Kirish.
O‘zbekiston Respublikasining Hozirgi Prezidentining Oliy Majlisiga Murojaatnomasida 2020 yilni “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb e’lon qilinishi hamda shu bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani ham axborot texnologiyalari sohasiga muhim ahamiyat berilayotganini ko‘rsatmoqda.Prezidentimizning 2020 yil 2 martdagi farmoni bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasining “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlashda eng ustuvor vazifalaridan biri, ijtimoiy soha ob’ektlari, jumladan, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini tezkor internetga ulash vazifasi qo‘yildi.Bu, o‘z navbatida, yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, bemorlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirishi bilan ahamiyatlidir.Shundan kelib chiqib, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish borasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 1 millionta Internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 3 millionga yetkazildi. Bundan tashqari, 32 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi.Ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida 2 barobarga, tuman markazlari darajasida esa 4 barobar oshdi. Xizmat miqyosini kengaytirish maqsadida 5 mingtadan ortiq mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatilib, ularning jami soni 32 mingtaga yetkazildi va aholi maskanlarida uning qamrovi 98 foizga hamda yuqori tezlikdagi yo‘nalishi 90 foizga yetkazildi. Aholining keng polosali mobil xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida “O‘zbektelekom” AK “O‘zmobayl” filiali tomonidan mavjud 3 000 dan ortiq baza stansiyasi modernizatsiya qilindi.Jizzax erkin iqtisodiy zonasida Janubiy koreyalik hamkorlar bilan birgalikda 11 million dollarga teng, yillik quvvati 50 ming kilometr optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi.Bugungi kunga qadar telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish ishlari asosida 7 906 ta xalq ta’limi, 5 182 ta maktabgacha ta’lim va 2 988 ta sog‘liqni salash ob’ektlari optik tolali aloqa liniyalari asosida yuqori tezlikdagi Internet xizmatlaridan foydalanishga imkoniyati yaratildi.Telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida yil yakuniga qadar 153,7 million dollar miqdoridagi loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Shu kunga qadar asosan telefon xizmatlarini ko‘rsatuvchi 2G mobil tarmoqlarni kengaytirish vazifasi bajarilgan bo‘lsa, hozir tarmoqning qamrovini oshirish bo‘yicha loyihalar 3G/4G tarmoqlarini kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Xususan, shu yilning o‘zida 3 012 ta 2G baza stansiyalar 3G/4G standartiga modernizatsiya qilindi va 2 933 ga yaqin yangi baza stansiyalar o‘rnatilib ishga tushirildi.Qolaversa, Operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36,1 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s. uchun 45,0 ming so‘mni (4,3 doll.) tashkil etdi.Mamlakatimizda AKT sohasidagi eng ilg‘or texnologik ishlanmalarni joriy etishga muhim e’tibor qaratiladi. 2019 yil sentyabrdan ikkita mahalliy mobil operator — “UZMOBILE” va “Ucell” 5G texnologiyasini test sinovidan o‘tkazishni boshlagani va bugungi kunda Toshkent shahrida 15 ta baza stansiya test tartibida ishlab turgani shundan dalolat beradi.Fuqarolarning davlat organlari bilan aloqasini elektron shaklda amalga oshirish, ya’ni davlat o‘z fuqarolari uchun elektron xizmatlar ko‘rsatishi va elektron mahsulotlarni taklif etishi — bu raqamli iqtisodiyotning tarkibiy qismi hisoblanadi.Elektron davlat xizmatlarini aholi va tadbirkorlik sub’eklariga taqdim etib borish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) o‘z faoliyatini olib bormoqda. Bugungi kunda ushbu portal orqali 218 ta elektron davlat xizmatlari taqdim etib kelinmoqda, jumladan 2020 yil davomida 45 ta yangi xizmat joriy etildi. Xususan, uy-joy va kommunal xizmatlar uchun onlayn to‘lovni amalga oshirish, shifokor qabuliga elektron tarzda yozilish, fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatga olish, kadastr pasportini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasini olish xizmatlari va boshqa bir qator xizmatlar elektron shaklga o‘tkazildi va portal orqali ishga tushirildi. Elektron davlat xizmatlari bo‘yicha yil boshidan beri 3,1 milliondan ortiq arizalar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga oshdi.Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining izchil rivojlanishining yana bir muhim omillaridan biri sohada raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirishdir.Aynan mana shu maqsadni ko‘zlab barpo etilgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park)ning rezidentlari hisoblangan 416 tashkilotda bugun besh ming nafardan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, ushbu tashkilotlarning 14 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan bo‘lsa, 54 tasi yangi ochilgan.Toshkent shahrida IT-Park rezidentlari sonini ko‘paytirish va yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida umumiy maydoni 408 ming kv. m.ga teng hududda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda IT-Park infratuzilmasi ob’ektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqilib, qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. IT-Parkning hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qo‘shma qarorlar imzolanib, har bir loyiha bo‘yicha bajariladigan vazifalar tarmoq jadvallari tasdiqlandi.IT-Parkning hududiy filiallari binolari Andijon (“Dijital siti” texnoparki), Farg‘ona (IT-Park Marg‘ilon filiali), Sirdaryo (IT-Park Guliston filiali) Qashqadaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida foydalanishga topshirildi, Andijon filialida 10 ta va Marg‘ilon filialida 7 ta rezident faoliyat yuritmoqda.Bugungi kunda pochta aloqasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilib, “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan pochta aloqasini yanada rivojlantirish maqsadida 10 ta yangi qo‘shimcha xizmat turlari joriy etildi.Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) va uning hududiy filiallarida bugungi kunda1000 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritib kelmoqda. Professor-o‘qituvchilarning 57 nafari fan doktori hamda 259 nafari fan nomzodi bo‘lib, shundan 2020 yilda 16 nafar professor-o‘qituvchilar doktorlik ishini himoya qildi. 2020 yilda TATU va uning hududiy filiallari professor-o‘qituvchilari tomonidan xalqaro Skopus, Veb of Sayns ilmiy jurnallarda 103 ta ilmiy maqolalar chop etildi.TATUda 2020/2021 o‘quv yilida yangi Raqamli iqtisodiyot bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda 8 ta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi.Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan TATU tuzilmasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilib, 2019/2020 o‘quv yilida 505 nafar talaba qo‘shma fakultetning birinchi bosqichini yakunladi. 2020/2021 o‘quv yili uchun qo‘shma fakultetga 500 nafar talaba qabul qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |