O‘ZBEKISTONDA UZLUKSIZ TA’LIM TIZIMINI ISLOH QILISHNING HUQUQIY ASOSLARI
Ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan islohotlar yurtimizdagi tub o‘zgarishlar, yangilanishlarning asosi bo‘lib xizmat qildi. Zero, har bir yurtning buguni va kelajagi, tom ma’noda, ta’lim tizimining qay darajada rivojlangani, barkamol avlodni tarbiyalash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, islohotlarning natijalari bilan belgilanadi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda har yili yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizi ta’limga yoki davlat byudjetining 60 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi belgilandi. Ushbu mablag‘ning 35 foizi faqat ta’lim tizimiga sarflanib, yoshlarning puxta ta’lim-tarbiya olishi uchun yo‘naltirildi.
Uzluksiz ta’lim tizimining huquqiy asoslarini mustahkamlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan huquqiy-me’yoriy hujjatlar muhim ahamiyat kasb etdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi «2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2707-sonli, 2017-yil 14-martdagi «O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2829-sonli, 2017-yil 20-apreldagi «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi PQ-2909-sonli, «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi shuningdek, akademik ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan 2017 yil 17 fevraldagi «Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2789-sonli qarori hamda «O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasining akademiklari faoliyatini yanada takomillashtirish va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2016 yil 29 dekabrdagi PF-4907-sonli farmonlari shular jumlasidandir.
Respublikamiz yoshlarining jahondagi ulkan intellektual boylikni egallashiga sharoit yaratish, dunyoga chiqishi uchun imkoniyatlar eshigini ochish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1875-sonli qarorining qabul qilinishi natijasida 2013-2014 yildan boshlab umumta’lim maktablarining barchasida 1-sinfdan chet tilini o‘rganish tizimi amalga kiritildi. Uzluksiz ta’lim tizimida chet tilini o‘qitish bo‘yicha Davlat ta’lim standartlari takomillashtirilib, o‘quv rejalari ishlab chiqildi, adabiyotlarning yangi avlodi yaratildi, chet tilini o‘qitish bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi yanada kuchaytirildi.
Shuningdek, respublikamizning Birinchi Prezidenti I.Karimov tashabbusi bilan O‘zbekistonda bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, bolalar sportini rivojlantirishning noyob tizimiga asos solindi.
Bolalarning musiqa va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan musiqa va san’at maktablari barpo etildi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida «Barkamol avlod» bolalar markazlari, Bolalar va o‘smirlar sport maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan chora-tadbirlar, sog‘lom avlodni shakllantirishning tarixiy-tadrijiy, ma’naviy va jismoniy sog‘lom avlodni dunyoga keltirish va tarbiyalash borasida ulkan yutuqlarga erishish imkonini berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |