Moslashuvchan ishchi kuchi bozori konsepsiyasi 19-asr 70-yillarining oxirida, nisbatan rivojlangan Ғarb mamlakatlarida iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurish amalga oshirilayotgan davrda keng tarqaldi. Uning asosida ishchi kuchi bozorini tartiblashdan voz kechish, bandlikning moslashuvchan, funksional jihatdan individuallashtirilgan va nostandart shakllariga (qisman bandlik, to‘liq bo‘lmagan ish haftasi yoki ish kuni, qisqa muddatli shartnomalar, uyga ish olish va h.k.) o‘tishning zarurligi to‘g’risidagi qoidalar yotadi. Bunday yondoshuv iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurish xarajatlarini kamaytirishni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, ishga yollash, ishdan bo‘shatish va bandlik shakllarining turliligi va moslashuvchanligi; ish vaqtini tartibga solishning moslashuvchanligi; ish haqini tabaqalashtirish asosida tartibga solishning moslashuvchanligi; ishchilarni ijtimoiy himoyalash usul va shakllari, shuningdek, ishchi kuchi bozoridagi talab va taklifning tebranishiga ishchi kuchi hajmi, tarkibi, sifati va narxini muvofiqlashuvining moslashuvchanligi hisobiga erishiladi.
Umuman olganda moslashuvchan ishchi kuchi bozori konsepsiyasi tadbirkor va ishchilar o‘zaro munosabatlarining turli shakllarini mavjudligini taqozo etib, ishchi kuchi bozorining yalpi xarajatlarini ratsionallashtirish, foydalilik darajasini oshirish va yuqori harakatchanligini ta’minlashga qaratilgan.
Ishsizlik, uning turlari va oqibatlari. A.Ouken qonuni.
Iqtisodiyotning barqarorligi va sog’lomligini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlardan biri ishsizlik darajasi hisoblanadi. Biroq, har qanday mamlakatda doimiy ravishda ma’lum darajada ishsizlik mavjud bo‘ladi.
Umuman olganda, mehnatga layoqatli bo‘lib, ishlashni xohlagan, lekin ish bilan ta’minlanmaganlar ishsizlar deyiladi.
Namoyon bo‘lish xususiyati va vujudga kelish sabablariga ko‘ra ishsizlik friksion, tarkibiy, siklik, institutsional, texnologik, regional, yashirin va turg’un ishsizlik turlariga bo‘linadi.
Kishilar turli sabablar (yangi yashash joylariga ko‘chib o‘tish, ishining mazmuni va tavsifi yoqmay qolishi, nisbatan yuqoriroq ish haqi olishga intilish va boshqalar)ga ko‘ra o‘z ishlarini almashtirib turadilar. Biroq, bir ishdan bo‘shab, boshqa biriga joylashgunga qadar orada ma’lum vaqt o‘tadi (ba’zi adabiyotlarda bu muddat 1 oydan 3 oygacha davom etishi ko‘rsatiladi). Aynan shu vaqt oralig’idagi, ya’ni bir ishdan bo‘shab yangi ishga joylashgunga qadar bo‘lgan davrdagi ishsizlik friksion (oraliq) ishsizlik deyiladi.
Ma’lumki, iqtisodiyotning rivojlanishi bilan uning tarkibida turli o‘zgarishlar ro‘y beradi. FТТ, yangi texnologiyalarning ishlab chiqarishga qo‘llanishi natijasida ba’zi bir tarmoq va soha mahsulotlariga bo‘lgan talab qisqarib, zamonaviy mahsulot turlariga talab o‘sadi. Bu esa yalpi ishchi kuchi tarkibida ham ma’lum o‘zgarishlarning ro‘y berishini taqozo etadi. Natijada ba’zi bir kasb yoki mutaxassislik turlaridagi ishchilarga talabning qisqarishi yoki umuman yo‘qolishi ularning o‘z kasb va mutaxassisliklarini o‘zgartirish yoki shunday kasblarga talab saqlanib qolgan joylarga ko‘chib o‘tishga majbur qilib qo‘yadi. Ular yangi kasb va mutaxassislikni o‘zlashtirib yoki boshqa joyga ko‘chib o‘tib, yangi ishga joylashgunga qadar bo‘lgan ishsizlik tarkibiy ishsizlik deb ataladi. Тarkibiy ishsizlik friksion ishsizlikka qaraganda uzoqroq davom etadi hamda ko‘proq ma’lum xarajatlarni taqozo etadi. Uning uzoq muddat (odatda 6 oydan ko‘proq) davom etishi yangi kasb turini o‘zlashtirish yoki malaka oshirish bilan, ma’lum xarajat talab qilishi esa, eski kasb turi bilan shug’ullanish istagi saqlanib qolgan holda, yashash joylarini o‘zgartirish bilan bog’liq bo‘ladi.
Friksion va tarkibiy ishsizlik, iqtisodiyotdagi rivojlanish har qanday holatidan qat’iy nazar, ma’lum darajada barcha mamlakatlarda mavjud bo‘ladi. Shunga ko‘ra, friksion va tarkibiy ishsizlik birgalikda ishsizlikning tabiiy darajasini tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |