Tadqiqotning obyekti Tadqiqot obyekti – hududiy transport tashkilotlari, shuningdek, jamoatchilik transporti tashkilotlari.
Ishning predmeti ichki va xalqaro turizmni rivojlantirishda transport
xizmatlarini takomillashtirishga qaratilgan jarayonlar boʻlib hisoblanadi.
Transport tizimlarining barcha turlari yagona maqsadni-tashish xizmatlarini ko’rsatishda sayohatchilarning ehtiyojlarini to’laqonli qondirishni amalga oshiradi.
Turistlarga transport xizmatlarini ko’rsatish, turistlarni va ularning yuklarini bir joydan ikkinchi joyga mumkin qadar tez va qulay sharoitlarda tashish uchun mo’ljallangan xizmatlar majmui1, deb ta’riflanadi.
Transport xizmatlari ko’rsatish qonun hujjatlari bilan mustahkamlangan huquqiy bazaga asoslanadi. Ushbu hujjatlar: 1) turli xalqaro transport tashkilotlari tomonidan; 2) mamlakatlarning milliy qonunchiligi doirasida; 3) yuk va yo’lovchi tashuvchilarning ichki qoidalari tarzida ishlab chiqilgan bo’ladi. Xalqaro turizmni amalga oshirishda transport xizmatlari ko’rsatishning turli jihatlariga alohida diqqat-e’tibor berish lozim. Sayohatlar sohasida xalqaro hamkorlik chegaralarining kengayishi bojxona, chegara va sanitariya nazoratini amalga oshirish me’yorlari va qoidalarini muttasil takomillashtirib borishni taqozo etadi.
Yo’lovchilarning xavfsizligini ta’minlash transport xizmatlari ko’rsatishning eng muhim masalasi bo’lib, u harakatlanadigan tarkibdan foydalanish qoidalariga rioya qilishni, transport vositalarining harakatini ta’minlovchi turli xizmatlar professional tarzda va uyushqoqlik bilan ishlashini, yo’lovchilar ham xulq-atvor qoidalariga rioya qilishini, ekologik toza transport turlaridan foydalanishni nazarda tutadi.
Turistlarning uyushgan guruhlarini tashish marshrutlar ishlab chiqish, chiptalarni buyurtma qilish, transportda joylashtirish, tur dasturlarini amalga oshirish bilan bog’liq ayrim o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lganligi uchun turistik firmalar transport kompaniyalari bilan yaqin aloqalar o’rnatishiga to’g’ri keladi.
Turizm industriyasi ishlab chiqadigan turistik mahsulot, xizmatlar va tovarlarning tarkibi ancha katta va rang-barang majmuani o’z ichiga qamrab oladi. Bu mahsulotdan kishilar sayohat qilishda, shuningdek, turizm doirasida dam olish, xordiq chiqarish, davolanish, o’z bilim va kasbiy darajasini oshirishda foydalanishlari mumkin. Bunda turistik mahsulotning asosiy tarkibiy qismiga kiruvchi transport xizmatlari jami xizmatlarning 27 % ini tashkil qiladi. Yo’lovchilarni, shu jumladan, turistlarni tashish har xil transport turlarida, chunonchi: havo, yer usti, suv transportida amalga oshiriladi. Turistik tashuvlar uchun transport turlarining ommaviyligi yoki talab etilish darajasi mamlakatning jo’g’rofiy o’rni va iqlim sharoitlariga, iqtisodiy rivojlanish darajasiga, milliy an’analariga, odamlarning ijtimoiy holati va turmush darajasiga hamda boshqa omillarga bog’liq bo’ladi.
Turistik mahsulotlar tarkibida turistlarni tashish xizmati yetakchi o’rinlardan birini egallaydi. Bu shu bilan ifodalanadiki, barcha turistik yo’nalishlarda (piyodalardan tashqari) sayohatchilarni dam olish yoki ekskursiyaga eltish va uyga qaytishi uchun transport bo’lishi tabbiy xol bo’lib qolmoqda.
Turizm faoliyat turi sifatida turistlarni doimiy yashash joyidan tashqariga chiqishi bilan uzviy bog’langan va uni transport ta’minotisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Transport ta’minoti turistik infratuzilmaning muhim elementi hisoblanadi va turistik mahsulotlar tarkibiga kiritilgan asosiy majmuali xizmatlarni tashkil qiladi. Transport korxonalari turizm sohasini shakllantiruvchi turistik korxonalarning alohida ko’rinishlari sifatida qarab chiqiladi.
Turizm sohasida transport ta’minoti tizimi quyidagicha farqlanadi: turga qo’shilgan va asosiy turistik xizmatlarga kiruvchi turistik tashish vositasi sifatida, turistlarni doimiy yashash joyidan belgilangan manzilga eltib qo’yish (yoki yo’nalish boshlanadigan joyga) va qayta olib kelish; transfer – turistlarni kutib olish va kuzatib qo’yish uchun transport vositasini taqdim etish; tur-safar bo’yicha dasturlashtirilgan tadbirlarga xizmat ko’rsatish: ekskursion xizmat, dasturdagi tadbirlarga borish, atrofga tashrif buyurish, yo’nalish bo’yicha ko’chish; turga kiritilgan sayohat davomida ijaraga beriladigan yengil avtomashina.
Do'stlaringiz bilan baham: |