Indol dastlab indigo bo‘yog‘idan olingan va shunday deb nomlangan. Toshko’mir smolasida va jasmin , apelsin , oq akatsiya gullarining efir moylari tarkibida uchraydi. Oshqozonda oqsillar chiriganda ham indol hosil bo‘ladi. Sanoatda indol toshko‘mir smolasining 240-260°C da qaynaydigan fraksiyasidan ajratib olinadi. U pirrol yadrosining benzol bilan birikishidan hosil bo‘ladi, shuning uchun indol benzpirrol deb ham ataladi. Indol kichik miqdorda xushbo‘y va katta konsentratsiyada qo‘lansa hidga ega, shuning uchun toza indol atir-upa sanoatida ham ishlatiladi. Indol parfyumeriyada hidlar fiksatori va ayrim dori vositalarini (indometatsin) tayyorlashda ishlatiladi. 3-Indolilsirka kislota o‘simliklar o‘sishiga kuchli ta’sir qiluvchi birikmalar (auksinlar, gibberelinlar) qatoriga kiradi. S.F. Oripova (1939y.t.) Markaziy Osiyo o‘simliklari tarkibidagi oltingugurt saqlovchi tropan, indol, pirrolidin alkaloidlarini o‘rgangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |