Topshriq. Topishmoqlarni o‘qing va javobini toping. Topishmoqlarda berilgan so‘zlarning ma’nosiga diqqat qiling.
Qo‘l bilan ekilar,
Og‘iz bilan yig‘ilar.
(Yozish, o‘qish)
Tog‘dan tashladim sinmadi,
Suvga tashladim sindi.
(Qog‘oz)
Sirti tayoq,
Ichi bo‘yoq
(Qalam)
Uzun bo‘yli,
Yo‘rma to‘nli.
(Qamish qalam)
Topshiriq. Quyidagi tez aytishni daftaringizga husnixat bilan ko‘chiring va bir nafasda sakkiztagacha aytib ko‘ring.
Qopin qo‘yib qorbobo
Qo‘lqopini qidirdi.
Qorqiz qalin qalpog‘in
Qulog‘iga qo‘ndirdi.
Savatdagi sariq sabzi
Sarg‘ayibdi, so‘libdi.
Saodat-chi sabzilarni
Suvga solib qo‘yibdi.
Annotatsiya
Annotatsiya nashr qilinadigan biror ilmiy, badiiy, falsafiy va boshqa asarlarning asosiy mazmuni va foydalanish sohasini ifodalovchi ma’lumotnoma. Bunda nashr qilinayotgan asarning qisqacha va to‘liq mazmuni bayon qilinadi. Annotatsiyada asarning qaysi sohaga tegishli ma’lumotlar va yangiliklar keltirilgani yoziladi. U turli fan sohasidagi asarlarga shuningdek badiiy asarlarga ham yoziladi. Asar mazmuniga qarab annotatsiya ham turlicha bo‘ladi. Masalan badiiy asarlardagi annotatsiya ilmiy asarlarnikidan farq qiladi. Badiiy asarlardagi annotatsiyada asarning bosh g‘oyasi, asar qahramoni va qaysi davr voqealari hikoya qilinayotganligi aniq aytiladi. Asar qaysi yoshdagi o‘quvchi uchun mo‘ljallanganligi ham ko‘rsatiladi.
Annotatsiya so‘zi, lotincha “annotacio” so‘zidan olingan bo‘lib, “xabar”, “ma’lumot” degan ma’nolarni anglatadi. Annotatsiya kitob, monografiya, qo‘lyozma asarlarning qisqacha xarakteristikasini o‘z ichiga oladi, ularning mazmuni, ahamiyati juda siqiq tarzda bayon qilinadi; asarning qaysi kitobxonlarga mo‘ljallanganligi ham qayd etiladi. Annotatsiya asosan, muayyan asar titul varag‘ining ikkinchi betida chop etiladi. Ba’zi asarlarda muxtasar “Kirish” – so‘z yoki debocha bo‘lsa, unday asarlarda annotatsiya bo‘lmasligi ham mumkin. Annotatsiyaning referativ jurnallar, nashriyot rejalari, kutubxona kataloglariga yoziladigan turlari ham mavjud bo‘lib, bu ma’lumotlar soha mutaxassislariga zarur adabiyotlarni tez tanlashga, uni sotib olish uchun oldindan buyurtma berishga imkoniyat beradi.
Annotatsiya yaratish uchun:
a) Annotatsiya qilinayotgan kitob, monografiya, maqola, qo‘lyozma asarning mazmuni bilan to‘liq tanishing, uning maqsad va vazifalarini aniqlang, bugungi ahamiyatini, amaliy qo‘llash darajasini tasavvur qiling.
b) Tadqiq qilish, aniqlash va tasavvur qilish natijasida tug‘ilgan xulosalaringizni lo‘nda va siqiq qilib bayon qiling.
c) Yozilgan xulosalaringizni umumlashtiring va eng qisqa shaklda bayon qiling. Bayoningizdagi so‘zlar faqat o‘sha asarning mazmunini ifodalasin.
d) Annotatsiya qilinayotgan asar kimlarga mo‘ljallanayotganini aniqlang.
Do'stlaringiz bilan baham: |