Mustaqillikning dastlabki yillarida ilm-fan. Yuzaga kelgan yangi tarixiy shart-sharoit ilm-fan sohasini tub islohot qilishni taqozo etdi. Zero, dolzarb ilmiy-texnik muammolar hal qilinishi respublikaning rivojlanishini ta’minlar edi.
Avvalo, 1992-yil martdagi Prezident farmoni bilan ilmiy kadrlar tayyorlanishini tashkil etuvchi vakolatli organ – Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tashkil etildi. Prezidentning 1992-yil iyuldagi «Ilm-fanni davlat yo‘li bilan qo‘llabquvvatlash va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risida»gi farmoni asosida respublika olimlari xorijiy mamlakatlarga tajriba oshirishga yuborilishi yo‘lga qo‘yildi. Ilmiy natijalarni ichki va tashqi bozorga olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi Respublika ilmiy ishlanmalarni innovatsiya tijorat markazi Fanlar akademiyasi tarkibida tashkil etildi.
1997-yil Xorazm Ma’mun akademiyasi qayta tiklanib, Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo‘linmasi sifatida tashkil etildi.
2000-yili Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondi dunyoning eng boy qo‘lyozmalar xazinasidan biri sifatida YUNESKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Prezidentning 2006-yil avgustdagi «Fan va texnologiyalar rivojlanishining muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzurida Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tashkil etildi (bugungi kunda vazirlik). Qo‘mitaga fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, akademik va oliy ta’lim muassasalari fani integratsiyalashuviga, ilmiy sohadagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish kabi vazifalar belgilab qo‘yildi.
2008-yildan buyon Toshkentda innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi o‘tkazib kelinmoqda. 2008–2015-yillar davomida o‘tkazilgan I – VIII yarmarkalar doirasida jami 4000 dan ortiq ishlanmalar taqdim etildi. 2008-yildan buyon umumiy qiymati 113 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan 3000 dan ziyod shartnomalar tuzildi.
O‘zbekiston olimlari demokratik va huquqiy jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy va madaniy rivojlanishini tadqiq qilish, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish, energetika va energiya xomashyoni tejash, axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya, kimyo, bio va nanotexnologiyalarni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tibbiyot, farma-kologiya, geologiya, geofizika, seysmologiya bo‘yicha ma’lum yutuqlarga erishib kelmoqda.
Arxeologiya fani sohasida ham ma’lum siljishlar bo‘ldi. Jumladan, 2002-yildan «O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar» yillik to‘plamlari nashr etilib, ularda respublikamiz hududida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarning umumlashma ilmiy xulosalari berib boriladi. 2010-yildan esa «O‘zbekiston Arxeologiyasi» ilmiy jurnali chop etila boshlandi. Fanning boshqa yo‘nalishlaridagi olimlar ham yirik natijalarni qo‘lga kiritishmoqda. Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti tomonidan tayyorlangan 10 jildlik «Tabiiy birikmalar (O‘simlik zaxiralari, tuzilishi va xossalari)» nomli noyob ma’lumotnoma ingliz tilida Londonda chop etildi. Bu ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlik rivojlanayot-ganidan ham dalolat beradi.
Mustaqillikning dastlabki yillari birgina Fanlar akademiyasining ilmiy mahsulot eksporti 8,2 martaga ko‘paydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |