ALKOGOLIZM VA UNING ZARARLI OQIBATLARI
(Narkomaniyaning 3- guruhi)
Agar odamlar aroq, vino, tamaki va afyun
bilan o’zlarini gang qilmasalar edi,
hayotda qanday baxtli o’zgarishlar bo’lar edi.
L.Tolstoy
Tabiatdagi barcha mavjudotlar orasida inson eng komil va ulug’ zotdir. Shuning uchun ham har bir odam bu yuksak nomga munosib bo’lishi kerak. Shu bilan birga o’z salomatligi, oilasining baxti va mustahkamligi, kelgusida sog’lom va ma’naviy yuksak darajadagi avlodni etishtirish hamda ozod-mustaqil jamiyatning munosib a’zosi bo’lishi uchun kurashishi kerak.
Xalqimizda «xalq sog’lig’i - jamiyat boyligi» deb bekorga aytilmagan. Shuning uchun ham Davlatimiz-hukumatimiz xalq sog’lig’ini saqlash sohasida katta g’amxo’rlik qilmoqda.
Ilmiy ma’lumotlarga ko’ra «gipertoniya (xafaqon)» va «yurak ishemik kasalliklari» bilan og’rigan bemorlarning miokard infarkti xastaligi darajasigacha borishda spirtli ichimliklar iste’mol qilishlik sababchi bo’lib qolmoqda.
Surunkali alkogolli ichimlik ichib, unga mubtalo bo’lib, qizil o’ngachidan qon oqishi natijasida o’lganlarning soni 60%ni tashkil etadi.
Alkogoliklarning ko’pchiligi og’iz bo’shlig’i va qizilo’ngach kasalligiga uchraydi.
Ichkilikbozlarning 90%i gastrit, me’da va 12 barmoq ichak yarasi va me’da osti bezi kasalligi va boshqa a’zolarning kasalligi bilan og’riydi.
Surunkali alkogol iste’mol-qabul qilgan va alkogoliklarning yashash davri, ichmaganlarga nisbatan 10-15 yil qisqa ekanligi ham aniqlangan.
Frantsuz olimi Topdosnoning aniqlashicha baxtsiz hodisalar alkogoliklarda ichmaganlarga nisbatan 35 marta ko’p uchrar ekan.
VOZ ma’lumotlariga ko’ra planetamizda har yili 1500000 kishi hayotdan ko’z yumar ekan.
Alkogol tufayli ishlab chiqarishda, qishloq xo’jaligida ko’plab mayib bo’lishliklar - travmatizm 4,6% uchraydi va ularning 46,4%i o’lim bilan tugaydi. Alkogolizm bolalarning ruhiy jihatidan nogiron bo’lib tug’ilishiga sababchi bo’ladi. Ota-ona yoki ularning birortasi tufayli hozirgi kunda har oltinchi bolaning, ya’ni tug’ilgan chaqaloqlarning ruhiy va jismoniy kamchiliklar bilan dunyoga
kelayotganligining aniqlanganligi sir emas. Bunday bolalar yomon o’qiydi, ayrimlari duduqlik, kechasi bo’lganda peshobini ushlayolmaslik xastaligi va boshqa patologik jarayonlar bilan tug’iladi.
Surunkali alkogolizm xastaligining ko’pchilik qismi 20-22 yoshdagilarga (31,4 %) va 23-26 yoshlarga (40,4%) to’g’ri keladi. Ya’ni ayni novqiron ishlash qobiliyati yuqori bo’lganlarga to’g’ri keladi. Spirtli ichimliklarga duchor bo’lgan yoshlarning aksariyati 10-chi sinf, 8-chi sinfdagilar bo’lgani, hatto to’rtinchi sinfdagi o’quvchilarda ham uchragani juda achinarli holdir. Bunday bo’lishiga asosan oiladagi muhit sabab bo’lgan.
Ichkilikbozlik ayniqsa oilaga, korxonaga, muassasaga va davlatimizga katta zarar keltiradi. Alkogolizm - og’ip oqibatlarga olib keluvchi zararli odat, unga qarshi kurashish barchaning burchidir.
Alkogolizm avloddan-avlodga (naslga) o’tmaydi, kishi aroqxo’r bo’lib tug’ilmaydi. U spirtli ichimliklarni oz-ozdan ichib yurish natijasida paydo bo’ladi. Ichkilikka ruju qo’ygan kishi o’zini-o’zi harob qiladi. Hozirgi kunda me’da-ichaklar, yurak tomir kasalliklari, rak kasalligi va boshqa kasalliklar bilan bir qatorda alkogolizmga qarshi kurashish ishlari ham olib borilayapti.
Ushbu kitobchada salomatlikning ashaddiy dushmani bo’lgan ichkilikbozlik - alkogolizmga qarshi kurashish choralari haqida hikoya qilamiz. Bundan tashqari alkogolizmni kelib chiqish sabablari, spirtli ichimliklarni ichishlikning kishi organizmiga zararli ta’siri, ayniqsa yosh o’smirlar organizmiga hamda naslga yomon ta’sir ko’rsatishi, shuningdek gap ichkilikbozlik oqibatida oilaning buzilishi, mehnat qobiliyatining susayishi, turmush darajasining pasayishi, jismoniy hamda ma’naviy tushkunlikka tushishi, jamaotchilik oldida e’tibordan qolishi va jamiyatimizga dog’ tushirishi kabilar haqida boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |