Axborot quyi tizimi dolzarb ma’lumotlarni to‘plash, saqlash, uzatish va qayta nazorat qilish mexanizmlari va kanallari mjmuini o‘z ichiga oladi. Uning asosiy vazifasi iqtisodiy qarorlarni muvofiqlashtirishdan iborat. Muvofiqlashtirish mexanizmlari orasidan rejalashtirish mexanizmi sifatida tavsiflanuvchi vertikal (ierarxik) va gorizontal, ya’ni bozorga xosini alohida ko‘rsatish mumkin.
Rag‘batlantirish quyi tizimi xo‘jalik qarorlarini amalga oshirishni ta’minlovchi rag‘batlantirish mexanizmlar va qoidalarni qamrab oladi. U majburlash, moddiy rag‘batlantirish, sodiqlik, ijtimoiy o‘z-o‘zini anglash va an’analar kabi shakllarni o‘z ichiga oladi.
2. IJTIMOIY-IQTISODIY TIZIMNING ASOSIY XUSUSIYATLARI VA ELEMENTLARI
Iqtisodiy tizimlar turli-tuman bo‘lishi bilan birga qator universal xususiyatlarga ham ega va ular asosiy iqtisodiy masalalarni hal etish usullari (metodlari)ga bog‘liq bo‘lmagan holda tavsiflanadi. Ularga quyidagilar taalluqli:
1. Yaxlitlik, bu eng avvalo, iqtisodiy tizim komponentlarining o‘zaro bog‘liqligini anglatadi, bunda tizim komponentlaridan birining o‘zgarishi uning boshqa komponentlariga ham ta’sir ko‘rsatadi va butun tizimning o‘zgarishiga olib keladi. Masalan, ishlab chiqarish vositalarining almashtirilishi natijasida muvofiq ravishda ishlab chiqarish munosabatlari va butun tizim ham o‘zgaradi.
2. Ierarxiylik. Bu har bir tizim yanada yuqoriroq tartibning elementi sifatida qaralishi mumkinligini bildiradi. Masalan, O‘zbekistonning o‘tish iqtisodiyoti, jahon tizimining elementlaridan biri sifatida ko‘rilishi mumkin.
3. Integrativlik, bu tizim o‘z elementlarida mavjud bo‘lmagan xususiyatlarga egaligini anglatadi (masalan, har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarning ma’lum miqdori mavjud bo‘lgandagina mumkin bo‘ladigan mehnat taqsimoti).
Bunday holatda iqtisodiy tizim iqtisodiy jarayonlar kechadigan davralarni yuzaga keltiradigan tuzilma sifatida ko‘riladi. Uning doirasida ishlab chiqarish, taqsimot va iste’mol real xo‘jalik tizimining qismlari sifatida namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy-iqtisodiy muhit tushunchasiga alohida e’tibor qaratiladi. Insonlar o‘z qobiliyatlari, mahoratlari va ehtiyojlari bilan, shuningdek, tabiiy va moddiy xalq xo‘jaligi resurslari, texnologik bilimlar, siyosiy va madaniy tizimlar, jahon iqtisodiyoti ham unga taalluqlidir.
Har bir mamlakatning iqtisodiy tizimi juda murakkab tuzilishga ega. U qonunlar (masalan, mulkchilik huquqlari to‘g‘risidagi), qarorlar, buyruqlar, soliqlar, subsidiyalar va h.k., ya’ni davlat asosiy iqtisodiy masalalar: nima ishlab chiqarish, qanday ishlab chiqarish va qay tarzda taqsimlash kabilarning yechimiga ta’sir ko‘rsatadigan vositalarni o‘z ichiga oladi.
Iqtisodiy tizim, shuningdek, o‘lchamlari, mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan, mahalliy kapital ishtirokida tashkil etilgan yoki xorijiy mulkdorlar nazoratida bo‘lgan firmalarni ham o‘z ichiga oladi. Ham boy, ham nochor iste’molchilar ham uning ajralmas qismi hisoblanadi.
Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda resurslarni joylashtirish masalasi ko‘p sonli yakka ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar tomonidan hal etiladi. Iqtisodiyotning bozor tipida asosiy (bazaviy) iqtisodiy muammolarga taalluqli barcha qarorlar markazlashtirilmagandir. Mana shuning uchun ham, erkin bozor tizimi ko‘pincha narxlar tizimi (price system) deb ataladi.
Shunday qilib, iqtisodiy tizimlarni murakkab va ko‘ptarmoqli hodisa sifatida ko‘rish mumkin ekan. Biroq shunday fundamental yondoshuvlar mavjudki, ulardan tizimlar o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash maqsadida foydalanish mumkin:
birinchisi - shaxsiy huquqlar darajasi ( mulkchilik huquqlari),
ikkinchisi - iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish darajasi,
uchinchisi - alohida shaxslarning javobgarlik darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi rag‘batlantirish tizimi.
Birinchi yondoshuvga nisbatan, boshqaruv tizimi alohida shaxslarning iqtisodiy huquqlari bo‘yicha muayyan cheklovlarni belgilab beradi. Alohida shaxslarning haq-huquqlarini saqlab qolishga davlat qay darajada (aktiv yoki passiv) imkon berishi, boshqa shaxslar tomonidan (ba’zida davlat tomonidan ham) bu huquqlarning poymol qilinishidan himoya qilishi va kafolatlashi ham muhim ahamiyatga ega.
Har bir jamiyatning tavsifi asosan, o‘z fuqarolariga beriladigan huquq va erkinliklarning ko‘lami bilan belgilanadi. Ular orasida eng muhimlaridan biri mulkka egalik huquqi hisoblanadi. Har qanday jamiyat, shu qatorda sotsialistik ham, o‘z fuqarolariga muayyan shaxsiy mulkka: iste’mol uchun oziq-ovqatlar, kiyim-kechak, uy jihozlari va h.k.ga egalik huquqini beradi. Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, alohida shaxslar (yoki shaxslar guruhi) tasarrufida ishlab chiqarish vositalari borligi, ya’ni tovar ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish uchun lozim bo‘ladigan korxonalar, tashkilotlar, jihozlar va inventarlarga egalik qilishlari juda muhimdir.
Ishlab chiqarish vositalariga nisbatan shaxsiy mulkning mavjudligi yoki aksincha, yo‘qligi o‘tgan asrda iqtisodiy tizimlarda yetakchilik qilgan ikkita asosiy tuzilma o‘rtasidagi farqni aniqlab beradi. Sotsializm ishlab chiqarish vositalariga nisbatan davlat egalik qilgan tizim sifatida ko‘tarilgan. Kapitalizm esa, erkin tadbirkorlik sifatida qabul qilinib, bunda ishlab chiqarish vositalari alohida shaxslar yoki uyushgan guruhlar tasarrufida bo‘lgan. Egalik o‘zi nimani anglatadi? Odatda, u egalik huquqining bir nechta ko‘rinishlarini o‘z ichiga oladi. Ular orasida uchtasi muhim ahamiyatga ega.
Birinchisi - bu tovar yoki resursdan mulk egasining o‘z xohishiga ko‘ra foydalanish huquqi. Ba’zi, ayniqsa, xususiylashtirish (privatizatsiya)ning samaradorligiga oid munozaralarda, uni shuningdek, nazorat huquqi deb ham ataydilar.
Ikkinchisi - mulkdan foydalangan holda foyda yoki boshqa daromad olish huquqi; bu tur naqd pul oqimi huquqi sifatida mashhur.
Uchinchisi - sotuvchi lozim topgan narx bo‘yicha mulkni sotish yoki ayriboshlash huquqi - xohishiga ko‘ra ish tutish huquqi.
Agar alohida shaxslar mana shu barcha huquqlarga ega bo‘lsalar, u holda, ushbu huquqlar majmui unga iqtisodiy faoliyatda ishtirok etish huquqini beradi, chunki bunda u korxona xarid qilish yoki qurish, tovarlar ishlab chiqarish, sotib olish va ularni sotish uchun imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, erkin tadbirkorlik jamiyatlari deb sanalgan mamlakatlarda ham bu huquqlar ma’lum darajada cheklab qo‘yiladi. Masalan, mamlakatning tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi ko‘p holatlarda mulkdorni egalik huquqidan mahrum etib, uni boshqalarga taqdim qilib yuboradi. Shaxsning o‘z mulkidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanish huquqi boshqa shaxslarning, masalan, toza havoga, yorug‘likka yoki ifloslanmagan suvga bo‘lgan huquqlari bilan cheklab qo‘yilishi mumkin. Litsenziyalashtirish sanoatning ba’zi tarmoqlariga kapital joriy etishga to‘sqinlik qiladi, boshqa tarmoqlarga nisbatan esa, davlat yoki xususiy monopoliyalar ko‘rinishidagi cheklovlar mavjud bo‘lishi mumkin. Bozor munosabatlari rivojlangan qator mamlakatlar shunday soliq tizimlariga egaki, ular korporativ yoki shaxsiy foydaning muayyan qismini tortib oladi, bu esa shaxsning mulkdan keladigan daromadga cheklanmagan huquqining buzilishi hisoblanadi.
Egalik huquqi tasarruf qilish huquqini o‘z ichiga oladi. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan ko‘plab mamlakatlar qator hollarda mulkdorlarga o‘z mulkini, tovarlarini o‘zlari maqsadga muvofiq deb topgan narxlarda sotishga yoki xizmat ko‘rsatishga to‘sqinlik qiladilar. Bunday cheklovlar qisqa muddatli yoki yetarli darajada chegaralangan bo‘ladi. Masalan, AQSHda bu qonunlardan tabiat fojialaridan so‘ng chayqovchilikning (faqat o‘z manfaatini ko‘zlash) oldini olish maqsadlarida foydalaniladi. Biroq nazoratning ba’zi turlari uzoq muddatli ham bo‘lishi mumkin. Masalan, bir qancha G‘arbiy Yevropa mamlakatlari uchun monopollashuvning oldini olish maqsadida xususiy kommunal kompaniyalardagi narxlar tartibi va ijara to‘lovlari bahosining tartibga solib turiilishi me’yoriy hol hisoblanadi.
Fuqarolarning iqtisodiy erkinliklarining cheklanishlari ba’zan o‘zining chekka nuqtasiga yetgan, masalan, sotsialistik rivojlanish yo‘lini tanlagan mamlakatlarda fuqarolarning iqtisodiy huquqlari minimumgacha qisqartirilgan edi. Sobiq Ittifoqda deyarli barcha ishlab chiqarish vositalari davlat mulki edi, 1980-yillarning oxiriga kelib ishlab chiqarilgan mahsulot butun hajmining 97% davlat nazorati ostida bo‘lgan. Bu fuqarolarga ishlab chiqarish resurslariga egalik qilish va korxona yaratish huquqi berilmaganligi oqibati edi. Ikkinchi qattiq chora - davlatning aralashmasligi, masalan, Gonkongda Buyuk Britaniya hukmronlik qilgan davrda, korxonalarga va ishchi kuchiga hukumat cheklovlari juda minimal bo‘lgan.
Mulkka egalik huquqi - bu iqtisodiy tizimning eng muhim mezoni hisoblansa-da, u yagona emas. Shaxsning bandlik sohasini tanlash erkinligi ham muhim ahamiyatga ega. Biror kasbni egallash yoki xususiy ish yaratish imkoniyati insonlarning muhim huquqlaridan biri hisoblanadi, bu huquqdan voz kechish esa mamlakat iqtisodiy tizimiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Iqtisodiyotlar o‘rtasidagi tafovut davlat ishlab chiqarishining hissasi bilangina belgilanmaydi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatishning u yoki bu sohalarining davlat tashkilotlariga yoki xususiy sektorga taalluqligiga molik farqlar ham mavjud. Ba’zi mamlakatlarda davlat sog‘liqni saqlash, transport va moliya sohalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatishning bosh yetkazib beruvchisi hisoblansa, boshqa ba’zi mamlakatlarda bu sohalar xususiy tadbirkorlar qo‘lidadir.
Davlat rolining eng muhim ko‘rsatkichi - bu davlatning iqtisodiyotga aralashuvi darajasining o‘lchamidir. Shu bilan bir qatorda, xususiylashtirish, davlat aktivlarining xususiy sektorga o‘tkazilishi ko‘p hollarda boshqaruvning o‘sib borishi bilan birgalikda kuzatiladi. Shunday ekan, xususiy iqtisodiy faoliyat yuqori darajada bo‘lgan mamlakatlar davlat tomonidan yanada kuchliroq boshqariladigan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishi mumkin ekan.
Iqtisodiy tizimlar tuzilmalarini taqqoslab ko‘rish mumkin bo‘lgan ikkinchi muhim ko‘rsatkich, iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish darajasi sanaladi. Bu bir tarafdan rejalashtirishga bog‘liqlik darajasini ko‘rsatsa, boshqa tarafdan - bozorga bog‘liqlikni ko‘rsatadi. Rejalashtirishda davlat nima, qanday va kim (kim uchun) ishlab chiqaradi degan muhim iqtisodiy masalalarni belgilab beradi yoki hech bo‘lmaganda, bularga ta’sir ko‘rsatishga harakat qiladi. Bozor tizimida faoliyatning bu sohasi alohida shaxslarning institutlar orqali amalga oshiradigan vazifasi hisoblanadi, bunda ularning har biri o‘z shaxsiy maqsadlarini ko‘zlaydilar, bu esa natijalarning turli-tumanligiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |