4.Agrar sohani rivojlanish istiqbollari.
O’zbekistonda bozor munosabatlarini rivojlantirish sharoitida fermer xo’jaliklarining tashkil topishi agrar islohotlarning asosiy mazmunini tashkil etdi. Fermer xo’jaligining boshqa jamoa, shirkat yoki hissadorlik kabi yirik xo’jaliklardan asosiy farqi va ustunlik tomoni fermerning ishlab chiqarish vositalari bilan bevosita birgalikda, ya’ni mulk va mehnat natijalarini tasarruf etish buyicha masalalarni mustaqil hal etishida bo’lib, uning iqtisodiy negizini ishlab chiqarish vositalariga (er bundan mustasno) va o’z mehnati natijalariga mulkiy egalik tashkil etadi. Fermer xo’jaligida tadbirkorlik erkinligi, oila hamda shaxsning o’z moddiy farovonligi yo’lida mehnat qilishiga tayanish muhim o’rin tutadi. Respublikada fermer xo’jaliklarini tashkil etilishi bosqichma-bosqich va izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
O’zbekiston Respublikasida 01.01.2015 y. ma’lumotlari bo’yicha jami 100 minga yaqin fermer xo’jaliklari qayd etilgan. Fermer xo’jaliklarining miqdoriga ko’ra Samarqand va Farg’ona viloyatlari etakchilik qilishadi. Bu hududlarning har biriga mamlakatimizdagi jami fermer xo’jaliklarining 12,1 -10,7 foizi to’g’ri keladi. Qashqadaryo va Namangan viloyatlari ham ushbu xo’jalik soniga ko’ra oldingi o’rinlarni egallaydi. Fermer xo’jaliklari soni 1991 yildan 2007 yilgacha muttasil ortib borgan. Masalan, 2000 yilda fermer xo’jaliklari soni 43,7 mingtani tashkil etgan bo’lsa, 2015 yilda esa uning soni 6 martaga yaqin ko’paydi, ya’ni 100,0 mingtaga etdi. Bunga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 6 oktyabrdagi F-3077-sonli “Fermer xo’jaliklari faoliyatini yuritishda er uchastkalari miqdorini maqbullashtirish (optimallashtirish) choralarini ko’rish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo’yicha maxsus komissiya tashkil etish to’g’risida”gi farmoyishi tufayli bir fermer xo’jaligiga to’g’ri keladigan er maydoni baravarga (27 gektardan 56 gektarga) kengaytirilganligi sababdir.
Hozirda o’rtacha bir fermer xo’jaligiga to’g’ri keladigan er maydoni ko’rilayotgan davrda 4 baravarga ko’paygan holda, 2014 yilda 80 gektardan oshib ketdi. Bu esa o’rtacha bir fermer xo’jaligi a’zosiga to’g’ri keladigan er maydonining 2007-2014 yillarda 169,2 foizga o’sishiga olib keldi. 2000-2014 yillar davomida respublika fermer xo’jaliklariga biriktirilgan ekin maydonlari 6,5 martaga ko’paydi.
Fermer xo’jaliklariga biriktirilgan er maydoni Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Qoraqalpog’iston Respublikasida nisbatan katta. Mazkur hududlardagi fermer xo’jaliklariga o’rtacha 10 gektardan ko’p er tegishlidir. Ayni paytda Andijon, Xorazm, Sirdaryo hamda Navoiy viloyatlarida bu ko’rsatkichlar nisbatan past. Respublikada o’rtacha har bir fermerga 80 ga er maydoni to’g’ri kelmoqda.O’zbekistonda 2014 yil ma’lumotiga ko’ra, jami fermer xo’jaliklari 5826,8 ming gektar er maydonida ish olib borishmoqda. Mazkur fermer xo’jaliklarining optimallashtirilishi natijasida ularda ishlayotgan ishchilar miqdori kamaydi. Bugungi kunda respublikada o’rtacha har bir fermerga 25-30 nafar ishchi-xodim to’g’ri kelgan holda, jami fermer xo’jaligida ishlayotganlar 1500 ga yaqin bo’lib, ularning soni ko’rilayotgan yillarda ko’payib bormoqda.
Jumladan, yalpi qishloq xo’jalik mahsulotlarini etishtirishda fermer xo’jaliklarining ulushi 2000-2014 yillarda 35 foizgacha ko’tarildi. Ayni vaqtda ushbu ko’rsatkich Sirdaryo viloyatida 43,1 %, Qashqadaryoda 41,9 %, Qoraqalpog’iston Respublikasida -40,2 % ga teng bo’lgan bo’lsa, aksincha, Navoiy, Buxoro va Namangan viloyatlarida uning darajasi umummamlakat ko’rsatkichidan biroz past. Mazkur xo’jaliklarining qishloq xo’jaligidagi tarmoqlar tarkibidagi o’rni ko’proq dehqonchilikda ko’rinadi, chorvachilik mahsulotlarini etishtirishda esa aksincha, dehqon xo’jaliklari faol ishtirok etishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |