O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA
O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
PAYARIQ TIBBIYOT KOLLEJI
MEN BUYUK YURT FARZANDIMAN
O’qituvchi: J.Zuxriddin
Payariq 2021
MEN BUYUK YURT FARZANDIMAN
Reja:
Vatani borning baxti bor!
“Mana men – Yoshlikman!”
O‘zbekiston, ko‘r bo‘lsam kerak,
Gar seni sevmasam, seni demasam…
Xulosa.
Kim o‘z yurtini sevmasa, u
hech narsani seva olmaydi.
Jorj Bayron
Mehribon va rahmli Yaratgan Egamga behad hamd-u sanolar hamda behisob shukronalar bo‘lsinki, O‘zbekiston deb atalmish jannatmakon yurtni bizga vatan ayladi. Bu muqaddas tuproq jahonga qanchadan qancha daholar, olim-u fuzalolarni, shuarolarni yetishtirib berdi. “Vatan ne? deb so‘rganlarga bir kaftgina tuproq berdim!” deydi shoir. Shu sabab ham vatanga muhabbat ostonadan, ona zamindan boshlanadi. Tanimiz ham tuproqniki – kamtarniki, demak. Har insonning o‘z kindik qoni to‘kilgan tuprog’ini – ona diyorini sevishi balki shundandir.
Vatan! U – beminnat. U – bag’rikeng. U – suyuk. Ba`zan baralla aytgim keladi:
-Vatan mening tomirlarimda!...
Haqiqatan ham, ona vatanimiz O‘zbekiston doimo biz bilan, jo‘sh uradi tafti tomirlar ichra. Hech eshitganmisiz, vatani tashlab ketgan odamni? Yo‘q, also bunday bo‘lmagan, o‘zini tamom ila bizlarga bergan onamiz kabi fidoyidir u va ikkisining ham unitib bo‘lmas o‘z o‘rni bordir yuragimizda. Zero, shuning uchun “Ona vatan” deganimiz shubhasiz to‘g’ri, albatta. Ona vatan tuyg’usi bu – shu aziz yurtga chin farzand bo‘la olish, unga pokiza muhabbat hamda yuksak ehtirom ila qarash demakdir. Ana shu tuyg’u kabi chin insoniy hislarga ega bo‘lgan odam o‘z vatanini sevmasligi, vatanidan yiroqda bo‘lganida uni qo‘msamasligi mumkin emas.
Men vatanimdan minnatdorman. Quyosh sevgan yurt farzandi ekanimdan behad baxtiyorman. Vatanim menga nima berdi?
- Baxt berdi. Har kuni iqbol ulashdi. Bag’rida insoniylikni tuyib ulg’aydim. Vatan menga o‘zimni-o‘zligimni tanitdi, kimligimni angladim. Vatan tuyg’usi, vatan muhabbati tomirlarim uzra jo‘sh ura boshladi. Vatan qo‘llarimga qalam tutdi. Uning madhini bita boshladim. Vatan menga insonlikni, odam bo‘lib yashashni o‘rgatdi. Shu yurtda buyuk bobolarimni tanidim.
Bugun O‘zbekiston – yoshlar mamlakati! Har bir farzandining orzu-istaklari uchun qanot bermoqda. Ammo bu dorulomon kunlarga erishguncha yurtimiz boshiga qanchadan qancha musibatlar tushmagan deysiz. O‘zbek xalqi qanchalar og’ir kechmishlarni boshidan kechirsa-da, doim erk istadi, ozodlikka intildi, yaxshi kunlarni orzuladi va erishdi. Ma`rifatparvar adib vatandoshimiz Abdurauf Fitrat o‘z kitobida vatanining qayg’usi va taqdiri haqida shunday yozadi:
“Ey ulug’ Turon… Sen mening vatanimsan…
Yurtim, Turonim, sendan ayrilmoq – mening o‘limim. Sening uchun o‘lmoq – mening tirikligimdir. Panohim, sajdagohim, umidim! Yotlaring seni shu kuygami soldilar? Zolimlar seni kimsasizmi ko‘rdilar? Yo‘q, sen kimsasiz emassan. Mana, men chin ko‘nglum bilan sening yo‘lingda o‘lurg’a rozi… Men sening uchun yasharman, sening uchun o‘lurman. Ey turklikning muqaddas o‘chog’i! O‘lim – sening o‘limingni istaganlarga, nafrat – seni ko‘mgani kelganlarga!”.
Chin ma`rifatparvar adib Abdurauf Fitrat qalbidagi bu chin vatanparvarlik hissi va vatanga bo‘lgan ta`masiz muhabbat unga – ona suti, ona allasi, ona bag’ri va ona mehr-muhabbati bilan singigan bo‘lsa ajab emas. Fitrat she’rlarini mutolaa qilar ekanman, “Vatanni qanday sevadilar?”, degan savolga beixtiyor javob topaman. Bu muqaddas zaminda yana ko‘plab buyuk daholar o‘tganki, ularning asarlarini o‘qish-o‘rganish vatanni yanada qadrlash va asrab-avaylashga chorlaydi.
Xalqda bir maqol bor: “Badqavm bo‘lsang, bo‘l, Beqavm bo‘lma.” Ya`ni yomon qavmdan bo‘lsang ham, undan ayrilma. Chunki sen undansan, o‘sha qavm ahlidirsan. Zotan, sahroda o‘rmalab yurgan jonivorlar ham tug’ilishidanoq o‘z makonlarini biladilar, havoda uchuvchi qushlar ham, dengiz va daryodagi baliqlar ham o‘z oshyonlarini taniydilar, his qiladilar. Hatto bolari ham o‘z uyasini muhofaza qiladi. Shuningdek, odamlar ham qayerda tug’ilib, parvarish topsalar – o‘sha yerga cheksiz mehr-u muhabbat qo‘yadilar. Va inson qalbidagi eng buyuk jasorat ham ana shu muhabbat tufayli yuzaga keladi. Inson o‘zini vatanga qanchalar yaqin his etsa, uni shu qadar jonli vujud kabi aniqroq va sevimliroq tasavvur qiladi. Har kimning qalbida o‘z vatanining, xalqining jajji qiyofasi yashaydi. Eng muhimi, bu – vatanga muhabbat tuyg’usi! Binobarin, shu muhabbat barcha mushkulotlarni oson hal qilishda kuch-quvvat beradi, jasoratga undaydi. Aks holda, vatansiz insonga baxt yo‘qdir. Vatanlilikning o‘zi baxtdir. Ayniqsa, “O‘zbekiston – mening vatanim!”, degan har kishi naqadar saodatmand ekanini unitmasin. Hazrat Alisher Navoiy bejiz bunday yozmagan:
“Vatan tarkini bir nafas aylama,
Yana ranji g’urbat havas aylama…”
Zero, vatani borning baxti bor. Bu hikmat donishmand o‘zbek xalqidan necha asrlar osha bizlargacha yetib kelgan qalb va tafakkur hosilasidir.
“Mana, men – Yoshlikman!
Hech olmasman tin.
Vatan, bir koringga kelar yaragim…
Menga bor dardingni aytishing mumkin,
Bugun jussamdan ham katta yuragim.
Bola edim yetaklab yurguvchi otam
Kaftida avaylab, suyib o‘stirdi.
Yiqilsam, qo‘limdan tutguvchi – vatan
Suyanchig‘im bo‘lib suyab o‘stirdi.
Bunda shamollar ham mayin yeladi,
Qaydan topgum bunday oftobistonni?
-Endi menga suyan, degim keladi,
Shart bag’rimga bosib O‘zbekistonni!”
Yuqorida bejizga “Men – Yoshlikman”, deya faxr bilan aytmadim. Sababi, hech ikkilanmay ayta olamanki, bugun O‘zbekiston – yoshlar mamlakati! Men ham shu aziz vatanning baxtiyor farzandiman va men vatanimdan minnatdorman. U menga faqat berdi, borini berdi. Faqat ozor bermadi. Hammamiz ham ozor ko‘rganmiz. Kimdir qalbimizni og‘ritgan bo‘lishi mumkin. Ammo, aytingchi, do‘stim, vatan sizga hech ozor yetkazganmi, bag‘ridan itarganmi? Yo‘q. U onamiz kabi beozor, tomirlarimiz ichra yugurayotgan qondek hayot baxsh etadi bizga. Vatan, qanday yaxshisan! Men senga kerak bo‘lmoqni, bir koringga yaramoqni xohlayman.
Bolalikning uzun tunlarida onam aytgan hayot qo‘shig’i – alla, otam kuylagan Mashrab g’azallari, bibim o‘qib bergan hadislar qalbimda, ong-u shuurimda vatan hissini jo aylab meni adabiyotga, ezgulikka oshno ayladi. O‘sha alla mittijon ruhimni sug’organ ulkan daryoga aylandi. So‘qir ko‘zlarimga go‘yo nafas misoli vatan mehridan so‘qmoqlar ochdi. Otam kuylar g’azallar she’riyat atalmish yana bir guliston ila qalbimni, ruhimni emladi. Xullas, haqiqiy vatan hissini, asl baxt nimada ekanini, hayot ma`nosini, o‘zimni-o‘zligimni anglab yetmoqqa ko‘maklashdi. Unga min tashakkur, ming rahmat!
Ona vatanim – O‘zbekistonim! Senga oshno bo‘lganimdan beri sirdoshim o‘zingsan. Orzu-yu armonlarimni senda ko‘raman. Quyosh, o‘z maskani bo‘lmish osmonni tark etsa-da, ko‘zlarimni yumsamda, nursiz kunlarimda-da sen qalbimda porlab turaverasan. Ko‘ngil ozorlarimni yashirib, dardlarimga malham bo‘lasan. Hamisha botmas quyosh singari umr yo‘llarimni yoritib, iliqlik baxsh etasan hayotimga. Vatanim, senga oshnoman, senga shaydoman. Yuragimda kurtaklagan muhabbat ham sen. Eng pokiza hislarim, munavvar orzularim sen ila totli. Sen meni hech aldamading. Sening birla hech adashmadim.
O‘zimga bo‘lgan ishonch, kelajakka umid – bularning barcha-barchasini anglashimga yolg’iz sababkorimdan keyin sen sababkorsan. Mening muhabbatim ham, xijronim ham yolg’iz sen. Tunlarimni tongga ulagan, onggimda, shuurimda, xayollarimda gullagan o‘sha qip-qizil atirgul yaproqlarida seni ko‘raman. Lolavor ruhimni yupatgan ham yolg‘iz sen.
Men baxtiyorman! Sababi, buyuklar yurti – O‘zbekiston farzandiman!
O‘zbekiston – yuragim ko‘zgusi, orzularim belanchagi, yuksaklarda porlab turgan umidim yulduzi, qalbimning kaliti, umrimning mazmuni, hayotimdagi eng bebaho, jonimdanda azizroq ma`vosan. Sensiz yashab bo‘larkanmi? Sen tobora ko‘nglimga, o‘zimga, umrimga aylanib borayapsan, ona vatanim – O‘zbekistonim. Shuning uchun seni yaxshi ko‘raman. Senga ming bor rahmat, ming bor tashakkur – sadoqatga oid bo‘lganing uchun, onamga teng-loyiq bo‘lganing uchun! Men hech ikkilanmasdan O‘zbekistonni yoshlar mamlakati deya olaman. Demak, O‘zbekiston – yoshlar mamlakati ekan, biz yoshlar ham shu vatanga munosib bo‘lishimiz, qanchadan qancha mashaqqatlar evaziga qo‘lga kiritilgan mustaqilligimizni, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakatlari bilan kechayotgan erkin va farovon turmushimizni, tinch va osuda hayotimizni ko‘z-qorachig’imizdek asrashimiz, uning g’ururi, faxr-u iftixori ham bo‘lmog’imiz lozim. Vatan ravnaqi, taraqqiyotiga ozgina bo‘lsa-da o‘z hissamni qo‘shdimmi?, degan savolni o‘z-o‘zimizga har kuni bermog’imiz kerak.
Zero, vatan taraqqiyotiga loqayd qaramagan insonlar jamiyatigina yuksak marralarni zabt etishga qodir!
Buni ham eshiting! Bugun men: “Menga imkoniyat beringlar, o‘zimni ko‘rsatib, bor mas`uliyatni o‘z zimmamga olib vatanim ravnaqi yo‘lida o‘z hissamni qo‘shaman!”, deyayotirman.
O‘zbekiston, ko‘r bo‘lsam kerak,
Gar seni sevmasam, seni demasam…!
O‘zbekiston, shubhasiz, dunyodagi eng qadimiy va betakror o‘lkalardan biridir. Uni umrida bir bor ko‘rish orzusida yurganlar qancha. Biz esa betakror mana shu zamin bag’rida yashaymiz, uning musaffo havosidan, zilol suvlaridan, beqiyos ne`matlaridan bahramand bo‘lamiz. Bunday baxt hammaga ham nasib etmaydi. O‘zbekistonga ming-minglab sayyohlar tashrif buyuradi va ularning barchasi bu tarovatli, serquyosh zamin ularni o‘ziga maftun etgani haqida to‘lqinlanib, hayajonlanib so‘zlashadi. Haqiqatan ham, vatanimiz – O‘zbekiston dunyo havas qilarli boy ma`naviy merosga ham ega. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Qarshi, Termiz, Karmana, Qo‘qon, Shahrisabz, Marg’ilon kabi qadimiy shaharlarimizdagi noyob obidalar ham bizning betakror ma`naviyatimiz ko‘zgusidir. O‘zim ham iymon-e`tiqod beshigi Buxorodek sharif shahar farzandiman. Buxoroga bo‘lgan mehrimga, avvalo, Qodir Egam, so‘ng qalamim va qalbim guvohdir. Zotan, ustozim aytganlaridek: “Buxoro hammamizga – ona! Ona esa baribir Ona-da!” Shundan ilhomlangan she’rim bor:
Senda bo‘lgan har bir yurak orom olar, vatanim!
Bog’laringda qushlar baxtdan navo qilar, vatanim!
Men o‘zbekman, yo‘q armonim, sen bo‘stonim-chamanim,
Senga sevgim-sadoqatim, fido senga jon-tanim!
Har bitta mamlakatning ma`naviy boyligi bugungi kunda xalqining bilimi, dunyoqarashi va ma`naviy saviyasi bilan o‘lchanadi. Chunki hozirgi davr – axborot davri, yangi-yangi texnalogiyalar davridir. Kimning bilimi kuchli bo‘lsa, hamisha oldinda bo‘ladi. Avvalo, yurtimizdagi aholining deyarli yuz foizi savodli ekani bizning ulkan ma`naviy boyligimizdir. Negaki, savodli odam kitob, gazeta o‘qiydi, televizor ko‘rib, radio eshitib, ulardan o‘zicha xulosa chiqara oladi. Eng muhimi, o‘z vatanidan turib dunyodan ogoh va zamon bilan hamnafas bo‘lib yashaydi. “Moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlikdir”, degan edi Abdulla Qodiriy. Biz ham moziyga nazar tashlasak, o‘zbek xalqi qadim-qadimdan buyuk allomalari bilan dunyoga tanilgan edi. Musulmon olamida tan olingan oltita ulug’ muhaddislarning uchtasi bizning yurt farzandlaridir. Bular – Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Nasoiydir. Shundayin buyuk insonlarni yetishtirgan yurt farzandi ekanimdan faxr tuyaman. Bu his, o‘z navbatida, o‘zimga bo‘lgan ishonch, kelajakka umid, yelkamga esa ulkan mas`uliyat yuklaydi.
Vatan! Vatan! Vatan! Qalbdan otiladi bu so‘z. Har qancha takrorlasam ham ohori to‘kilmaydi. Ulkan kuch, cheksiz qudrat, tayanch mavjud bu ulug’ so‘zda. Vatan deya, vatan uchun yashayotgan odamgina shu go‘zal so‘zni mehr bilan, muhabbat bilan tilga oladi, dilida viqor, ruhida salobat sezadi. Vatan, sen uchun nima qildim? Umrim bino bo‘lib, eng uzun hayot kechirsamda, sen menga bergandek buyuk ne`matni senga hadya etolmasman, sendagi qarzimni uzolmasman. Men sening oldingda xaschalik ojizman. Sen buyuksan, vatanim! Sen menga borliqni anglatding, sen menga tinchlikni berding. Ona tabiat go‘zalliklari-yu dunyo mo‘jizalarini ko‘ra olishim, ulardan bahramand bo‘lishim uchun eng ulkan boylikni hadya etding. Sen menga tuhfa etkanlaring menda, faqat menda bordek go‘yo. Menda sen borsan, senda men borman. Senda tinchlik bor, senda osoyishta hayotim, obod turmushim, nurafshon tongim, charog’on tunim, xotirjam uyqum bor. Senda oilamning tinchligi, yaqinlarim baxti, bolajonlar kulgusi mujassam. Senda mahallamning ozodaligi, yurtdoshlarimning totuvligi, xalqimiz farovonligi, millatlar ahilligi mavjud. Senda baxtsizlikni ko‘rmayman, chunki birgina kamchilikni yuvib tashlovchi o‘nlab yutuqlaring bor. Senda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmaydigan miqdorda eng katta boyligim- baxtim bor. Bu baxt ne?, deb so‘rasalar, sendagi tinchlikni manzil sifatida ko‘rsataman. Tinchlikka, osoyishtalikka, xotirjamlikka nima yetadi? Kim ayta oladi boylik tinchlikdan afzal, deb. Kim sog‘likni tinchliksiz ko‘ra oladi? Kim oilaviy baxt tinchliksiz ham bo‘laveradi deya oladi, ayting?...
O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufni xalqona yozadi,- deyishadi. Sababi u vatanini onasi siymosida ko‘radi. “Vatanni men shunday tasavvur qilaman – u onamday go‘zal, onamday xokisor. Onamni yaxshi ko‘rganlarning hammasi mening do‘stim. Lekin mening onam haqida birov yomon gapirsa, unga tosh otsa uni qo‘lini urib sindiraman. Vatan deganda men shuni tushunaman. Nodar Dumbadzedan “Vatan nima?”, deb so‘rashganda, “ Vatan – shunaqa narsaki, uni aytganingda odam jonini berishga tayyor bo‘lishi kerak, nomini eshitishing bilan joning chiqib ketishi kerak”, deb javob bergan. U ana shunday, tasavvurimda u – mening onam. Men uni hechkimga ishonmayman, hech kimga bermayman va hech kimga haqorat ham qildirib qo‘ymayman!” Onam nihoyatda ko‘ngilchan, zahmatkash bir ayol. Gohi rostanam shu ayolning farzandimanmi?, deb qolaman. Chunki jizzaki, qaysar, dangasaligimning chegarasi yo‘q. Televizorda she’r o ‘qisam yig’laydi, kitobim chiqsa yana ko‘z yosh qiladi. Birov maqtasa yig’laydi, g’iybat qilsa yana yig’laydi. Onalar bolalarini dunyoga keltiradi, bolalari esa uni o‘rtab adoyi tamom qiladilar. Onamni yoshligida nihoyatda go‘zal ayol bo‘lgan deyishadi. Bilmadim. Maktabni bitirib onamga razm solsam ancha keksayib qolgan edi. Yuzi, peshonasidagi ajinlari orasidan men jilmayib turardim, deb yozadi shoir. Qiziq, yuqorida Muhammad Yusuf vatani haqida so‘z aytganmi yo bo‘lmasa onasi haqidami?, degan savolga: U “Ona vatan” haqida gapirgan, deya javob beramiz.
Men dunyoni nima qildim?
O‘zing yorug’ jahonim.
O‘zim hoqon,
O‘zim sulton,
Sen taxti sulaymonim.
Yolg’izim-yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O‘zing mening ulug’lardan
Ulug’imsan, vatanim!
Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga.
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdard- u hamxonam deymi?
Oftobdan ham o‘zing mehri
Ilig’imsan, vatanim!
Shoir vatanini ana shunday yaxshi ko‘radi:
-Mening vatanim – mening onam. Dunyoda undan go‘zal yo‘q. Dunyoda undan halol yo‘q, undan kechiruvchan yo‘q, undan mehribon yo‘q. U nima qilsang ham kechiradi. Sen ham xuddi shunday mehribonsan, vatanim! Tinch va osoyishta kunlaring qadrini-da bilmaganlar – bir siqim tuprog’ingga zor bo‘lmaydimi, axir? Vatan deb bag’ri-dili qon bo‘lgan, jonini sening sarhadlaring himoyasi uchun qurbon qilganlar ruhi hurmati, sen in`om etgan o‘sha bebaho boylikni asrash uchun aziz jonidan kechgan ajdodlarimiz roziligi uchun tinchligingga rahna solmoqchi bo‘lganlarni, oppoq tongdek hayotingga tun cho‘ktirmoqni o‘ylagan nokaslarni, xoinlarni yaqiningga yo‘latma!
Farzand bo‘lsa o‘z bag’ringni yulib chiqqan,
Sen ularni farzandim ham dema, vatanim!...
Do'stlaringiz bilan baham: |