Tushunchalar – tafakkurning shunday mahsuliki, unda narsa va hodisalarga xos bo’lgan eng umumiy va xarakterli xususiyatlarni o’z aksini topadi. Ular umumiy va juz’iy, konkret yoki mavhum bo’lishi mumkin. Masalan, “ong” tushunchasini oladigan bo’lsak, uning eng muhim va boshqa tushunchalardan farq qiladigan jihatlarini ajratishimiz kerak: faqat insonga xoslik, oliy darajadagi aks ettirish, olamni bilish mexanizmi ekanligi va hokazo.
21-rasm. Tafakkur qilish jarayonining mahsullari
Hukmlarda – atrofimizdagi narsalar va hodisalar o’rtasidagi bog’liqlikni aks ettiradi. Masalan, “Inson ongli mavjudot” degan hukm – fikr “odam, inson”, “ong” va “mavjudot” tushunchalari o’rtasidagi bog’liqlikni ifodalab turibdi. Ana shunday hukmlar bizning nutqimizda har kuni juda ko’p ishlatiladi va ular tabiatan turli bog’liqliklarni tasdiqlaydi yoki inkor qiladi yoki rost va yolg’on bo’ladi. Shaxsning insoniyligi aslida u ishlatadigan iboralarning qanchalik mantiqqa, hayotiy haqiqatlarga to’g’ri kelishi, argumental ekanligi bilan baholanadi. Doimo to’g’ri, mantiqan fikr yuritgan odamni biz “bama’ni, gapida jon bor, haqiqatgo’y” deb ta’riflaymiz.
Xulosalar – mantiqiy tafakkurning yana bir mahsuli bo’lib, ular fikrlar, hukmlar va tushunchalar o’rtasidagi bog’lanishdan yangi bir fikrlarni keltirib chiqarishni nazarda tutadi. Masalan:
1- hukm: O’zbekiston – mustaqil davlat.
2-hukm: Qirg’iziston – mustaqil davlat.
3-hukm: Qozog’iston – mustaqil davlat.
4-hukm: Turkmaniston – mustaqil davlat.
5-hukm : Tojikiston – mustqil davlat.
Demak, Barcha Markaziy Osiyo davlatlari – mustaqildir.
Shunga o’xshash biz ba’zan ayrim fikrlardan umumiy bir fikr keltirib chiqaramiz (bu – induktiv xulosa chiqarish), ba’zan esa, aksincha, umumiydan juz’iy – alohida fikr chiqaramiz (fikrlashning bunday harakati deduksiya deb ataladi).
22-rasm. Fikrlash jarayonini ta’minlovchi operasiyalar klassifikasiyasi
Bundan tashkari, psixologiya bizdagi fikrlash jarayonini ta’minlovchi alohida operasiyalarni ham o’rganadi (22-rasm). Fikrlash operasiyalariga analiz (fikran narsa va hodisalarga taalluqli sifat va xususiyatlarni alohida qilib ajratish, tahlil qilish), sintez (analiz jarayonida ajratilgan qismlarni yana fikran birlashtirish, qo’shish), mavhumlashtirish (alohida biror xususiyatni ajratib, boshqalaridan fikrni chalg’itish, ayrim xossani mavhumlashtirish), taqqoslash (predmetlar va ularga xos bo’lgan xususiyatlarni fikran bir-biriga solishtirish, umumiy va farq qiluvchi jihatlarini topish), umumlashtirish (umumiy va muhim sifatlariga ko’ra predmetlarni guruhlashtirish, umumiylashtirish) kabilar kiradi. Bularning barchasi kundalik ishlarimizda, bilimlarni o’zlashtirish jarayonida o’z o’rniga ega, lekin vazifa – ularni yanada takomillashtirish va ijodiy fikrlash, mustaqil tarzda xulosalar chiqara olish qobiliyatini o’stirishdadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |