Jazoni o’tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni
yengilrog’i bilan almashtirish
Jinoyat sodir etishda aybdor bo’lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan jazodan
ozod qilishning barcha turlaridan foydalaniladi. Umumiy asoslarda voyaga
yetmaganlar jazodan ozod qilinganda katta yoshlilarga qaraganda birmuncha
yengilliklarga ega bo’ladi. Bu ayniqsa jazoni o’tashdan muddatidan ilgari shartli
ravishda ozod qilish va jazoni yengilrog’i bilan almashtirishda namoyon bo’ladi.
Jazodan ozod qilishning ushbu turlari muddatlar bilan bog’liq bo’lib, bunda 18
yoshga to’lmasdan jinoyat sodir etganlarga ayrim imtiyozlar qo’llaniladi.
Jinoyat qonunchiligi asoslari bo’yicha jazoni o’tashdan muddatidan ilgari
shartli ravishda ozod qilish uchun belgilangan shartlar mahkumning mehnat va
o’qishga halol munosabatda bo’lishi, qonunlarga rioya qilishi, uning xulqidagi
ijobiy tomonga o’zgarishlar, jazo turlari uchun belgilangan tartib-qoidalarini
bajarishi bilan bog’liq bo’ladi. Mahkumning 18 yoshga to’lmasdan sodir etgan
jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash va axloq tuzatish
ishlari shaklida qo’llanilgan jazoni o’tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda
ozod qilish asoslari JKning 89-moddasida o’rnatilgan. Muddatidan ilgari shartli
ravishda ozod qilish ushbu uchta jazo turi uchun nazarda tutiladi. Unga asosan,
jazoning qonunda belgilangan qismi o’tab bo’lingandan so’ng, jazoni o’tashdan
muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish qo’llaniladi.
28-rasm. Jazoni o’tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish
• ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan jinoyat yoki uncha og’ir
bo’lmagan jinoyat uchun
jazo muddatining
kamida 1/4 qismi
• og’ir jinoyat uchun
jazo muddatining
kamida 1/3 qismi
• o’ta og’ir jinoyat uchun yoki avval qasddan jinoyat sodir
etib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgach, yana
qasddan jinoyat qilgani uchun
jazo muddatining
kamida yarmi
195
Sud tomonidan tayinlangan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi
shaxsning ijtimoiy hayotga tez ko’nikishi uchun qo’shimcha ruhiy kuch beradi.
Hayotga ko’nikib ketishi va moslashib ketishi jarayoni nazorat qilinishini
ta’minlaydi.
Jazoni o’tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan shaxsning
jazoni o’talmay qolgan muddati davomida qasddan yangi jinoyat sodir etishi sud
tomonidan Jinoyat kodeksi 60 va 86-moddalarida belgilangan asoslar bo’yicha
jazo tayinlashiga asos bo’ladi. Bu o’z navbatida qo’llaniladigan jazoning
og’irlashuviga olib keladi.
Jazoni o’tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish bilan birga
jazoni yengilrog’i bilan almashtirish turi ham muddatlar bilan bog’liq. Jazoni
yengilroq turi bilan almashtirish uchun kuyidagi shartlar mavjud bo’ladi:
sodir etilgan qilmish shaxsning 18 yoshga to’lmagan vaqtida amalga
oshirilgan bo’lishi;
jazo ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish
ishlaridan biri bo’lishi;
jazo uchun belgilagan tartib-qoidalarning bajarilganligi;
mahkumning mehnat yoki o’qishga halol munosabatining mavjudligi.
Jazoni yengilrog’i bilan almashtirilishi mahkumni jazodan to’la ozod
qilinishini anglatmaydi. Jazoni yengilrog’i bilan almashtirish mahkumni tuzalish
yo’liga kirganligi uchun rag’bat tarzida qo’llaniladi. Jazo muddatining to’liq
o’talishi mahkumning davlatdan ma’lum bir darajadagi noroziligiga sabab
bo’lishiga olib keladi. Agar mahkum jazoni o’talishida o’zining tuzalish yo’liga
kirganligini, qilmishidan chin ko’ngildan pushaymonligini isbotlasa, jazoning
o’tash tartibiga qat’iy rioya qilsa, jazoning yengilrog’i bilan almashtirilishi ijobiy
ahamiyatga ega bo’ladi. Mahkumning erkin hayotga tashnaligi ortadi. Sodir etgan
jinoyati tufayli ko’rgan uqubatlari tufayli olgan saboqlari uni to’g’ri yurishga,
xatolarni takrorlamaslikka undaydi.
196
Jazoning o’talmay qolgan qismini yengilrog’i bilan almashtirishning o’z
tartibi mavjud. Bunda mahkum sud tomonidan tayinlangan jazoning ma’lum bir
qismini o’tashi talab etiladi:
ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan yoki uncha og’ir bo’lmagan jinoyat uchun
tayinlangan jazoning kamida 1/5 qismi;
og’ir jinoyat uchun tayinlangan jazoning kamida 1/4 qismi;
o’ta og’ir jinoyat uchun, shuningdek ilgari qasddan jinoyat sodir etib
ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib yana qasddan jinoyat
sodir etganlik uchun tayinlangan jazoning kamida 1/3 qismi o’talgandan
keyin jazoni yengilrog’i bilan almashtirish mumkin.
Jazoni yengilrog’i bilan almashtirish muddatlarni qisqartirishga olib
kelmaydi. Jazodan ozod qilinishi uchun umumiy asoslar bilan birga yengilroq
jazoning tegishli qismi o’tab bo’linishi kerak. Shunda JKning 89-moddasidagi
qoidalarga ko’ra, mahkum jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod
qilinishini qo’llash mumkin bo’ladi.
Jazo yengilrog’i bilan almashtirilganda, ozodlikdan mahrum qilish yoki
ozodlikni cheklash jazolari o’rniga axloq tuzatish ishlari qo’llaniladi. Bunda
jazolarning o’talmagan qismi axloq tuzatish ishlari sifatida davom ettiriladi.
Jazosi yengilrog’i bilan almashtirilgan shaxsning jazoni o’talmay qolgan
qismida qasddan yangi jinoyat sodir etishi sud tomonidan Jinoyat kodeksining 60
va 86-moddalarida belgilangan asoslar bo’yicha jazo belgilanishini keltirib
chiqaradi.
Jinoyat qonunchiligida jazolarning tayinlanishi aybdorni to’g’ri yo’lga
kirishi, jamiyat uchun foydali shaxsga aylanishiga qaratiladi. Jazoni o’tashni
muddatidan oldin ozod qilish hamda uni yengilrog’i bilan almashtirish
mamlakatimiz insonparvarlik siyosatining yaqqol ifodasi sanaladi. Zotan, jinoyat
qonunchiligining maqsadi insonlarni jazolash hamda jamiyatga salbiy oqibatlar
keltirishga qaratilmagan. Sudlar ham “jazolovchi mashina” sifatida faqat uqubat
keltiruvchi organ hisoblanmaydi. Sudlar tomonidan javobgarlik va jazodan ozod
qilish vakolatlari ushbu fikrimizning isboti bo’la oladi.
197
Do'stlaringiz bilan baham: |