va harakatli o’yinlar
Harakatli o’yinlar maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning asosiy harakat faoliyati, shuningdek, jismoniy mashqlar sifatida tarbiyachi tomonidan kunning turli vaqtida, har bir yosh guruhi kun tartibiga muvofiq: ertalab tushda va kechki sayr paytida rejalashtiriladi. Tarbiyachi o’yinlarni taqsimlashda harakat ko’nikmalarining takomillashuviga xizmat qiluvchi harakat mazmunining rang-barangligi, zarur takroriylik, murakkablashuvni ko’zda tutadi. Bu tashqi muhit sharoitini hisobga olish va aniq vaziyatda o’zini tutishni tarbiyalash uchun muhimdir. Tarbiyachi bolalar faoliyati harakterini kuzatib borib, ularga turli mazmundagi va harakat darajasidagi o’yinlarni taklif etadi, shu asnoda ularning harakat faolligini boshkaradi: birining harakatini kuchaytiradi, ikkinchisinikini bir oz cheklaydi va kerakligicha dam olishini ta’minlaydi.
Harakatli o’yinlar va mashqlarni o’tkazishni rejalashtirishda yil fasli va ob-havo holati ham hisobga olinadi. Faol harakatli o’yinlar sovuq havoda o’rtacha harakat harakteridagi faoliyat turlari bilan almashtirib turiladi. Harakat faoliyati harakteri va sur’atini almashtirib turish bolalar uchun dam olish imkonini yaratadi va sovuq qotishning ham, issiqlab ketishning ham oldini oladi. Bolalarning qish faslida ochiq havodagi mazmunli faoliyati chiniqishlarga yordam beradi, organizmning sog’lomlashuviga yaxshi ta’sir etadi.
Yozda bolalar hayoti, asosan, ochiq havoda kechadigan paytlarda kiyim-boshlar ham yengillashtiriladi va turli harakatlar bolalar sog’lig’ini yaxshilaydi, ularda hayotiy zavq uyg’otadi.
Yoz paytida harakat ko’nikmalari va jismoniy sifatlarni takomillashtiruvchi qoidali o’yinlardan keng foydalaniladi.
Barcha yosh guruhlarining maydonchalari dasturda ko’rsatilgan yirik jismoniy jihozlar bilan ta’minlangan bo’lishi va ulardan bolalarning tirmashib chiqish, oshib o’tish, emaklab o’tish, sakrash, uloqtirish harakatlari, muvozanat mashqlari, kim o’zarga yugurish, muayyan masofaga tabiiy to’siqlar osha tez yugurish va boshqlarni takomillashtirish uchun muntazam foydalanishi lozim. Maydonchaga har kuni o’yinchoqlar, kichikroq jismoniy tarbiya ashyolari (tayoqchalar, chambaraklar, to’plar va h.k.) olib chiqiladi. Ikki, uch g’ildirakli velosipedlar, motorollerlar, g’ildirakli konkilar, samokatlar, avtomobillar, toychalar bolalar ixtiyoriga beriladi.
Katta va tayyorlov guruhlarida voleybol, basketbol, badminton, shaharcha, lapta kabi sport o’yinlari o’tkaziladi.
Bolalar muassasalaridan tashqaridagi piyoda sayr va ekskursiyalar bolalar turizmining eng oddiy ko’rinishlaridan biridir.
Muayyan maqsadda uyushtirilgan bu kichik sayrlar bolalar uchun qiziqarli va foydalidir. Ular bolalar sog’lig’ini mustahkamlashga, jismoniy rivojlanishiga, estetik his-tuyg’uni tarbiyalashga, tabiat bilan muloqatga kirishishga, harakat ko’nikmalari va jismoniy sifatlarning takomillashuviga xizmat qiladi.
Sayrlar kichik guruhlardan boshlanishi lozim, bunda guruh bolalarining yosh xususiyatlari va imkoniyatlari, sog’lig’ining ahvoli, o’ziga xos ko’rsatkichlari hamda shifokor tavsiyalari hisobga olinishi lozim. Sayrlar maqsadga yo’naltirilgan bo’lishi uchun tarbiyachi ularni oldindan belgilab oladi va o’tkazishga puxta tayyorgarlik ko’radi.
Agar sayrda jismoniy tarbiya mashg’ulotini o’tkazish belgilangan bo’lsa, unga tabiiy omillardan foydalanib amalga oshiriladigan mashqlar, tik turgan, o’tirgan, yotgan holatdan buyumlar bilan bajariladigan mashqlar, to’siqlar osha yugurish, tez yugurish, uzoqqa va nishonni mo’ljallab uloqtirish kiritiladi. Sayr va mashg’ulot sof havoning bolaning yalang’och badaniga bevosita ta’sir etishi tufayli (bolalar faqat trusi, panamka, oyoq kiyim kiygan bo’lishlari lozim) harakatda qabul qilinadigan tabiiy havo vannasi hisoblanadi.
Sayrlarni muntazam o’tkazish bolalar organizmini chiniqtiradi, hayotiy taassurotlarni yangilaydi, sayyohatlarga qiziqish uyg’otadi, zavq-shavq baxsh etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |