Laboratoriya ishini bajarish tartibi.
Ma’dan minerallarining qaytgan nurlardagi ranglarini sifat ko‘rsatkichlarida aniqlash. Minerallarning mikroskop ostida qaytgan nurlardagi rangi eng muhim diagnostik belgilardan biri sifatida xizmat qiladi. Mineral rangi yorqinligi (qaytarish darajasi) va tusi (nur qaytish dispersiyasi) bo‘yicha farqlanadi.
Ma’dan minerallarining rangi etalon mineral rangi bilan solishtirish yo‘li bilan aniqlanadi. Etalon minerallar sifatida galenit va sfalerit qo‘llanadi. Ular rangsiz minerallar etaloni hisoblanadi. Aslini olganda, qaytgan nurlarda rangsiz minerallar yo‘q, chunki yorug‘lik nuri adsorbsiyalovchi muhitlardan qaytganda, har doim biron-bir rang tusini oladi. Lekin rang tusining kuchi rangsiz minerallarda shunchalik kuchsizki, ularni shartli ravishda rangsiz deb hisoblash mumkin.
Ma’dan minerallarining qaytgan nurlardagi ranglarini aniqlash uslubi quyidagilardan iborat.
Agar shlifda noma’lum mineral yaqinida mineral-etalon joylashgan bo‘lsa, unda yetarli daraja aniqlik bilan nafaqat mineralning rangini, balki uning kuchsiz rang tusini ham aniqlash mumkin.
Tekshirilayotgan mineralni mineral-etalon bilan solishtirib, uning rangini va “rangsiz minerallar” deb ataluvchi guruhga mansub minerallarning rang tusini aniqlash mumkin. Yuqorida minerallar qaytarish darajasini aniqlashda keltirilganidek, rangsiz minerallarning qaytgan nurlardagi rang tuslarini aniqlash qizil, sariq va yashil filtrlarni qo‘llash bilan osonlashadi va aniqlashadi. Yashil rangli filtr ishlatilganda yashil va ko‘k tusli minerallarda (pirargirit, prustit, bulanjerit); sariq rangli filtrda – sariq rang tusli minerallarda (pirit, markazit va boshqalar); qizil rangli filtrda – qizil, pushti va zarg‘aldoq rang tusli minerallarda (arsenopirit, rammelsbergit, xloantit va boshqalar) eng ko‘p qaytarish darajasi kuzatiladi.
Minerallarning juda nozik rang tuslarini ajratish qobiliyati amaliyot natijasida shakllanadi. Ish to‘g‘ri olib borilganda bu qobiliyat anchagina tez rivojlanadi. Bu esa ko‘p uchraydigan, ayniqsa rangi muhim diagnostik belgisi bo‘lgan minerallarning aksariyatini xotira asosida aniqlash imkonini beradi.
Biroq jilolash sifati past bo‘lsa, ma’dan minerallarining qaytgan nurlardagi rangini aniqlashga to‘sqinlik qiladi. Shunday qilib, xalkozin yomon jilolanganda ko‘k rangli bo‘lsa, yaxshi jilolanganda – ko‘k tusli oq rangda; pirit yaxshi jilolanganda sariq tusli oq rangda bo‘lsa, yomon jilolanganda yaqqol sariq rangli bo‘ladi. Shuning uchun shlifni tekshirishni boshlashdan avval, uni yaxshilab zamsha yoki qalin matoga ishqalab, chang va yupqa qoplama pardalardan tozalash kerak, chunki oson oksidlanuvchi minerallar yuzasi yopilib, mineral rangini aniqlashga to‘sqinlik qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |