Mintaqaviy kelishmovchiliklar
Turkiya mintaqaviy jihatdan deyarli barcha qo‘shnilari bilan dushman mamlakatga aylanganga o‘xshaydi. Bugungi kunda Turkiya o‘zi kutmagan holda o‘z chegaralari bo‘ylab dushmanlar halqasini yaratib o‘zini-o‘zi ularga asir qilib qo‘yganday. Hozirgacha Turkiya bilan katta kelishmovchiliklarga duch bo‘lmagan qo‘shnilardan biri Gruziya bo‘lib, u Turkiya uchun nafaqat Kavkaz, balki O‘rta Osiyoga ham yo‘l ochib beruvchi yo‘lakdir. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar almashinuvi 1995-2015-yillarda 20-barobarga oshgan, shuningdek, Turkiya Gruziyadagi Batumi va Tbilisi aeroportlarini qurilishida asosiy homiy bo‘lgan. Gruziya Turkiya uchun Ozarbayjondan keluvchi temir yo‘llari va quvur transportlarini Turkiya hududi orqali o‘tkazish uchun asosiy mamlakatdir. Lekin Turkiya va Gruziya hamkorligi sof iqtisodiy maanfatlar ustiga qurilgan bo‘lib, har qanday siyosiy o‘zgarish bu hamkorlikka chek qo‘yishi mumkin. Gruziya tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishini tashkil qiluvchi YIga va NATOga a’zolikka qabul qilinish uni kelajakda Arman genotsidini tan olishi yoki Ozarbayjondagi Qorabog‘ masalasiga Yevropa Ittifoqi nuqtai nazaridan yondashishiga olib kelishi mumkin. Bunday o‘zgarish ikki davlat o‘rtasida sovuqchilikni keltirib chiqarishi turgan gap. 2014-yilning fevral oyida Gruziya prezidenti Georgiy Margvelashilining Yerevandagi Arman genotsidi xotirasi uchun qurilgan Tsitsernakaberd yodgorligiga tashrif buyurishi va genotsid qurbonlari xotirasiga atab ko‘chat o‘tqazishi Turkiya va Gruziya orasidagi munosabatlarni qanchalik nozik ekanligiga yana bir isbotdir.
Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlar hech qachon yaxshi bo‘lmagan. Chunki Turkiya haligacha 1915-yilda armanlarga qarshi qilingan genotsid va uning oqibatida 1 milliondan ortiq armanlar halok bo‘lgan degan da’voni tan olmagan. Tarixning vazni faqatgina ikki davlatning yaqinlashishiga xalaqit berib qolmasdan, so‘nggi yillarda ushbu muammo yuzasidan Turkiyaning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga sabab bo‘lmoqda. 2015-yilda arman genotsidining 100-yilligini xotiralanishi va bunda Turkiyaning deyarli barcha hamkorlarining ishtirok etishi Turkiya uchun qaqshatqich siyosiy zarba bo‘ldi. Turkiya uchun arman genotsidini tan olish katta siyosiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Bunday voqea o‘z-o‘zidan Armaniston tomonidan Turkiya hududiga da’volar paydo bo‘lishi va albatta xalqaro qonunlarga ko‘ra, Turkiya tomonidan genotsid qurbonlari uchun katta miqdorda tovon to‘lanishiga olib kelishi mumkin. Shunday ekan, Armaniston va Turkiya munosabatlari yaqin kelajakda tuzalmasligi va chegaralar yopiqligicha qolishi mumkin.
Turkiyaning hudud jihatdan eng katta qo‘shni bo‘lgan Eron bilan aloqalari iqtisodiy hamkorlikdan nariga o‘tmagan. Eron Turkiyaga neft yetkazib beruvchi davlat sifatida birinchi va gaz yetkazib beruvchi sifatida ikkinchi o‘rinni egallaydi. 2012-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun Kars (Turkiya) va Jolfa (Eron) shaharlari orasida temir yo‘l liniyasini ishga tushirishga qaror qilinadi, shu loyiha bilan birgalikda ikki davlat chegarasida erkin tovar almashish zonasi tashkil etiladi. Turkiyaning Eronga bo‘lgan munosabati har doim G‘arb mamlakatlaridan farqli bo‘lgan. Masalan, Anqara Eronga qarshi G‘arb sanksiyalariga BMTda qarshi ovoz bergan, Eron va G‘arb o‘rtasidagi muzokarachi davlatga aylanishga harakat qilgan. Bunga sabab Turkiya ham Eron kabi o‘zining Yadro stansiyalarini rivojlantirishga harakat qilyotganida va Eronga qarshi sanksiyalarini olib tashlanishi Turkiyaning iqtisodiy o‘sishiga katta turtki bo‘lgan bo‘lar edi. Shu paytgacha Turkiya Eronga qarshi Xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tib, u bilan noqonuniy tarzda iqtisodiy hamkorliklarni amalga oshirganligi haqida axborotlar tarqagan. Lekin ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy qarashlarning keskin farq qilishi va Eronning Turkiya o‘ziga dushman deb biladigan Suriya, Iroq va Armaniston bilan yaqin hamkorliklari so‘ngi yillarda ikki mamlakat orasiga sovuqchilik soldi. Ayniqsa, Suriya inqirozi boshlangandan beri, Eronning Bashar al-Asad va boshqa shia kuchlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam qo‘lini cho‘zishi, kurdlar armiyasiga IShIDga qarshi kurashishda harbiy ko‘mak berishi va xalqaro maydonda Bashar rejimini himoya qilib chiqishi Eron va Turkiyaning bir-biridan uzoqlashishiga olib keldi. So‘ngi voqealar - Turkiya qo‘shinlarining Iroq hududlariga kirib borishi esa turk-eron munosabatlarini yanada chigallashtirdi.
Turkiya Iroq bilan munosabatarda doim ehtiyotkor bo‘lgan. Birinchidan, geopolitik sabablarga ko‘ra na Saddam Xusayin davrida va na undan keyingi shialar rejimi davrida Turkiya Iroqni o‘ziga do‘st mamlakat deb bilgan. Bundan tashqari, Saddam Husayin davri va AQShning Iroqqa harbiy intervensiyasi davomida Turkiya G‘arb qo‘shinlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlab, urushda ular uchun orqa bazalar va ba’zida askarlar bilan ham ta’minotchi vazifasini bajargan. AQSh tomonidan Bag‘dodda shialar rejimini o‘rnatilishi va buning ustiga Iroq shimolida Kurdiston avtonom viloyatiga asos solinishi turklar uchun siyosiy falokatga teng edi. Turkiya Iroqdagi Kurdlar avtonomiyasi Turkiyada yashovchi kurdlarni Turkiyadan mustaqil bo‘lish uchun harakat qilishiga sabab bo‘ladi deb o‘ylab Iroqdagi kurdlarga qarshi strategiyani emas, balki ularni o‘ziga jalb qilish strategiyasini qo‘llaydi. Kurdiston avtonom viloyati tashkil etilgandan beri Turkiya hukumati bu hududda keng miqdorda investitsiyalarni amalga oshiradi: aeroportlar, quvur transporti, minglab turk-kurd tadbirkorlik tashkilotlariga asos solinishi shular jumlasidandir. Bu strategiya orqali Turkiya nafaqat o‘z hududida istiqomat qiluvchi 15 million kurd aholisi orasida Turkiya hukumati haqidagi tasavvurni yaxshilashni, balki Kurdiston avtonom viloyatini Bag‘doddagi shialar rejimidan, o‘z navbatida esa Erondan uzoqlashtirishni ko‘zda tutgan edi. Lekin Suriyadagi fuqarolar urushi oqibatida turli xil kuchlarning mintaqada paydo bo‘lishi Turkiyani ushbu strategiyasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. IShIDning Iroq va Suriyadagi kurdlar hududlariga hujumlari kuchayishi natijasida nafaqat iroqlik va suriyalik kurdlar, balki Turkiyadagi kurdlar ham o‘z qardoshlari bilan birodorona harakat qilishga kirishib ketadi. Ko‘p yillardan beri Turkiya bilan muxolifatda bo‘lgan va Turk rasmiylari tomonidan terroristik guruh deb qaraladigan PKK (Kurdiston ischilar partiyasi) o‘z qo‘shinlarini Iroq va Suriyaga kurdlarga yordam tariqasida jo‘natadi. Bundan Turkiya qattiq xavotirga tushadi. Azaldan Suriya, Iroq, Eron va Turkiya hukumatlari tomonidan birlashishga yo‘l qo‘yilmayotgan kurdlar orasida o‘zaro yaqinlashish yuz bera boshlagani va bu yaqinlashish asosida ularning milliy birligi yotishi ayniqsa Turkiya uchun qo‘rqinchli holat edi. Bunday vaziyat Turkiyaning Iroqdagi tashqi siyosati boshi berk ko‘chaga kirib qolishiga olib keldi. Endilikda Turkiya na Basharni qo‘llab quvvatlayotgan Bag‘doddagi hukumatni va na Kurdlarni yagona rasmiy uyushmasi bo‘lgan Iroqdagi Kurdiston viloyatini qo‘llab quvvatlay olmas edi. Chunki ikki holat ham birdek uning manfaatlariga zid edi.
Suriya va Turkiya munosabatlari haqida Suriya inqiroziga bag‘ishlangan ishlarda ko‘p marta to‘xtab o‘tilgan. Albatta, Turkiya va Suriya munosabatlari deganda, avvalambor, bu ikki davlatni legitim tarzda aks ettiruvchi hukumatlar haqida so‘z yuritish kerak. Hozircha bu hukumat Suriyada Asad rejimi, Turkiyada esa “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hukumati. Ikki rasmiy tomonning aloqalari Suriyadagi fuqarolar urushining boshidayoq tiklab bo‘lmas darajada buzilgan edi. Bugungi kunda qadar ko‘p narsa o‘zgarmadi. Aksincha, Turkiya Asad bilan kelishish strategiyasidan butunlay voz kechib, unga qarshi bo‘lgan har qanday alternativdan iloji boricha foydalanishga harakat qilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |