Birinchi yordam zaharli kimyoviy vositalardan nafas olish natijasida kelib chiqqan zaharlanishlarda birinchi yordamning asosiy vazifasi zararlangan kishini statsionarga tezlikda olib borishdan iborat. Imkoniyat bo‘lsa, bemorga 6—8 tomchi 0,1 % li atropin eritmasi yoki 1—2 belladonna tabletkasi berish zarur. Nafas olish to‘xtagan taqdirda, tinimsiz sun’iy nafas oldirish kerak. Zaharning
185
me’da-ichak yo‘llariga tushishi natijasida vujudga kelgan zaharlanishda me’dani aktivlangan ko‘mir qo‘shilgan suv bilan yuvish zarur. Tuz surgi beriladi. Teri va shilliq pardalarga tushgan zaharli kimyoviy vositalarni suv oqimi bilan tozalash lozim.
Og‘iz bo‘shlig‘i kimyoviy kuyganda birinchi yordam. Konsentrlangan kislotalar va o‘yuvchi ishqorlardan zaharlanishda (ichib qo‘yilganda ) qisqa vaqt ichida og‘ir holat yuzaga chiqadi. Bu hol birinchi galda og‘iz bo‘shlig‘i, yutqun, qizilo‘ngach, me’da, ko‘pincha hiqildoqning ham ko‘p kuyishi, keyinroq surilgan moddalarning hayotiy muhim organlarga (jigar, buyrak, o‘pka- yurakka) ko‘rsatilgan ta’siri bilan tushuntiriladi. Shilliq pardalar teriga qaraganda nozikroq bo‘ladi, shuning uchun ular tezroq va chuqurroq yemiriladi va nekrozga uchraydi. Og‘iz-lab shilliq pardasi kuyadi va qora qo‘tir (chaqa) bo‘lib qoladi. Sulfat kislotadan kuyishda chaqa qora rangli, nitrat kislotadan kuyishda kulrang sariq rangli, xlorid kislotadan kuyishda sarg‘imtir yashil rangli, sirka kislotadan kuyishda kulrang oq bo‘ladi.
Ishqorlar to‘qimalarga oson kiradi va shuning uchun to‘qimalarni chuqur shikastlaydi. Kuygan yuza juda yumshoq, rangi oqimtir, tez parchalanadigan bo‘ladi. Kislota yoki ishqor ichib qo‘ygan bemorlarni og‘zida, to‘sh orqasida, epigastriyasida kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Bemorlar og‘riqning zo‘rligidan o‘zlarini qayerga qo‘yishni bilishmaydi. Deyarli hamma vaqt azob beradigan, ko‘pincha qon aralashgan qusish sodir bo‘ladi. Tezda og‘riqdan shok paydo bo‘ladi.
Hiqildoq shishib, keyinroq asfiksiya rivojlanishi mumkin. Kislota yoki ishqor katta miqdorda qabul qilinganda yurakning sustlashishi, kollaps rivojlanadi. Nashatir spirtdan zaharlanish og‘ir o‘tadi. Shikastlanishning bu turida og‘riq sindromi bo‘g‘ilish bilan o‘tadi, chunki nafas yo‘llari ham zarar ko‘radi.
Birinchi yordam. Birinchi yordam ko‘rsatuvchi kishi zaharlanish qaysi moddadan ro‘y berganligini bilishi kerak, chunki yordam ko‘rsatish usullari ana shunga bog‘liq. Konsentrlangan kislotalardan zaharlanishda qizilo‘ngach va me’daning teshilish simptomlari bo‘lmasa, avvalo, me’dani yo‘g‘on zond orqali 6—10 litr iliq suvga kuydirilgan magneziya (1 litr suvga 20 gr) qo‘shib yuvish zarur. Magneziya bo‘lmaganda yuvish uchun ohakli suvdan foydalanish mumkin. Me’dani yuvish uchun soda ishlatish taqiqlangan.
186
Me’dani oz-ozdan yuvish, ya’ni 4—5 stakan suv ichib, so‘ngra atayin qustirish zaharlangan kishi ahvolini yengillashtirmaydi, ba’zan esa, aksincha, zaharning so‘rilishiga imkon beradi. Zond orqali yuvishni amalga oshirib bo‘lmasa, bunday bemorlarga sut, o‘simlik yoki hayvon moyi, tuxum oqsili, shilliqli damlama va boshqa o‘rab oladigan vositalarni berish mumkin. Karbol kislota va uning unumlari (fenol, lizol)dan zaharlanishda sut, yog‘-moylar berish mumkin emas. Bu holda kuydirilgan magneziyali suv va ohakli suv ichirgan yaxshi. Mazkur moddalar boshqa kislotalardan zaharlanishda ham foydalidir.
Og‘riqni kamaytirish uchun epigastriya sohasiga sovuq suv yoki muz solingan xaltachani qo‘yish mumkin. Konsentrlangan ishqorlardan zaharlanishda ham me’dani tezda 6—10 litr iliq suv yoki 1 % limon yoki sirka kislota eritmasi bilan yuvish lozim. Me’dani zaharlanishidan so‘ng dastlabki 4 soat ichida yuvish lozim. Birinchi yordamning asosiy vazifasi zaharlangan kishini davolash muassasasiga olib borishdan iborat, bu yerda unga shoshilinch shifokor yordami ko‘rsatiladi. Qizilo‘ngach yoki me’da perfo- ratsiyasiga shubha qilinganda (qorinda qattiq og‘riq, to‘sh orqasida chidab bo‘lmaydigan og‘riq) zaharlangan kishiga suyuqlik ichirish va me’dasini yuvish mumkin emas.
Ko‘z kimyoviy kuyganda birinchi yordam. Ko‘zning kimyoviy kuyishi boshqa a’zolarning kimyoviy kuyishidan xavfliroq. Chunki bunda ko‘z olmasini kuyishi ko‘rish funksiyasini to‘liq yo‘qotadi (ko‘rlikka olib keladi), shikastlanmagan tomonda esa, ko‘rish funksiyasini birmuncha vaqtdan keyin pasayishiga olib keladi. Ko‘zning kimyoviy kuyishi kuchli og‘riq, ba’zida chidab bo‘lmas darajadagi og‘riqqa, ko‘z yoshi oqishiga, ko‘rish funksiyasining o‘tkir buzilishi, ba’zan esa, qisqa muddatli hushdan ketish holati kuzatiladi.
Birinchi yordam. Kimyoviy kuyganda birinchi yordam ko‘zni oqar suvda yuvishdan boshlanadi. Buning uchun qovoqlar ochilib, 10—15 daqiqa davomida xona haroratidagi suv shpris (yoki shunga o‘xshash rezina ichak) bilan yuviladi. Ko‘zlarni yuvishda iliq suv ishlatish mumkin emas, bunda kimyoviy moddalar issiq suv ta’sirida tezroq so‘rilishi mumkin va kuyishni og‘irlashtiradi.
Ko‘zlar kimyoviy kuyganda ikkilamchi infeksiya tushish xavfi katta bo‘ladi. Buning oldini olish uchun ko‘zlarni xona haroratidagi suv bilan yuvgandan so‘ng steril quruq aseptik bog‘lam qo‘yish kerak bo‘ladi, bint gir aylantirib o‘rab mustahkamlangach, keyingi
187
o‘ram bosh tepasi va peshana bo‘ylab pastga tushiriladi va yuqoridan pastga tomon chap ko‘zni bekitadigan qiyshiq o‘ram qilinadi, so‘ngra bintni ensa orqali o‘tkazib, pastdan yuqoriga tomon o‘ng ko‘zni bekitadigan qiyshiq o‘ram qilinadi. Buning natijasida keyingi hamma o‘ramlari qanshar sohasida kesishib, har ikki ko‘zni bekitadi va tobora pastga tushaveradi. Bintlash oxirida bog‘lamni gorizontal doira shaklida o‘rash bilan mustahkamlanadi. Bemorni tezda statsionarga yuboriladi.
NAZORAT SAVOLLARI
Kuyishlar qanday tasniflanadi?
Termik kuyish deganda nimani tushunasiz?
Yonayotgan odamga birinchi yordam qanday ko‘rsatiladi?
Kuyishning necha xil darajalari farqlanadi?
Bemor tanasining ko‘p qismi kuyganda transportirovka qilish qoidalari qay tarzda amalga oshiriladi?
Radiatsion (nurli) kuyish bilan termik kuyishning o‘xshash belgilari va farqlari nimada?
Konsentrlangan kislotalar, ishqorlar, fosforlar bilan kimyoviy kuyganda birinchi yordam qanday ko‘rsatiladi?
Ko‘z kimyoviy kuyganda birinchi yordam ko‘rsating.
Do'stlaringiz bilan baham: |