Kreditning qaytarilishida garov va boshqa ta’minot shakllarining tutgan o’rni.
Amaliyotda kredit tashkilotlari kredit ta‘minoti uchun taqdim etilgan garov predmetini notarial tartibda taqiq solish va garov predmetini sug‘urta qilish orqali kredit riskdan muhofazalanishga harakat qilib ko‘radi. Lekin amaliyotda kreditlash jarayonida shunday bir holatlar kelib chiqmoqdaki, bu holatlarning salbiy oqibatlaridan garov predmetining na sug‘urtalanganligi va na notarial tartibda taqiq solinganligi kredit tashkilotlarini kredit risklaridan muhofaza etaolmayotganligi kuzatilmoqda. Shunday muammolardan biri, kredit munosabatining ishtirokchisi bo‘lgan qarzdor tarafning noqonuniy xatti-harakatlari uchun ta‘minot predmetining sud tartibida huquqbuzarlik ashyoviy quroli sifatida musodara qilinishi natijasida kredit mablag‘ining ta‘minotsiz qolishi va qarzdor tarafning kredit ta‘minoti uchun boshqa ta‘minotni taqdim eta olmaslik holatidir.
Ma‘lumki, garov predmetiga notarial tartibda taqiq solinishi garovga qo‘yuvchining garov predmetini sotish, hadya etish kabi huquqlarinigina cheklaydi. Lekin garovga qo‘yuvchining garov predmetidan foydalanish huquqini suiiste‘mol qilgan holda avtomashinada huquqbuzarlik qilishiga monelik qilmaydi. Aynan shu holat kredit mablag‘ining ta‘minotsiz qolishiga, ya‘ni garovga qo‘yuvchi tomonidan kreditlash davrida huquqbuzarlik qilgani uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda huquqbuzarlik ashyoviy quroli sifatida sud qaroriga binoan, davlat foydasiga musodara qilinadi. Fikrimizcha, kredit tashkilotlari bunday holatlardan muhofazalanish uchun ko‘rilayotgan masalaning huquqiy, iqtisodiy va texnik jihatlarini tahlil etaoladigan bilim va tajribaga ega bo‘lgan malakali xodimlardan iborat ―Ekspertlik xizmati‖ bo‘limlarini hududiy bank bo‘limlarida tashkil etishi maqsadga muvofiqdir.
Qarz oluvchilar (qarzdorlar)ning kreditlarni qaytarmaganlik uchun kredit tashkilotlari oldidagi javobgarligi doirasini aniqlashda sudlar qarz tarkibiga kreditning yoki uning bir qismining summasi, kreditdan foydalanganlik uchun foizlar, kredit shartnomasida belgilangan hajmda boshqa to‘lovlar (komissiyalar) kirishidan kelib chiqishlari zarur.
Kreditdan foydalanganlik uchun foizlar, kredit tashkiloti tomonidan qarz oluvchi (qarzdor) bankning pul mablag‘laridan amalda foydalangan butun davri uchun, hatto aktiv (kredit/qarz) o‘stirmaslik maqomiga o‘tkazilgan taqdirda ham, pul majburiyatlarini kechiktirish davrini qo‘shgan holda hisoblanishi mumkin.
Kredit mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi talablardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, garov, kafillik shartnomalari hamda kafolat, o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitimlardan tashqari, ularni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida tegishli da‘volar mavjud bo‘lgan taqdirdagina haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Majburiyatning bajarilishini ta‘minlash to‘g‘risidagi kelishuvning haqiqiy emasligi asosiy majburiyatning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.
Asosiy majburiyatning haqiqiy emasligi uning bajarilishini ta‘minlaydigan majburiyatning haqiqiy emasligiga olib keladi.
FKning 114-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra qarz (kredit) shartnomasining haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llashda sudlar qarz mablag‘laridan foydalangan taraf kreditordan olgan mablag‘larini qaytarishi, shuningdek ulardan foydalangan hamma davri uchun FKning 327- moddasiga muvofiq foizlar to‘lashi lozim ekanligini hisobga olishlari kerak.
Kredit summalari va foizlarni qaytarish to‘g‘risidagi da‘vo qanoatlantirilganda bir vaqtning o‘zida kredit shartnomasida nazarda tutilgan va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan neustoyka ham undirilishi mumkin, agar uni undirish talab qilingan bo‘lsa.
Kredit shartnomasida taraflar tomonidan kreditni qaytarishni kechiktirganlik (kredit majburiyatini buzganlik) uchun yuqori foiz turi sifatida belgilangan javobgarlik uzluksiz joriy sanktsiya hisoblanadi.