Mustaqil O’zbekiston davlatining yuzaga kelishi va mustahkamlanishida Islom Karimovning tarixiy xizmatlari. Markaz jilovni qo’ldan bermaslik uchun butun imkoniyatlarni ishga solayotgan bir sharoitda, 1989-yil 23-iyunda bo’lib o’tgan O’zbekiston Kompartiyasi XIV plenumida, Qashqadaryo oblasti partiya komiteti birinchi sekretari Islom Abdug’aniyevich Karimov O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti birinchi sekretari etib saylandi.
Respublika partiya tashkiloti rahbari, ya’ni O’zbekistonning birinchi siyosiy rahbari Islom Karimov ishga kirishgan kunning ertasigayoq, ya’ni 24-iyun kuni O’zbekiston SSR Ministrlar Sovetida Farg’ona vodiysi oblastlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojantirishni jadallashtirish masalalariga bag’ishlangan kengash o’tkazdi. Va unda nutq so’zladi. I. A. Karimov Toshkent va Moskvada bo’lib o’tgan anjumanlarda, shuningdek, respublika va markaziy matbuotdagi chiqishlarida Farg’ona fojeasi masalasida qat’iy pozitsiyada turib, o’z fikrlarini davom ettiradi. Masalan, u O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 1989-yil 19-avgustda bo’lgan XVI plenumida so’zlagan nutqida quyidagi fikrlarni alohida ta’kidlaydi:
“Farg’ona voqealari to’g’risida gapirar ekanman, shu narsani yana bir bor ta’kidlashni istardimki, ayrim ommaviy axborot vositalari va ba’zi mansabdor mas’ul rahbarlarning ana shu voqealarga bergan baholari ular fojeaning chuqur sabablarini bilmasliklaridan dalolat beradi....”.
1990-yil 24-mart kuni O’zbekistonning eng yangi tarixidagi muhim sanalardan biri hisoblanadi. Aynan o’sha 24 martda O’zbekiston SSRning “O’zbekiston SSR Prezidenti lavozimini ta’sis etish hamda O’zbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida” Qonun qabul qilindi. Xullas, O’zbekistonda joriy qilingan prezidentlik boshqaruvi o’zbek xalqining mustaqillikka erishishi yo’lida muhim qadam bo’ldi.
1990-yil iyun sanasi ham mustaqillikka erishish yo’lida muhim o’rin tutadi. Aynan 20-iyunda bo’lgan O’zbekiston SSR Oliy Soveti o’n ikkinchi chaqiriq 2-sessiyasida “Mustaqillik Dekloratsiyasi” qabul qilindi.
1991-yil 17-19-avgust kunlari O’zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimovning Hindiston Respublikasiga respublika rahbari sifatida ilk mustaqil rasmiy tashrifi bo’ldi. Tashrif doirasida iqtisodiy, savdo va ilmiy-texnikaviy hamda madaniy, san’at, ta’lim, fan, turizm, sport va ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlik qilish to’g’risidagi bitimlar imzolandi. Natijada, mamlakatimiz tashqi siyosatining tamal toshi qo’yildi.
1991-yil 18-avgustda Moskvada yuz bergan siyosiy to’ntarish alangasi so’nmagan bir sharoitda 1991-yil 31-avgustda XII chaqiriq O’zbekiston Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi e’lon qilinar ekan, sessiyada qabul qilingan hujjatda shunday deyiladi: ‘‘O’zbekiston saboq chiqarib va SSR Ittifoqining siyosiy hamda ijtimoiy hayotidagi o’zgarishlarni e’tiborga olib, halqaro huquqiy hujjatlarda qayd etilgan – o’z taqdirini o’zi belgilash huquqiga asoslanib, O’zbekiston xalqlarining taqdiri uchun butun mas’uliyatni anglab, shaxsning huquq va erkinliklari mustaqil davlatlar o’rtasidagi chegaralarning buzilmasligi to’g’risidagi Xelsinki shartnomalariga qat’iy sadoqatini bayon etib, millati, diniy e’tiqodi va ijtimoiy mansubligidan qat’iy nazar, respublika hududida yashovchi har bir kishining munosib hayot kechirishi, sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlaydigan insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishga intilib, “Mustaqillik Deklaratsiyasi”ni amalga oshira borib O’zbekiston SSR Oliy Kengashi O’zbekistonning Davlat mustaqilligini va ozod suveren davlat – O’zbekiston Respublikasi tashkil etilishini tantanali ravishda e’lon qiladi”.
Tarixan qisqa davr bo’lsada Mustaqil O’zbekistonimizda asrlarga tatugulik tub o’zgarishlar amalga oshirildi. Xususan:
1. Istiqlol yillarida O’zbekiston mustaqil suveren davlat sifatida jahon hamjamiyatida o’ziga xos nufuzga ega bo’ldi. U o’zining katta ishlab chiqarish imkoniyatlari, tengsiz tabiiy boyliklari bilan dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari diqqatini tortdi va ular bilan tengma-teng turib hamkorlik qilish qudratiga ega ekanligini ko’rsata oldi.
2. Eng og’ir mashaqqatli, o’tish davrining o’ziga xos murakkabliklari mavjud bo’lgan bir vaqtda mamlakatda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy barqarorlikni saqlab turilishi mamlakat hukumati siyosatining naqadar hayotiy va xalqchil ekanligini ko’rsatdi.
3. Bozor munosabatlariga o’tish jarayonida aholini ijtimoiy himoyalash, dunyoviy davlat qurishning asosi bo’lgan qonun ustivorligiga erishish, qonun oldida barchaning tengligini ta’minlash tamoyillari vujudga keldi.
4. Xorijiy investisiyalarni jalb etish, chet ellik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish, shu asosda mamlakat ishlab chiqarishini tubdan o’zgartirish, uni jahonning eng ilg’or texnologiyalari bilan qayta jihozlantirish yo’li tutildi.
5. O’zbekiston hukumatining izchil islohchilik siyosati bevosita xalq dunyoqarashi, uning ming yillar mobaynida shakllangan urf-odatlari, an’analari bilan uyg’un holda amalga oshirila boshlandi.
O’zbekistonning davlat mustaqilligini qo’lga kiritishi, yangi jamiyatga o’tish davrida siyosiy islohotlarning amalga oshirilishi, O’zbekistonda huquqiy demokratik davlat qurilishi, fuqarolik jamiyatining shakllantirilishi, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir tadbirlar, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlash omillari, ma’naviy, ruhiy poklanish va milliy qadriyatlarning tiklanishi hamda O’zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o’rin egallashida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning tarixiy xizmatlari beqiyos ekanligi barchamizga a’yon.
Do'stlaringiz bilan baham: |