INNOVASIYA - bu jaz.
Notaga qarab chalinmaydi,
balki improvizatsiyadir.
Djon Kao
Fikrimizcha, ushbu ta’rif innovatsiya tushunchasining zamonaviy mohiyatini to‘liq ochib bermaydi, uni turkumlash va batafsil tavsiflash uchun yetarli emas. Shu bois, xorijlik va mamlakatimiz olimlarining mavzuga oid asarlari sharhlariga murojaat qilamiz.
Jumladan, Ya.Kuk va P.Mayers ta’rifi ga ko‘ra: «innovatsiya- g‘oyadan to bozorda sotiladigan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan, to‘liq jarayon»23. Deyarli shunday fikr B.Tviss tomonidan ham bildirilgan bo‘lib, innovatsiya kashfiyot yoki g‘oya iqtisodiy mazmun kasb etadigan jarayon sifatida ta’riflanadi 24.
Oksford universiteti professori M.Dodgsonning ta’rifiga ko‘ra, «innovatsiya ilmiy, texnologik, tashkiliy va moliyaviy faoliyatdan iborat bo‘lib, yangi(yoki yaxshilangan) mahsulot, yangi (yoki yaxshilangan) ishlab chiqarish jarayoni, yoki qurilmalar tijoratiga olib keladi»25.
V.G.Mednskiy va S.V.Ildemenovlar fikricha, innovatsiya faoliyati: «o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqotlar yoki qilingan kashfiyot natijasida ishlab chiqarishga joriy etilgan obyekt bo‘lib, oldingisiga qaraganda sifat jihatdan farq qiladi»26.
Innovatsiya tushunchasiga berilgan ta’riflarni yana davom ettirishimiz mumkin. Har xil ta’riflar o‘rtasidagi eng muhim farqlar, innovatsiya tushunchasiga muallifning qanday yondashganligidan iborat. Bunday yondashuvlarni asosan ikki toifaga ajratib ko‘rsatishimiz mumkin.
Innovatsiya ilmiy-ijodiy jarayon va uning natijasi
Innovatsiya yangilikni joriy etish (tijoratlashtirish).
Yaqin vaqtlargacha ushbu yondashuvlardan qaysinisi, ta’riflardan qaysi biri mukammalroq ekanligi to‘g‘risida qizg‘in munozaralar olib borilgan. So‘nggi paytlarda bunday munozaralar bir oz pasaymoqda. Bu hozirgi vaqtda innovatsiya tushunchasining to‘laqonli boshqaruv kategoriyasi sifatidagi o‘ziga xos xalqaro standarti ishlab chiqilishi bilan bog‘liq.
Ushbu xalqaro standartni ishlab chiqishga «Fraskati qo‘llanmasi» va «Oslo qo‘llanmasi» nomi bilan ma’lum ikkita ish asos bo‘lgan. Bulardan birinchisi, fan va innovatsiyalar to‘g‘risidagi axborotlarni to‘plash, ishlov berish va tahlil qilish bo‘yicha tavsiyalardan iborat bo‘lib, 1963 yil Italiyaning Fraskati shahrida qabul qilingan va shuning uchun «Fraskati qo‘llanmasi» deb nomlangan. Ushbu qo‘llanma fan va innovatsiyalar bo‘yicha Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IHRT)ning milliy ekspertlari tomonidan doimiy ravishda tuzatilib, takomillashtirilib borilmoqda. «Oslo qo‘llanmasi»da innovatsiya
tushunchasiga umumiy yondashuv shakllantirilgan bo‘lib, 1992 yil
Osloda qabul qilingan va texnologik innovatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash uslublaridan iborat.
Hozirgi vaqtda boshqaruv sohasidagi ko‘pchilik nazariyachilar va amaliyotchilar ushbu hujjatlarda keltirilgan innovatsiya tushunchasini yoqlaydilar. Aynan shu tushuncha innovatsiyaning me’yoriy-huquqiy bazasini shakllantirishda innovatsiya faoliyati bo‘yicha konsepsiyalar, dasturlar va boshqa strategik hujjatlarni ishlab chiqishda asos qilib olinmoqda.
Yuqorida bayon qilingan, nazariy, me’yoriy-huquqiy va uslubiy manbalar sharhlarini umumlashtirib, innovatsiya tushunchasini ta’riflashga quyidagi yondashuvni taklif etamiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |