III. Yangi mavzu rejasi:
1.Etnogenezi va etnik tarixi.
2.Tub aholining mustamlakachilikkacha bo’lgan davrda joylashuvi va ularning
mustamlakachilik vaqtidagi taqdirlari.
3.Etnogenez muammosi. Tili, irqi, xo’jalik–madaniy guruhlar va tarixiy-etnografik oblastlar.
4.Tub aholi turli guruhlarining xo’jaligi va moddiy madaniyati. Turmush tarzi va yillik
xo’jalik faoliyati. Ishlab chiqarish asboblari va turmush anjomlari.
Yangi mavzu qisqa bayoni:
1. Beshinchi qit'a hisoblanadigan Avstraliya Tinch okeanining janubida joylashgan o'ziga
xos o'lkadir. Uning iqlimi ham, etnik tuzilishi ham yer kurrasining boshqa qismidan ancha farq
qiladi. To'rt tomoni bepoyon okean suvlari bilan yuvilib turgan Avstraliya qit'asi 7,7 mln. kvadrat
kilometr hududga ega bo'lib, taxminan AQSH hududiga teng keladi.
Qit'aning beshdan ikki qismi tropik iqlimli, qolgani subtropik va mo'tadil issiq iqlimlidir.
Ichki Avstraliya nihoyatda qurg'oq, yog'ingarchilik kam, iqlimi o'zgaruvchan, dashtu biyobondan
iborat. Uncha katta bo'lmagan daryolar uning sharqida mavjud, xolos. Pastqam tog' tizmalari,
asosan, janubi-sharqiy qismida joylashgan. Bir necha yuz katta-kichik ko'llar mavjud bo'lib, ular
yozgi jaziramada qurib sho'rxokka aylanadi. Ammo o'lka yer osti suvlariga boy. Mahalliy aholi
undan qadim zamonlardan beri foydalanib kelgan. Hozir ham bu qit'ada artezian quduqlaridan keng
istifoda etiladi.
Avstraliyaning o'simlik va hayvonot dunyosi ham iqlimi singari xilma-xil. U yerdagi
o'simliklarning aksariyati (85 foizi) faqat o'ziga xos bo'lib, boshqa biron yerda uchramaydi.
Ayniqsa, janubi-sharqida balandligi yuz metrgacha yetadigan evkalipt daraxtlari (150 turdan ortiq)
qit'aga go'zal manzara kasb etib turadi. Abadiy yashil daraxtlar: palma, fikus va chirmovuq kabi
o'simliklarga boy tropik o'rmonlar qit'aning shimol va shimoli-sharqiy qismida joylashgan.
O'lkaning g'arbiy va ichki qismiga kirib borgan sari barcha o'simlik dunyosi nihoyatda
qashshoqlashgandek ko'rinadi.
Avstraliyaning hayvonot dunyosi ham o'zining qadimiyligi va ekzotikasi bilan kishini
hayratda qoldiradi. Bu yerda yuqori sutemizuvchilar mutlaqo bo'lmagan, ammo xaltali
hayvonlarning yuzdan ortiq turi mavjud. Tuban sutemizuvchilarning mashhur vakili katta kenguru
tug'ilgan bolasini qorin terisidagi maxsus xaltasida voyaga yetkazadi. Qit'ada kenguruning boshqa
turlaridan daraxtga tirmashadigan koala (xaltali ayiq), vombata va hokazo turlari ham yashaydi.
Sudraluvchilardan ilon, kaltakesak, shimoldagi daryolarda timsoh va boshqa ko'pgina shu kabi
jonivorlar uchraydi. Qushlardan: yirik avstraliya strausi - emu, turli xil to'tiqushlar, qora oqqushlar,
sayroqi qushlar va umuman mingga yaqin turdagi qushlar Avstraliya tabiatining o'ziga xos fayzidir.
Shunisi qiziqki, Avstraliya flora va faunasidagi turlarning ko'p qismini mahalliy tub aholi
iste'mol qilib kelgan. Ular faqat yirik hayvonlarnigina emas, balki mayda jonivorlarni (ilon,
kaltakesak, chuvalchang kabi hasharotlar va hk.) hamda turli ekin ildizlarini yig'ib-terib iste'mol
qilganlar. Avstraliyada inson hayoti uchun xavfli yirtqich hayvonlar yo'q, zaharli ilon va timsohlar
esa juda kam. Faqat yovvoyi it (dingo) uy hayvoni sifatida qo'lga o'rgatilgan. Qit'ada juda ko'p
qazilma boyliklar mavjud bo'lib, undan tub aholi foydalana olmagan.
Hozirgi Avstraliya millati qurama, turli elatlardan tashkil topgan. Qit'ada 15,7 mln.dan ortiq
(1985-y.) aholi yashaydi, ammo u nihoyat notekis joylashgan. Aholining asosiy qismi
Avstraliyaning sharqiy va janubi-sharqiy qismlarida, sug'oriladigan qulay iqlimli va o'simlik
dunyosiga boy bo'lgan janubi-g'arbiy hududlarda yashaydi. Avstraliya aholisining ko'pchiligi
yevropalik, ayniqsa, Angliya va Irlandiyadan (78 foizi) kelganlarning avlodlari ko'pchilikni tashkil
qiladi. Tub aholisi (aborigenlar) suvsiz cho'l va sahrolarda kun ke-chirmoqda. Ularning soni 103
mingga yaqindir (metislar bilan qo'shib hisoblaganda 140 mingdan ortadi). Umuman olganda,
Avstraliya va Okeaniyada keyingi ma'lumotlarga qaraganda 25 mln.dan ortiq aholi mavjud. Shu
jumladan, Yangi Zelandiyada 3,2 mln. aholi yashaydi.
Okeaniyada joylashgan minglab orollar janubga yaqinlashgan sari yiriklashib va ancha
quyuqlashib boradi. Avstraliyaning sharqida va shimoli-sharqida, aksincha, juda mayda orollar
Tinch okeani bag'riga kirgan sayin kamayib boradi. Eng yirik orollar: Yangi Gvineya, Yangi
Zellandiya, Yangi Kaledoniyadir. Mayda orollar esa asosan, vulqonlardan va marjonlardan paydo
bo'lgan va ularning qit'aga hech aloqasi yo'q. Okeaniyaning barcha orollari deyarli tropik oralig'ida
joylashgan bo'lib, iqlim ekvatorial, tabiati abadiy yashil tropik o'simliklar bilan qoplangan,
hayvonot dunyosi g'arbga tomon boyroq, sharqda esa ancha kam.
Okeaniya asosan, uch qismga bo'lingan: janubi-g'arbiy qismdagi «qora orollar» deb nom
olgan Melaneziya; uning sharqiy va shimoli-g'arbidagi bepoyon Tinch okeanida tarqoq joylashgan
Polineziya (tarjimasi «ko'psonli orollar»); Osiyo sohillariga yaqin mayda orollardan iborat
Mikroneziyadir. Agar tub aholisining sharoiti va madaniy saviyasi sotsial-iqtisodiy jihatdan
umumiy xarakterga ega bo'lsa, Okeaniya xalqlari nisbatan yuqori darajada va nihoyatda rang-
barang shaklda rivojlangan. Tillarning joylashuvi antropologik turlarga to'g'ri kelmaydi. Ularning
xo'jalik tiplariga qarab madaniy yoki sotsial rivojlanish darajasini aniqlash qiyin. Chunki, Osiyo
yoki Yevropadagi ishlab chiqarish qurollari, moddiy buyumlar bu yerga mutlaqo to'g'ri kelmaydi.
Masalan, tub melaneziyaliklar o'q-yoyni, temirchllikni yoki kulolchilikni bilmaganlar, ammo o'ziga
xos yuksak madaniyat yaratganlar. Aytaylik, ijtimoiy munosabatlarda melane-ziyaliklarda savdo-
sotiq rivoj topgan bo'lsa ham, natural xo'jalikka ega bo'lgan polineziyaliklar ularga nisbatan ancha
yuqori madani-yatga ega bo'lganlar.
Umuman, beshinchi qit'ani o'rganish insoniyat tarixining ilk davrlari - ibtidoiy jamiyatdan
sinfiy jamiyatning ilk shakllariga-cha, dastlabki davlat va qabilaviy birliklargacha aniqlab olish
imkonini yaratib bergan edi.
Dunyodagi eng kichik qit'a yoki eng katta orol hisoblangan Avstraliya eng qadimiy geologik
davrlarda qurg'oqlikdan ajralib qolib XIX asrgacha jonli qadimiy muzey shaklida saqlangan. Uning
flora va ayniqsa, faunasining arxaikligi va o'ziga xosligi doimo tadqiqotchilarni hozirgacha
hayajonga soladi. Avstraliya-da yuksak sutemizuvchilarning yo'qligi, tuban sutemizuvchilar (xaltali
hayvonlar)ning ko'pchiligi bu yerda ibtidoiy dunyo qayta jonlanganday taassurot tug'diradi. Mazkur
tabiiy sharoit mahalliy tub aholining maishiy turmushi va madaniyatida ham o'z aksini topganligini
alohida qayd qilish lozim. Bepoyon Tinch okeani orollarida yashovchi minglab katta-kichik turli
etnoslar kishilik jamiyatining dastlabki davrlarida kashf etilgan ajoyib ishlab chiqarish usullari,
xo'jalik shakllari, murakkab geografik muhitga moslashgan har xil kasblar, ovchilik mahorati,
atrofdagi vahshiy tabiatda yashab va cheksiz dengizlarda yo'l topib uzoqlarga sayohat qilish,
qurg'oq sahrodan suv topa bilish kabi juda ko'p yangiliklarni kashf etib, jahon madaniyatiga o'ziga
yarasha hissa qo'shganlar.
Endi mana shu insoniyat beshigida paydo bo'lgan va bi/ning davrimizgacha kishilik
jamiyatining bolaligidagi turmush tarzi belgilarim saqlab kelgan etnoslar bilan tanishamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |