Xalqaro moliya munosabatlari va xalqaro qayta ishlab chiqarish jarayonlarining o’zaro bog’liqligi
Xalqaro moliya yaxlit tizim sifatida faoliyat ko’rsatadi va uning elementlariga quyidagilar kiradi:
Jahon valyuta tizimi – milliy va zahira valyutalar, xalqaro jamoaviy valyutalar, o’zaro konvertirlash shartlari, valyuta pariteti, valyuta kursi, valyuta kurslarini tartibga solishning milliy va xalqaro mexanizmlaridan tashkil topgan.
Xalqaro hisob-kitoblar – moliyaviy instrumentlar, ishlab chiqarish omillari, tovarlar xarakati, shuningdek, xalqaro hisob-kitoblar bilan bog’liq barcha operatsiyalarni aks ettiruvchi to’lov balansiga xizmat qiladi.
Xalqaro moliya bozorlari va muayyan moliyaviy instrumentlar savdosi mexenizmlari – valyuta, kredit, qimmatli qog’ozlar.
Xalqaro soliqqa tortish – pul mablag’lari fondlarini shakllantirish metodi sifatida.
TMKlarning xalqaro moliyaviy menejmenti, bunda transmilliy moliyalashtirish, risklarni boshqarish, xalqaro investitsiyalash jarayoni asosiy o’ringa chiqadi.
Alohida olingan milliy iqtisodiyotning xalqaro moliya munosabatlaridagi ishtirokini bir necha miqdoriy ko’rsatkichlar bilan tavsiflash mumkin:
– eksport kvotasining miqdori, bunda eksport hajmi YaMMga nisbatan foizda hisoblanadi;
import kvotasining miqdori, bunda import hajmi YaMMga nisbatan foizda hisoblanadi;
tashqi savdo kvotasining miqdori, bunda tashqi savdo aylanmasi hajmi YaMMga nisbatan foizda hisoblanadi.
Mazkur ko’rsatkichlarni hisoblash asosida mamlakatning xalqaro moliya munosabatlaridagi ishtirokini baholash mumkin.
Jahon iqtisodiyotida ro’y bergan o’zgarishlar xalqaro moliya munosabatlarining istiqbolda rivojlanish tendentsiyalarini belgilab berdi:
xalqaro moliya munosabatlari sohasida ikki tomonlama munosabatlardan ko’p tomonlama munosabatlarga o’tish;
jahon xo’jaligida xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi;
xalqaro savdo munosabatlarining an’anaviy tovarlar savdosidan milliy ishlab chiqarish jarayonlarida bevosita xizmat ko’rsatish vositasiga aylanib borishi;
– kapital migratsiyasining globallashuvi;
– hududiy iqtisodiy integratsiya jarayonlarining yanada kengayishi va jadallashuvi.
Jahon savdosining o’sishi, ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi va kengayishi, xalqaro kapital harakatining rivoji, chegaralararo tovarlar, xizmatlar hamda ishchi kuchi migratsiyasi xalqaro moliya munosabatlarining rivojlanishiga, shuningdek, jahon moliya bozorlarining taraqqiy etishiga hamda transmilliy korporatsiyalar faoliyatining kengayishiga, xalqaro moliyaviy faoliyatning boshqa jabhalarini jadallashuviga imkon yaratdi
Moliyaviy globallashuv sharoitida xalqaro moliyaning vazifalari sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
milliy iqtisodiyotlarning yagona xalqaro tizimga integratsiyalashuvini ta’minlash;
xalqaro savdo hamda tovarlar, xizmatlar va kapital ayirboshlashning oqilona harakatini tashkil etish;
milliy iqtisodiyotlarni xalqaro iqtisodiy va moliyaviy o’zgarishlarga moslashtirish;
mamlakatlarning milliy moliyaviy siyosatini yuritishida tavsiyalar berish.
Xalqaro moliya munosabatlari tarkibiga xalqaro aylanmaga kelib tushgan va xalqaro iqtisodiy munosabatlarda, ya’ni rezedentlarning tashqi dunyo bilan yuzaga keladigan munosabatlarida qo’llaniladigan moliyaviy munosabatlar tizimi kiritiladi. Xalqaro moliya quyidagilarga xizmat qiladi:
Birinchidan, turli mamlakat rezedentlari o’rtasidagi iqtisodiy aloqalarga va o’zaro hamkorlikka;
Ikkinchidan, jahon mamlakatlarining turli xil moliyaviy institutlar bilan yuzaga keladigan o’zaro munosabatlariga;
Uchinchidan, turli mamlakatlar rezidentlarining xalqaro moliya bozorlaridagi operatsiyalarini tashkil etishga.
Jahon iqtisodiyoti globallashuvi sharoitida xalqaro moliya munosabatlari tobora rivojlanib bormoqda. Bunda, avvalo mamlakatlar o’rtasidagi savdo munosabatlarining taraqqiy etishi alohida o’rin tutmoqda. Ushbu holat o’z navbatida xalqaro valyuta munosabatlari va xalqaro xisob-kitoblarning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |