2.2. MILLIY TIMSOLLAR KUYCHISI
Qo’lida nayza va qalqon tutgan yigit. Tor chalayotgan ayol. Yigit ko’zlari yerga qadalgan. Ayol oldida tiz cho’kkan. Vatan himoyasiga otlangan. Nayza va qalqonni mahkam tutgan qo’llarda mardlik, jasorat namoyon. Ayolning yerga qadalgan nigohlarida o’zbekona ibo-hayo mujassam. U tor chalib, yorini yangi zafarlarga undamoqda. Tepadagi oy — ayolning qalb tug’yoni, orzu, umid va ishonch timsoli…
Bu — O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ortiqali Qozoqovning “Vatan haqida qo’shiq” asaridan olingan ilk taassurot.
Rassom asarlarida milliy kolorit ustuvorligi yaqqol sezilib turadi.
— O’zbek rassomlarining ham boyligi, ham omadi ularning O’zbekistonda tug’ilganida, — deydi taniqli mo’yqalam ustasi Ortiqali Qozoqov. — Negaki, o’lkamiz turfa ranglar, betakror manzaralarga boy. To’rt fasl ham tugal davom etadi. Bunday go’zallik har qanday odamni qo’lga mo’yqalam olishga undaydi. Shuning uchun ham xorijlik ijodkorlar bizga havas bilan qarashadi. Chet el safarlarida bo’lganimda ham darrov tabiat qo’yniga otlanaman. Bir gal Angliyada endi berilib surat chizayotganimda quyosh birdan yo’qolib qoldi. Chunki Angliyada quyosh faqat uch soatgina nur sochar ekan. Shu sababdan ham o’arb tasviriy san’atida qora va kulrang bo’yoqlar ko’p uchraydi. Bizda esa, ranglar turfa va xilma-xil bo’lib, har biri o’ziga xos falsafiy ma’no tashiydi. Go’zal tabiatimiz,bugungi obodlik, yurtimiz jamoli — biz rassomlar uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai. Bunaqa ijod zavqini hech joydan topa olmayman.
Musavvirning tabiat va ijod haqidagi yoniq so’zlarini eshitib, asarlariga razm solaman: Samarqand, Xorazm obidalari… Ular ko’rinishida garchi ko’p jihatdan uyg’unlik bo’lsa-da biroq bo’yoqlari o’ziga xos va betakror. Hatto o’sha hududning iqlimi ham yaqqol namoyon bo’ladi.
Rassom ijodida turkumlar asosiy o’rin tutadi: bir mavzuda olti-yettitagacha asar chizilgan. Ona ruhiyatiga bag’ishlangan “Beg’ubor onalik”, “O’zbek madonnasi”, ixtirolar ifodasi bo’lgan “Tabiat va ixtiro”, “Ikki ixtiro”, “Tegirmon”, “Hayot chig’irig’i”, portret janrida “Paxtakor Manzura”, “Sohibjamol momo”, gullar tasvirlangan “Nastarin”, “Orxideya”, “Lola qizg’aldoqlar”, natyurmort janridagi “Kuz ne’matlari”, “Tabiat manzaralari”, “Qamchiq dovoni”, tarixiy shaxslar tasvirlangan “Cho’lpon”, “Gavharshodbegim”, “Bibixonim”, ishq va muhabbatni tarannum etgan “Ishq sening asiringman”, “Qadamingga gullar ochilsin”, tabiat bilan bog’liq falsafiy “Sulola”, “Munojot”, “Sharq kelinchagi”, “Xayol” va “Vaqt” kabi takrorlanmas kompozitsiyalar ana shular jumlasidandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |