KURS ISHINING DOLZARBLIGI: Bugungi kunda mamlakatimizdagi islohotlar, eng avvalo, dunyoda, shu jumladan, jahon iqtisodiyoti kon’yunkturasida yuz berayotgan turli o‘zgarishlarga mos holda amalga oshirilmoqda. Tanlab olgan yo‘limiz global inqirozdan keyin jahon iqtisodiyoti rivojlanish sur’atlari pasaygan bir sharoitda o‘zining barqarorligi va hayotiyligini ko‘rsatayotir.
Ekspertlarning tasdiqlashicha, O‘zbekistonda kuzatilayotgan makroiqtisodiy barqarorlik tashqi salbiy ta’sirlarga samarali qarshi turish imkonini berayapti.
Ayni vaqtda mamlakatimizda 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar izchil ro‘yobga chiqarilmoqda. Ushbu dasturiy hujjat mamlakatimizning mutlaqo yangi taraqqiyot bosqichiga o‘tishi uchun yo‘l ochib berdi. Ekspertlar fikricha, Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi O‘zbekiston uchun katta qadam bo‘lib, mamlakat bu borada izchil va ishonchli harakat qilib, zarur mustahkam asosni yaratgan edi.
Jamiyatning iqtisodiy asosini, inson hayotiy faoliyatining manbaini tushunish uchun ishlab chiqarish jarayonining mazmunini ko‘rib chiqish zarur.
Ishlab chiqarish jarayoni – bu kishilik jamiyatining amal qilishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy ne’matlarni yaratishga qaratilgan maqsadga muvofiq faoliyatdir. Moddiy va ma’naviy ne’matlar yaratish, turli xizmatlar ko‘rsatish jarayoni kishilar iqtisodiy faoliyatining asosiy tomonidir.
Iqtisodiy tahlil boshqaruvning bir funksiyasi sifatida mavjud axborotlarga tayanadi, ammo axborotlar hali hech narsani hal qilmaydi. Ularni menejerning maqsadidan kelib chiqqan holda qayta ishlashni, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha tizimlashtirishni, moliyaviy hisobotlarni iqtisodiy jihatdan o‘qishni talab qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy tahlil orqali amalga oshiriladi
KURS ISHINING MAQSADI: Mahsulot ishlab chiqarishda strukturaviy o'zgarishlarni tahlili mavzusini o`rganish va nazariy taxlil etish orqali o`rganish
KURS ISHINING VAZIFASI:
1. Iqtisodiy tahlil va uning mazmunini o`rganish
2. Tovarlar tarkibidagi strukturaviy o‘zgarishlarning mahsulot hajmiga ta’siri tahlili .Mahsulot ishlab chiqarish maromiyligi tahlili metodik o`rganish
3. Mahsulot sifati tahlili. Mahsulot (ish, xizmat)larning buzilishi va yo‘qotishlar tahlili nazariyasini o`rganish
Iqtisodiy tahlil va uning mazmuni
Bozor iqtisodiyoti – bozorning o‘ziga xos qonunlari, funksiyalari va vazifalarini bajarishga asoslangan iqtisodiy munosabatlarni alohida shaklidir. Bu jarayonda bozor munosabatlarining barcha jihatlari, xususiyatlari amal qiladi.
Bozor subyektlari ya’ni ishlab chiqaruvchilar yoki xaridorlar, mavjud tarkib topgan tizimda talab va taklif, pul muomalasi, raqobat, inqiroz va shu kabi tomonlarga moslashib, o‘z faoliyatini amalga oshirishi shart. Bu esa ularni mazkur sharoitda yashab qolish yoki rivojlanishini ta’minlaydi. Aks holda, ular o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadga erisha olmay bozor munosabatlarida o‘rinlarini yo‘qotadilar. Demak, korxonalar bozordagi mavjud holatni va o‘zlaridagi ichki imkoniyatlarni chuqur o‘rganmay turib faoliyatlarini amalga oshira olmaydilar yoki qo‘yilgan maqsadga erisha olmaydilar.
Bozor munosabatlarida korxonalar faoliyatini boshlashi yoki davom ettirishidan oldin, dastavval uning va o‘zining barcha holat hamda imkoniyatlarini chuqur tahlil qilishga majbur. Natijada, tavakkalchilikka asoslangan, lekin ayni paytda ilmiy asosga ega bo‘lgan faoliyat dasturi ishlab chiqiladi. Dasturga amal qilish esa mablag‘lardan to‘g‘ri va samarali foydalanishni ta’minlaydi.
Bozor munosabatlari rivojlanib, tobora takomillashib borishi korxonalarda tahlil qilinadigan, o‘rganiladigan obyektlar sonini ham ko‘paytirib, murakkablashtirib bormoqda. Jumladan, bozordagi infrastruktura xizmatidan boshlab to korxonadagi ta’minot, ishlab chiqarish, sotish va boshqa hisob-kitoblar hamda moliyaviy munosabatlargacha, qiymat yaratilishi va erishilishining barcha bosqichlari va shu kabilar ular uchun tahlil obyekti bo‘lib qolmoqda, ayniqsa, 2009-yildan boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi iqtisodiy tahlil ishlarida ham jiddiy kamchiliklar mavjudligini va bu borada ko‘plab ishlarni amalga oshirish zarurligini ko‘rsatib berdi.
Ma’lumki, bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyot o‘zgaruvchanlik tavsifiga ega. Korxonalar o‘z faoliyatini har doim uzluksiz uning talablariga moslashtirib boradi. Bu jarayon korxonada marketing tadqiqotlarini ishlab chiqish va unga amal qilishni talab etadi. Demak, tashqi va ichki muhit ta’siridan kelib chiqqan holda korxonalar o‘z faoliyatini marketing yo‘nalishida olib borishga majbur. Natija esa, strategiya va taktikani hamda unga muvofiq keluvchi dasturlar va rejalarni ishlab chiqishni ta’minlaydi.
Bozor sharoitida ilmiy asosda ishlab chiqilgan biznes-rejalar harakat uchun qo‘llanmadir. Rejani ilmiy asosda bo‘lishi bevosita iqtisodiy tahlil ishlari bilan bog‘langandir. Chunki, reja ko‘rsatkichlari bozordagi holat, o‘tgan yillar tajribasi, belgilangan me’yorlar, yetakchi korxonalar hamda ichki imkoniyatlar ahvolidan kelib chiqib belgilanadi.
Mazkur tadbir mulk egalari uchun o‘ta muhim hisoblanib, mablag‘lardan foydalanishda eng yaxshi deb tanlangan samarali yo‘nalishning har bir bosqichida amalga oshiriladigan xatti-harakat aniq belgilanib olinadi. Undan kutiladigan natijalar esa ilmiy asosda hisob-kitob qilinadi. Demak, rejalashtirish ishlarining har bir elementi dastavval turli usullar bilan muqobillik asosida tahlil etiladi. Natijada esa, eng maqbul faoliyat deb tanlab olingan yo‘nalish uchun mablag‘lardan foydalanishda imkon qadar samarali chora-tadbirlar ilmiy asosda ishlab chiqiladi.
Korxonalar ishlab chiqarish va tijorat ishlarini amalga oshira boshlaganida haqiqiy ma’lumotlar olinib, u reja ko‘rsatkichlari bilan taqqoslanib ko‘riladi. Bu bilan rejaning naqadar realligiga baho beriladi, yuzaga kelgan ijobiy yoki salbiy holatlar aniqlanadi hamda qay darajada imkoniyatlar ko‘zda tutilgani o‘rganiladi. Haqiqiy ma’lumotlar bevosita bozordagi holat bilan ham bog‘lanadi. Bozordagi o‘zgarishlar va ularning korxona faoliyatiga ijobiy yoki salbiy ta’siri tezkorlik bilan tahlil qilinadi. Shu asosda tegishli chora-tadbirlar belgilanadi. Demak, bozor sharoitida iqtisodiy tahlil vositasida barcha jarayonlar aniq faktlar bilan analitik usulda tahlil qilinib, ularni sintez yo‘li bilan umumlashtirib tegishli qarorlar qabul qilinadi hamda korxona faoliyatiga ta’sir o‘tkaziladi.
Iqtisodiy tahlil bozor sharoitida faqatgina haqiqiy holatni o‘rganib uni ijobiy tomonga o‘zgartirish vazifasini bajaribgina qolmay, balki uning vositasida korxona faoliyati bilan qiziquvchi tashqi shaxslar uchun ham zarur bo‘lgan ma’lumotlar tayyorlanadi. Bu bilan korxonani moliyaviy holati hamda iqtisodiy imkoniyati to‘g‘risida ham to‘la tasavvur hosil qilinadi. Natijada esa, korxonaga ko‘plab hamkorlar jalb etish imkoniyati tug‘iladi.
Bozor munosabatlari sohasida har qanday xo‘jalik yurituvchi subyektning o‘z tasarrufidagi barcha resurslar – moliyaviy, moddiy va mehnat resurslari harakati hamda ulardan foydalanish samaradorligini to‘g‘ri boshqarishni ta’minlashi zarur bo‘ladi. Ammo, ko‘pgina korxona va tashkilotlar iqtisodiy mustaqillik hamda ichki va tashqi bozorda bitimlar tuzish huquqini qo‘lga kiritganlaridan so‘ng xo‘jalik yuritishning yangi sharoitlariga tayyor emasliklari ayon bo‘lib qoldi. Bozor iqtisodiyoti sohasida boshqaruv subyektlariga faqat axborotga ega bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi. Bu axborot bilan ishlash, to‘g‘ri xulosalar chiqarish va ulardan ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida foydalanish zarur bo‘ladi. Samarali boshqarishda eng muhimi axborot va undan foydalana bilishdir.
Iqtisodiy axborotlar bilan ishlashning eng muhim jihatlaridan biri uni tahlil qilishdir. Tahlil davomida xo‘jalik faoliyatini o‘rganishda hamda xulosalar chiqarishda asos bo‘ladigan bir qator ko‘rsatkichlardan foydalaniladi.
Iqtisodiy tahlilning ikki xil yo‘nalishini ko‘rsatish mumkin:
Sanoat korxonalarining xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish.
Iqtisodiyot tarmoqlarining boshqa tarmoqlarini tahlil qilish.
Bunda iqtisodiy tumanlar, hududlar va butun iqtisodiyot tarmoqlarini tahlil qilish tushuniladi. Shuni aytish kerakki, iqtisodiyot tarmoqlarini tahlil qilish iqtisodiy fanlar majmuasida mustaqil o‘rin olmagan bo‘lib, u siyosiy iqtisod va tarmoqlar iqtisodiyoti kurslarida o‘rganiladi, holbuki, korxonalarning xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish iqtisodiy fanlar qatoridan o‘ziga xos mustaqil o‘rin olgan.
Hozirgi sharoitda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini jadallashtirishda, iqtisodiyotdagi noqulay yo‘nalishlarni tez bartaraf etishda, iqtisodiyotni boshqarishni tubdan qayta isloh qilishni jadallashtirish birinchi navbatdagi vazifadir. Iqtisodiy tahlilni takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari iqtisodiyotni boshqarish, qayta qurishning mohiyati va uni amalga oshirish tamoyillari bilan bevosita belgilanadi. Iqtisodiyotni boshqarishni tubdan qayta qurishning mohiyati – barcha darajalarda, asosan, ma’muriy rahbarlik usullaridan iqtisodiy usullarga, manfaatlar orqali boshqarishga, boshqarishni keng demokratiyalashga, inson omilini butun choralar bilan kuchaytirishga o‘tishdir. Hozirgi bosqichda tub islohotni amalga oshirish bozor iqtisodiyoti afzalliklarini mumkin qadar to‘laroq ro‘yobga chiqarish imkonini beradigan yaxlit, samarali va epchil boshqarish sistemasini vujudga keltirishni taqozo etadi.
Xo‘jalik faoliyatini muvaffaqiyatli boshqarish ko‘pgina ta’sir etuvchi omillarga, shartlarga va holatlarga bog‘liq bo‘ladi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek, korxonalar faoliyatini boshqarishda boshqaruv funksiyasi asosiy mavqeni egallaydi, shu bilan birga tahlil ham ushbu funksiyalarning to‘liq faoliyati va darajasi ko‘p jihatdan ularning uslubiyatiga bog‘liqligi bilan, bundan tashqari boshqaruv obyektida fanning predmetini o‘z vaqtida aniq tushunishi bilan ajralib turadi.
Bizga ma’lumki, odatda, har qanday fan o‘z predmeti orqali obyektiv borliqning qaysidir tomonlari va qismlarini tushuna oladi. Aynan bitta obyektni turli xil fanlar o‘zining ixtisoslik tomonlaridan yoki aloqalaridan kelib chiqib turlicha qarashi mumkin. Ko‘rinib turganidek, xo‘jalik faoliyati o‘zining mazmuni va strukturasi jihatidan murakkab obyekt ekanligi bilan ajralib turadi. Shu sababli korxonalarning xo‘jalik faoliyatini ko‘pgina iqtisodiy fanlar hamda boshqa fanlar o‘rganishi mumkin. Har bir fan jamiyat, tabiat va idroklash, taraqqiyot haqida ma’lum bir darajada bilim beradi. Bunday bilim berishda yoki o‘rganishda tabiat va jamiyatni rivojlantirishdagi umumiy qonuniyatlarga, tamoyillariga amal qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |