Iqtisodiy geografik o‘rni va tabiiy-boyliklari. Bu viloyat O‘zbekistonning markaziy qismida joylashgan. Aholi soni hamda yalpi sanoat mahsuloti bo‘yicha Samarqand viloyati mamlakatimizda yetakchi o‘rinlardan birida turadi. Tabiiy geografik o‘rniga ko‘ra Zarafshon vodiysining o‘rta qismiga to‘g‘ri keladi, uch tomondan Nurota, Turkiston va Zarafshon tizma tog‘lari bilan o‘ralgan. Tog‘ tizmalari shimoldan esadigan sovuq havo oqimini birmuncha to‘sadi. Yog‘in ko‘proq (250–800 mm) yog‘adi. Sho‘rxok maydonlar deyarli yo‘q. Bo‘z va o‘tloq-allyuvial tuproqli yerlar kattagina maydonni tashkil etadi.
Qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlari : donchilik, paxtachilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, go‘sht-sut chorvachiligi, qorako‘lchilik, ipakchilik.
Sanoatning asosiy tarmoqlari : rangli metallurgiya, mashinasozlik (avtomobilsozlik), yengil va oziq-ovqat.
Xo‘jaligi. Samarqand viloyati hududida aholi qadimdan obikor dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Dehqonchilik bilan birga savdo va hunarmandchilik ham taraqqiy etgan. Viloyat yalpi ichki mahsulot hajmi boʻyicha Toshkent sh., Fargʻona, Toshkent va Andijon viloyatlaridan keyin 5-oʻrinni egallaydi. Samarqand viloyati Oʻzbekiston sanoati mahsulotining 5%, q. x. mahsulotlarining 1,3%, mol aylanishining 8,6%, pullik xizmat koʻrsatish hajmining 7,9% ni beradi.
Viloyatda sanoat yetakchilik qiladi. Og‘ir sanoat tarmoqlaridan mashinasozlik va metallsozlik, kimyo tez rivojlanmoqda. Samarqand shahrida 1999-yilda yuk tashish va sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan 4 turdagi mashinalarni ishlab chiqaruvchi «SamKochavto» zavodi ish boshlagan edi. Hozirda mazkur zavod «SamAvto» deb ataladi.
Samarqanddagi «SamAvto» zavodida «Isuzu» rusumli mikroavtobuslar hamda yuk avtomashinalari ishlab chiqarilmoqda. Yengil sanoatning 50 ga yaqin korxonasi ishlab turibdi. Oziq-ovqat sanoati mahalliy xomashyolardan konserva va sharob, o‘simlik moyi, tamaki, sut va go‘sht, qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqaradi.
Samarqand hududiy ishlab chiqarish majmuyida qishloq xo‘jalik alohida o‘rin tutadi. Dehqonchilik qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining 75 foizini beradi. Dehqonchilikning yetakchi tarmog‘i bu rayonda ham paxtachilik va g‘allachilikdir. Boshqa texnik ekinlardan tamaki, kunjut, zig‘ir va safsar (maxsar) yetishtiriladi. Urgut tumani tamaki yetishtirishga ixtisoslashgan. Bahorikor yerlarda bug‘doy va arpa ekiladi. Bog‘dorchilik va uzumchilik
tarmoqlari yuksak taraqqiy etgan. Shaharlar atrofidagi xo‘jaliklarda, aholining tomorqa yerlarida ko‘plab turli xil sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi.
Bu viloyatda mevali daraxtzorlar va tokzorlar ko‘p. Chorvachilik agrosanoat majmuyining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Qoramollar soni jihatidan viloyat mamlakatda birinchi o‘rinni egallaydi, qorako‘lchilikda esa uchinchi o‘rinda turadi. Bu yerda qorako‘lchilikni rivojlantirish choralarini tadqiq etuvchi ilmiy tadqiqot instituti bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |