4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
17. Tashkilotlar o‘ta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishlari lozim. Ro‘yxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr qurilmalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar hamda amaldagi tarmoq ro‘yxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
18. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini o‘zlashtirishlari shart.
19. O‘ta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (naryad-ruxsatnoma)ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Tashkilot rahbariyati o‘ta xavfli ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va xavfsiz bajarish belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash
21. Xodimlarni ishlab chiqarish muhitining xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan himoya qilish jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali ta’minlanishi lozim.
22. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari xonadagi barcha xodimlarga ta’sir qilgan taqdirda qo‘llanilishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
23. Jamoaviy himoya vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda qurilmalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
24. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari barcha xodimlarga ta’sir qilganda qo‘llanishi shart va tashkilotlarni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
25. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qo‘llanilishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
26. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularning qo‘llanilishi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.
27. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash va ulardan to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
yakka tartibdagi himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi;
xavfli va zaharli moddalar bilan ishlashda foydalanilgan yakka tartibdagi himoya vositalarining dezinfeksiya qilinishi (bir marta qo‘llaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
28. Turli agressiv moddalar bilan ishlayotganda teri kasalliklarini oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish lozim.
29. Xodimlar maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibdagi himoyalanish vositalari bilan belgilangan tartibda bepul ta’minlanishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |