3
KIRISH
Haqiqatda mavjud obyektlarning asosiy xossalarini
ularning matematik
modellari yordamida o‘rganishning klassik vositasi bu analitik usullar bo‘lib, ular
aniq yechimni matematik formulalarda ifodalash imkonini beradi. Bu usullar hozirgi
kunda ham masalani yechish haqida yetarlicha aniqlikdagi to‘la axborotni bermoqda
va ular o‘z amaliy ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Ammo, afsuski,
ularning
qo‘llanilish sohasi juda cheklangan. Shuning uchun, odatda,
sonli usullarga yoki
hisoblash usullariga murojaat qilinadi.
Hisoblash usullari
– bu matematik modelga mos algoritmlarni qo‘llashga
asoslangan amaliy matematika masalalarini taqribiy yechish usullari. Hisoblash usul-
lari analitik usullardan farqli ravishda umumiy yechimni emas,
balki xususiy
yechimni beradi. Bunda sonli va mantiqiy massivlar ustida yetarli sondagi arifmetik
va mantiqiy amallar bajarilishi talab qilinadi. Hisoblash usullari fanining sonli tahlil
qismi ikki turdagi sonli usullarga bo‘linadi: 1)
to‘g‘ri usullar
(ma’lum bir sondagi
amallar bilan yechimni topishga asoslangan usullar); 2)
iteratsion usullar
(qaytarilu-
vchi (siklik) jarayonlardan foydalanishga asoslangan
va ketma-ket yaqinlashuvchi
natijalarni olish imkonini beruvchi usullar). Hisoblash usullariga
ehtimoliy usullar
(yechimni tasodifiy izlash) ham kiradi, ammo bu usullar mazkur o‘quv qo‘llanma
doirasida qaralmaydi.
«Hisoblash usullari» nomli o‘quv qo‘llanmaning ushbu 1-qismida
hisoblash
xatoligini baholash usullari, nochiziqli tenglamalar va ularning sistemasini yechish-
ning sonli usullari o‘rganilgan. Har bir mavzu namunaviy
masalalar va ularning
yechilish yo‘llari, natijalar tahlili bilan to‘ldirilgan, ba’zilari esa dasturiy vositalar va
matematik paketlar yordamida ham yechilgan. Talabaning amaliyot mashg‘ulotlarida
misol va masalalar yechishi va fanni mustaqil o‘zlashtirishi uchun mavzular va boblar
oxirida mashqlar keltirilgan bo‘lib, ular qiziqarli, amaliyot masalalari bilan bog‘liq,
talabani mustaqil ishlashga undovchi misol va masalalardan iborat.
Ushbu o‘quv qo‘llanma universitetlarning «5140300 – Mexanika», «5130100 –
Matematika», «5130200 – Amaliy matematika va informatika» ta’lim yo‘nalishlari
bakalavr talabalariga hisoblash usullari fanini mukammal o‘rganishlarida, ularning
mustaqil bilim va ilmiy izlanish ko‘nikmalarini hosil qilishlarida yaqindan yordam
beradi. Bundan tashqari, ushbu o’quv qo‘llanmadan turdosh ta’lim
muassasalari
talabalari hamda magistranlar ham samarali foydalanishlari mumkin.
Ushbu o‘quv qo‘llanmani tayyorlash jarayonida rus va ingliz tillaridagi bir qator
darslik va o‘quv qo‘llanmalardan hamda Internet tarmog‘idagi katta hajmdagi
ma’lumotlardan bevosita foydalanildi. Ushbu adabiyotlar ro‘yxati o‘quv qo‘llanma
oxirida keltirildi.
O‘quv qo‘llanmaning kamchiliklarini bartaraf etishga,
uning sifatini oshirishga
qaratilgan barcha fikr va mulohazalarni muallif minnatdorchilik bilan qabul qiladi.