mavjud qarzlarini qoplash va boshqalar.
Bundan ko‘rinib turibdiki, rastrata quyidagi ikki ko‘rinishda namoyon bo‘ladi:
1) o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zganing mulkini sarflab yuborish;
2) o‘zganing mulkini o‘zidan begonalashtirish (uchinchi shaxslar foydasiga o‘tkazish).
Odatda, rastrata o‘zlashtirishdan keyingi bosqich hisoblanadi, ya‘ni mulkni sarflab yuborish uchun avval uni yuridik nuqtai nazardan o‘ziga o‘zlashtirish kerak, ya‘ni o‘zganing mulkini mulkdorga qaytarmaslik qaroriga kelib, manfaatlari uchun mulkni o‘z ixtiyoriga o‘tkazish zarur.
O‘zlashtirish ko‘rinishidagi talon-toroj aybdorning ixtiyoriga qonuniy yo‘l bilan o‘tkazilgan va qonuniy ravishda ishonib topshirilgan o‘zganing mulkini qonunga xilof yo‘l bilan o‘z manfaatlari uchun mulkdorning erkiga qarshi ravishda ushlab qolib, undan g‘arazli maqsadlarda foydalana boshlagan vaqtdan boshlab, tugallangan hisoblanadi.
Rastrata jinoyati aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini to‘la yoki qisman sarflab yuborgan yoki o‘zidan begonalashtirilgan vaqtdan boshlab, tugallangan hisoblanadi.
Mustaqil jinoyat tarkibi sifatida o‘zlashtirishning alohida qilmishga ajratishning o‘ziga xosligi jinoiy qilmishni sodir etish usulidagi o‘bektiv tomonning xususiyati bilan izohlanadi.
O‘zlashtirish talon-torojning boshqa shakllaridan farqli o‘laroq, boshqa talon-toroj shakllarida o‘zganing egaligida bo‘lgan mulkni aybdorning o‘zi olib qo‘ysa yoki mulkni o‘ziga o‘tkazishda aldash yo‘li, jismoniy zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib olinsa, o‘zlashtirishda o‘zganing mulki aybdorga huquqiy asoslarga ko‘ra berilib, aybdor egaligiga o‘tadi hamda uni qonunga xilof ravishda egallaydi.
O‘zlashtirishda, mulkdor yoki mulkning qonuniy egasi o‘z ixtiyoriga ko‘ra mulkini boshqa shaxsga qandaydir aniq maqsadlarga ko‘ra o‘tkazadi va aybdor ushbu mulkdan vaqtinchalik foydalanish yoki egalik qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday huquq fuqaroviy huquqiy munosabatlar asosida mavjud bo‘lishi mumkin. Masalan, mulkni ijaraga berish, mulkni saqlab berish va hokazo.
Mulkka egalik qilish huquqi mulkni tasarruf qilish bilan bog‘liq bo‘lgan shaxsning xizmat faoliyatlari asosida ham yuzaga kelishi mumkin. Masalan, savdo tashkilotlarining ishchisi, ekspeditorlar, omborxona yoki boshqa mulk saqlash joylarining rahbarlari, mulkiy qimmatliklarni tasarruf qilish bilan bog‘liq bo‘lgan mansabdor shaxslar, kassirlar va savdo do‘konlarining sotuvchilari va boshqalar.
O‘zlashtirishda, o‘zganing mulki boshqa biron-bir shaxsning ixtiyorida, egaligida muayyan maqsadlar bilan qonuniy asoslarga ko‘ra mavjud bo‘lishi kerak.
Mulk boshqa shaxsga foydalanish huquqini bermagan holda ham egalik qilish uchun o‘tkazilishi mumkin, masalan, mulkni o‘zga shaxsning ixtiyoriga saqlash uchun berilishi.
Mulkka qonuniy egalik qilishda mulkni tasarruf qilish bo‘yicha barcha huquqlarga ega bo‘lish yoki alohida huquqqa ega bo‘lish ham mumkin, biroq bunday holatlar har doim mulkdorning manfaatlari uchun amalga oshirilishi va mulkdorga zarar yetkazishni nazarda tutmasligi lozim.
O‘zlashtirish o‘bektiv tomondan aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini aybdorning o‘z manfaatlari yo‘lida mulkdorning erkiga qarshi ravishda ushlab qolish va o‘zining mulkidek foydalanishida namoyon bo‘ladi.
O‘zlashtirish faol harakatlarda sodir etiladi, masalan, savdo do‘konining sotuvchisi unga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan savdo mollarini o‘z manfaatlari uchun foydalanish maqsadida mulkni egallab olishi.
Yuridik nuqtai nazardan o‘zlashtirish har doim mulkdorning ixtiyoriga zid ravishda o‘zganing mulkini o‘zining foydasiga qaratish bilan bog‘liq bo‘lgan huquqqa xilof harakatlarda ifodalanadi.
O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatining sub‘yekti maxsus sub‘yekt hisoblanadi, ya‘ni o‘zganing mulki huquqiy asoslarga ko‘ra ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan 16 yoshga to‘lgan shaxs hisoblanadi.
Mulkdor boshqa shaxsga mulkka egalik qilish, undan foydalanish, tasarruf etish bo‘yicha yuridik vakolatlar bersa, mulk ishonib topshirilgan deb topiladi.
Sub‘yektiv tomondan mazkur jinoyat faqat to‘g‘ri qasdda ifodalanadi. Jinoyatning zaruriy belgisi bu aybdorda g‘arazgo‘ylik niyatlarining mavjudligidir.
O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish: a) ko‘p miqdorda; b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; g) mansab mavqeini suiiste‘mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, qilmish Jinoyat kodeksi 167- moddasi ikkinchi qismining tegishli bandlari bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Mansabdor shaxsning o‘zganing mulkini qonunga xilof ravishda qaytarib bermaslik sharti bilan g‘araz niyatda tekinga o‘zining mulkiga yoki boshqa shaxslarning mulkiga aylantirishda ifodalanuvchi mansab vakolatlarini suiiste‘mol qilishi talon-toroj qilish hisoblanadi va Jinoyat kodeksi 167-moddasi ikkinchi qismining «g» bandi bilan tavsiflanadi.
Bu o‘rinda shuni nazarda tutish lozimki, agar o‘zgalar mulkining g‘ayriqonuniy ravishda tekinga aybdorning mulkiga aylantirish maqsadi bilan olib qo‘yilganligi aniqlanmagan bo‘lib, lekin boshqa g‘ayriqonuniy harakatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, bunday harakatlar (masalan, tovar-moddiy boyliklarining kamomadi; o‘zganing mulkidan o‘zinikiga aylantirib olish maqsadisiz vaqtincha foydalanish; o‘zganing mulkini qarzga berib yuborish va hokazo) talon-toroj qilish deb tavsiflanishi mumkin emas. Yetarli asoslar mavjud bo‘lganda, ko‘rsatilgan harakatlar mansab vakolatlarini suiiste‘mol qilish deb tavsiflanishi kerak.
Mansab mavqeini suiiste‘mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini talon-toroj qilish Jinoyat kodeksi 167-moddasining ikkinchi qismi dispozitsiyasida alohida kvalifikatsiya belgisi sifatida nazarda tutilganligi sababli, mansabdor shaxsning bunday xatti-harakatlari, agar aybdorning qasdi o‘zganing mulkini egallashga qaratilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksi 205-moddasi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilinmaydi. Biroq mansabdor shaxsning qilmishida alohida, o‘zganing mulkini talon-toroj qilish qasdi bilan bog‘liq bo‘lmagan hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste‘mol qilish tarzidagi jinoyat tarkibi mavjud bo‘lsa, bunday qilmish Jinoyat kodeksi 167 va 205-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinmog‘i kerak.
Agar mansabdor shaxs o‘zi sodir etgan talon-toroj jinoyatini yengillashtirish yoki yashirish maqsadida rasmiy hujjatlarga bila turib yolg‘on ma‘lumotlar va yozuvlar kiritgan bo‘lsa, uning qilmishi Jinoyat kodeksi 167 va 209-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi6.
O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish: a) juda ko‘p miqdorda; b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab; g) kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, qilmish Jinoyat kodeksi 167- moddasi uchinchi qismining tegishli bandlari bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Kompyuter tizimiga kirish usullari xilma-xil bo‘lib, basharti aybdor o‘ziga ishonib topshirilgan yoki uning muayyan ishni amalga oshirishi uchun ixtiyorida bo‘lgan dasturiy ta‘minot orqali pul mablag‘larini talon-toroj qilsa, qilmish Jinoyat kodeksi 167-moddasi uchinchi qismi «g» bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Jinoyat kodeksi 167-moddasi to‘rtinchi qismiga muvofiq, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |