7-mavzu: Adabiy nutq va uning uslublari.
Reja:
Ilmiy uslub.
Badiiy uslub.
So‘zlashuv uslub.
Rasmiy-idoraviy uslub.
Publitsistik uslub.
Uslublarning uslubiy xususiyatlari.
Adabiy nutq – yozuvchilar, shoirlar, olimlar tomonidan ishlangan, qat’iy me’yorlarga ega bo`lgan nutq ko`rinishidir.
Adabiy nutqning muayyan sohadagi muloqot uchun moslashtirilgan, bir qator o`ziga xos xususiyatlari bilan farqlanib turadigan ko`rinishlari - uslublari mavjud.
Adabiy til me’yorlariga qat’iy amal qilingan so`zlashuv uslubi adabiy so`zlalashuv uslubi, bunday xusuiyatga ega bo`lmagan so`zlashuv uslubi esa oddiy so`zlashuv uslubidir.
Oilada, ko`cha-ko`yda kishilarning fikr almashish jarayonida qo`llanadigan nutq uslubi so`zlashuv uslubi sanaladi. So`zlashuv uslubi adabiy va oddiy so`zlashuv uslublarini o`z ichiga oladi.
So`zlashuv uslubining har ikki turi ko`pincha dialog shaklida ro`yobga chiqadi. Ikki shaxsning o`zaro so`zlashuvi dialogik nutq sanaladi. So`zlashuv uslubida so`zlar ko`pincha kinoya, piching, qochirmalarga boy bo`ladi. Bu uslubning yana bir o`ziga xos xususiyati uning erkinligidir.
Fan va texnika tili ilmiy uslub deyiladi. Daliliy munosabatlar asosida chiqarilgan ilmiy xulosalarga asoslanuvchi, har bir fan sohasining o`ziga xos atamalariga tayanuvchi, fikrni aniq va mantiqiy izchil bayon qiluvchi uslub ilmiy uslubdir.
Ilmiy uslub tabiat va ijtimoiy hayotdagi barcha narsa hamda hodisalar to‘g‘risida aniq, asoslangan, izchil ma’lumot berishda qo‘llanadi. Unda narsa-hodisa mohiyatini ta’riflash, tahlil qilish, sababini aniqlab, dalillar bilan isbotlash va asosli natijalarni bayon etish muhim hisoblanadi. Maxsus atamalar bu uslubning leksikasini tashkil qiladi, unda adabiy me’yorga qat’iy rioya etilgani holda majhul nisbatdagi fe’llar va murakkab qurilishli gaplar keng ishlatiladi.
Badiiy uslub - badiiy adabiyot, ya’ni badiiy asarlarga xos bo`lib, unda badiiylik, ifodaviylik, ta’sirchanlik kuchlidir. Obrazlilik va estetik ta’sir etish badiiy uslubning muhim belgisidir.
Badiiy uslub kishi hayotining hamma tomonlarini qamrab olishi, umuminsoniyatga xosligi,barchaga barobarligi, o‘quvchi yoki tinglovchiga hissiy-estetik ta’sir etishga yo‘naltirilganligi bilan boshqa uslublardan ajralib turadi. Badiiy uslubda muallif asarning estetik ta’sirini kuchaytirish maqsadida tilning leksik va grammatik vositalardan ustalik bilan va ijodiy foydalanishi, turli ifodaviy vositalarni qo‘llashi yoki o‘zi yangilarini yaratishi mumkin bo‘ladi. Shuning uchun ham bu uslubda yozuvchilar mavjud so‘zlarni obrazli ishlatishdan tashqari o‘ziga xos so‘z va iboralar ham ijod etadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |