Shaxs ijtimoiylashuvining asosiy mezonlari. Ijtimoiylashuv yoki sosializasiya jarayoni. Ijtimoiy institutlar. Oila-maktab-mahalla shaxs ijtimoiylashuvining maskanlari sifatida.
Ijtimoiylashuv jarayonida shaxs hayotiy yo’nalishining shakllanishi. Shaxs yo’nalganligining eng muhim tarkibiy qismlari. Mas’uliyat. Maqsadlar va ideallar. Qiziqishlar va e’tiqod. Iymon. Dunyoqarash.
6.1. Shaxs ijtimoiy ta’sirlar mahsuli sifatida
“Shaxs” tushunchasi psixologiyada eng ko’p qo’llaniladigan tushunchalar sirasiga kiradi. Psixologiya o’rganadigan barcha fenomenlar aynan shu tushuncha atrofida qayd etiladi. Inson ruhiy olami qonuniyatlari bilan qiziqqan har qanday olim yoki tadqiqotchi ham shaxsning ijtimoiyligi va aynan jamiyat bilan bo’lgan aloqasi masalasini chetlab o’tolmagan.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “Homo sapiens” – “aqlli zot” tushunchasini o’zida ifoda etuvchi jonzotning paydo bo’lganiga taxminan 40 ming yildan oshibdi. Bu davrda olimlarning e’tirof etishlaricha, 16 ming avlod almashgan. Ch.Darvin ta’biri bilan aytganda, tabiiy tanlanish jarayonida yer yuzida saqlanib qolgan minglab millat va elatlarning keyingi davrdagi taraqqiyoti ko’proq biologik omillardan ko’ra, ijtimoiy omillar ta’sirida ro’y bermoqda. Shuning uchun ham har bir individni yoki shaxsni o’rganish masalasi uning bevosita ijtimoiy muhiti va uning ijtimoiy normalari doirasida o’rganishni taqozo etadi.
Ijtimoiy muhit – bu insonning aniq maqsadlar va rejalar asosida faoliyat ko’rsatadigan dunyosidir. Mazmunan har bir insonning shu ijtimoiy olam bilan aloqasi uning insoniyat tajribasi, madaniyati va qabul qilingan, tan olingan ijtimoiy xulq normalari doirasidagi harakatlarida namoyon bo’ladi.
Demak, har bir shaxsning fe’l-atvorida atrofdagi do’stu-yorlari, oilasi, tarixiy zamon, davr, davlat tuzumi va o’sha jamiyatdagi siyosat, iqtisodiyot va mafkuraning ta’siri bo’lib, bu ta’sir uning yaxlit dunyoqarashi, fikrlash tarzi, tafakkurida o’z aksini topadi. Bunday ta’sirlarning ikki xili farqlanadi:
makro bosqichdagi ta’sirlar, ya’ni keng ma’nodagi ijtimoiy-ma’naviy, siyosiy hamda iqtisodiy muhit ta’sirlari;
mikro bosqichdagi ta’sirlar, yoki odamni bevosita o’rab turgan muhitdagi ijtimoiy muloqot va muomaladan ta’sirlanishi. Boshqacha qilib aytganda, bunday ta’sirlarni shaxs bevosita oila muhiti, ta’lim muassasalari, mahalla-kuy, mehnat jaoasidagi hamda do’stlari davrasidagi mulolqotlardan oladi.
Bir qarashda ikkinchi bosqich ta’sirlarigina shaxsning insoniy qiyofasi hamda fe’l-atvorini belgilaydiganday tuyuladi. Chunki xalqimizda “qush uyasida ko’rganini qiladi”, degan naql ham bor. Ayniqsa, bizning “o’zbekchiligimiz”da odamning tug’ilib o’sgan oilasi, mahallasi, kimning avlodi-yu, kimning zurriyodi ekanligi, ta’lim olgan dargohiga katta e’tibor beriladi. Ko’pincha xalqda: “Hovli olma, qo’shni ol”, degan maqol ham ishlatiladiki, bu ham farzandlar kamoli va oilaning tinchligida yon-atrofning ahamiyatiga ishoradir. Lekin makro bosqichdagi ta’sirlarning ahamiyatini kamsitish ham to’g’ri bo’lmaydi. Masalan, sho’rolar tuzumi jamiyat a’zolarini mute, manqurt, ihlossix, tobe, ma’lum bir ma’noda iymonsiz bo’lib qolishiga sababchi bo’ldi. Chunki bunga asosan o’sha muhitdagi nosog’lom e’tiqodlar, g’ayriinsoniy tashviqotlar, inson qadrini, uning mehnatini yerga uruvchi iqtisodiy siyosat (hamma bir xil turmush tarziga ega bo’lishi, “ishlamasa ham tishlayverish”), kommunistik mafkura sabab bo’ldi. Tarixdan shu narsa ma’lumki, qaysi davlat va jamiyat tarixida bosqinchilik siyosati yurgizilgan bo’lsa, o’sha jamiyat odamlari psixologiyasida tobelik, diyonatsizlik, ixlossizlik ustun bo’lavergan.
Mustaqillik psixologiyasi shundayki, unda har bir shaxs o’zining erkin mehnati bilan o’zi va o’zgalar manfaati haqida birday qayg’uradi, chunki har bir shaxs fidokorona mehnat qilmasa, tinimsiz izlanmasa, na o’zining, na yaqinlarining, boshqalarning “kosasi oqarmaydi”, “biri ikki bo’lmaydi”. Shuning uchun ham istiqlol yillarida O’zbekiston fuqarolarining psixologiyasida, ularning qadriyatlarni idrok qilishlari va kundalik amallarida o’z shaxsiy kamoloti, oilasi farovonligi, Vatan ravnaqi uchun nima qilish lozimligini ifodalovchi qarashlarida tub o’zgarishlar ro’y bermoqda. Bu o’zgarishlarni o’rganuvchi psixologiya fani oldida ham qator dolzarb vazifalar turibdi.
Psixologiya ilmining namoyondalari bo’lmish olimlarning butun bir avlodi ana shu shaxs va jamiyat aloqalari tizimida, makro hamda mikro bosqichlardagi ta’sirlarning tub mohiyatini anglash, uning rivojlanishi va kamol topishi qonuniyatlarini izladilar. Abu Nasr Farobiy, A.Navoiy, Ibn Sino, Beruniy kabi yuzlab Sharq allomalari ham bu o’zaro bog’liqlikning falsafiy va ijtimoiy sirlarini ochishga o’zlarining eng durdona asarlarini bag’ishlaganlar. Barcha qarashlarga umumiy bo’lgan narsa shu bo’lganki, odamni, uning mohiyatini anglash uchun avvalo uning shu jamiyatda tutgan o’rni va mavqyeini bilish zarur. Shaxsni o’rganishning birlamchi mezoni ham shundan kelib chiqqan holda, uning ijtimoiy mavqyei, ijtimoiy munosabatlar tizimidagi o’rni bilan belgilanishi kerak.
Lekin, shaxs bilan jamiyat o’rtasidagi o’zaro aloqalar masalasida birdaniga, bir xil yechimga kelinmagan. Bu o’zaro munosabatlar asosan ikki polyar nuqtai nazardan kelib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |