OLTINNI HAM ZANG BOSADI
Turkistonning Buxoro, Samarqand kabi yirik shaharlarida oʻtgan asrning yigirmanchi yillarigacha koʻplab mohir va talantli zargarlar ish yuritgan. Ular yasagan taqinchoqlar oʻzining jim-jimasi, gullari va rang-barangligi bilan ajralib turgan.
Zargarlar barcha davrlarda jamiyatning alohida eʼtiborida boʻlgan. “Uygʻonish davrida (XV-XVI asrlarda) zargarlik sanʼatining nufuzi baland boʻlganini shundan ham bilish mumkinki, oʻsha zamonning eng atoqli allomalari, musavvirlari va meʼmorlari Verokkio, Golbeyn, Dyurer kabi zargarlar ustaxonalaridan chiqqan…” (“Xudojestvennoye lite iz dragotsenniʼx metallov”. Leningrad-1988 g. str 11).
Rossiya haqida gap ketganida manbaalarga murojaat qilamiz. “Dastlabki yillarda bunday hashamatli buyumlarni Parij yetkazib bergan, sababi Rossiya oʻarbiy Yevropa bilan oʻzaro savdo-sotiqni keng yoʻlga qoʻya boshlagan, soʻng zargarlar kirib kelgan… Pyotr I zamonida esa amaliy sanʼatning gurkirab rivojlanishi uchun faqat tamal toshi qoʻyilgan.
Harbiy va qurilish ishlari ehtiyojlariga gʻoyat katta hajmda mablagʻ sarflangani sababli, shuningdek, oʻzining oltin va kumush konlari boʻlmaganidan bu sanʼatning rivoji toʻxtab qolgan.
60-yillardan keyin SSSRda oltin qazib olish koʻpayishi bilan birga zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish hajmi ham oshgan. Moskva, Leningrad, Kiyev, Boku, Yerevan, Tbilisi, Lvov, Tallin, Riga va Sverdlovsk kabi shaharlarning zargarlari kumush va oltin buyumlarni yasashda yuksak mahorat koʻrsatgan”. (Oʻsha kitob, 35-bet).
Zargarlik buyumlari bilan qadimdan dong taratgan Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi shaharlar joylashgan Oʻzbekiston qani? Bu roʻyxatga kiritilmagan. Kira olmas ham edi. Chunki, kimki bunday hunar bilan shugʻullangan boʻlsa, ayniqsa, oʻz sulolasiga ega zargarlar, Sovet hokimiyatining dastlabki yillaridayoq qatagʻon qilingan, boshqacha aytganda, oʻz kasbining ustasi boʻlgan mohir zargarlar jismonan yoʻq qilingan.
O. A. Suxarevaning “Buxara XIX–nachalo XX veka” kitobida qayd etilganidek, “zargarlar va misgar ustalar yuksak madaniyat sohiblari boʻlgan. Ular anʼanaviy uslublardan ijodiy foydalangan holda uzoq va mashaqqatli izlanishlari samarasida oʻzlarining yangi va oʻziga xos shakllari va gullarini yaratgan”. Kitobda “ajdodlari zargar oʻtgan Qosimjon Miroqov hamda XIX asrning ikkinchi yarmida yashagan buyuk zargar
Usto Aʼlo” haqida maʼlumotlar keltirilgan. Ayni paytda alohida taʼkidlanadiki, “ular oʻz davrining taniqli ijodkori boʻlgan va xalqining maʼnaviy mulkini, madaniyatini, anʼanalarini boyitishga katta hissa qoʻshgan”.
Oʻlkamiz zargarlari haqida gap ketganda, yana bir muhim voqea esga tushadi. 1972 yili Surxondaryodagi Dalvarzintepa shahristonida umumiy hajmi 36 kilogrammdan ortiq turli bezaklar, taqinchoqlar, oltinlar shodasi va boshqa zeb-ziynat buyumlari (jami 115 dona) topilgani dunyoda katta shov-shuv boʻlgan edi. Tarixchi va qadimshunoslarning taʼkidlashicha, “Dalvarzintepa xazinasining eng qimmatli jihati, uning antik dunyo sanʼati qatorida tutgan muhim oʻrnidir. Zero, milodiy asr boshlarida Kushon, Xorazm,
Sugʻd kabi qudratli davlatlar, saltanatlar oʻtganki, ular oʻsha davrlarda gullab-yashnagan yirik shaharlari, mahobatli qasrlari, saroylari bilan olamga dong taratgan. Shu bois, bugungi Oʻzbekiston hududidan oʻtgan Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Termiz, Qoʻqon singari qadimiy kentlarda zargarlik, haykaltaroshlik, kulolchilik va hunarmandchilikning boshqa turlari qadimdan gurkirab rivojlangani yana bir bor ayon boʻladi”. (S. Tursunov, T. Pardayev va boshqalar, “Surxon vohasi moddiy madaniyati tarixi”, Toshkent-2013,112-bet).
Boshqa mintaqalardagi kabi Turkistonda ham zargarlarga juda jiddiy munosabatda boʻlingan. Ayni paytda, usta-hunarmandlar oʻz nomini asrab-avaylagan. Bilganki, qalloblik qilsa, holiga voy: “Firibgardan zargar chiqsa, oltinni ham zang bosadi”.
Turli arxivlarning hujjatlarida oʻtgan asrning 20-yillaridan keyin qatagʻon qilingan zargarlar haqida ayrim materiallar uchraydi. Saqlanib qolingan materiallarni oʻrganish ishlari tashkil etilsa va Turkistonning xalq ustalari – mohir zargarlarining pok nomlari tiklansa, adolatdan boʻlar edi.
60-yillargacha Buxoroda odamlar bu mavzuda gapirishga ham qoʻrqar edi. Aholisi kambagʻal-qashshoq shaharda zargar ne qilsin! Zeb-ziynat, hasham haqida gap boʻlishi mumkinmi?
Do'stlaringiz bilan baham: |