6-modda.
O‘zbekiston Respublikasi hududida naqd pulni tarkib toptirish, muomalaga chiqarish va yig‘ib olishni faqat O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki respublika hududida muomala vositasi sifatida rubldan foydalanish bilan bog‘liq o‘zaro majburiyatlar va talablar to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasi bilan tuzilgan Bitimga muvofiq ravishda amalga oshiradi.
7-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki muomalaga chiqargan pullar Rossiya Federatsiyasi muomalaga chiqargan bank biletlari (banknotlari) va metall tangalardan iborat bo‘ladi.
Yangi namunadagi banknotlar va tangalar muomalaga chiqarilishi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.
8-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘z hisobidagi pullar hajmining o‘zgarishiga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqibgina O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalada bo‘lgan pul massasini o‘zgartiradi.
9-modda.
Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki muomalaga chiqargan banknotlar va tangalar O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha turdagi to‘lovlarda, hisoblarga, jamg‘armaga, akkreditivlarga o‘tkazish uchun, shuningdek pul o‘tkazish operatsiyalari uchun amaldagi qiymati bo‘yicha qabul qilinishi shart.
10-modda.
Rublning kredit emissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki bilan kelishilib belgilangan miqdorda amalga oshiriladi.
11-modda.
O‘zbekiston Respublikasi hududida hisob-kitoblar, qonunlarda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, rubllarda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasida hisob-kitob qilish tartibi va shartlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
12-modda.
Pul o‘tkazish yo‘li bilan hisob-kitob qilish shakllari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki joriy etadigan qoidalar bilan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi hududida pul o‘tkazish yo‘li bilan hisob-kitob qilishda foydalaniladigan to‘lov hujjatlarining namunalarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tasdiqlaydi.
13-modda.
Yuridik shaxslar o‘rtasidagi, shuningdek jismoniy shaxslar bilan yuridik shaxslar o‘rtasidagi to‘lovga doir hisob-kitoblar summasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilab qo‘yadigan miqdorlardan oshib ketgan taqdirda faqatgina pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
14-modda.
Shikast topgan va yaroqsiz holga keltirilgan banknotlar hamda tangalar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan va u vakolat bergan banklar tomonidan qabul qilinadi va yangilariga almashtiriladi.
15-modda.
Qalbaki banknotlar va metall tangalar yasash va ularni g‘ayriqonuniy tayyorlash, shuningdek ushbu Qonun talablarini boshqa yo‘sinda buzish qonunlarga muvofiq javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |