Foiz kanali pul-kredit siyosatining iqtisodiyotga ta’sir etuvchi an’anaviy kanali hisoblanadi. Markaziy bank foiz stavkasining o‘zgarishi iqtisodiyotdagi umumiy foiz stavkalari darajasiga ta’sir ko‘rsatib, investitsiya/jamg‘arma darajasini o‘zgartirish orqali iqtisodiyotdagi yalpi talabning o‘zgarishiga olib keladi. Yalpi talabning o‘zgarishi, o‘z navbatida, inflyatsiya darajasiga ta’sir etadi.Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi va yalpi talab orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud bo‘lmasada, foiz stavkasi o‘zgarishining ta’siri boshqa kanallar orqali ham amalga oshadi.O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining iqtisodiyotdagi foiz stavkalariga ta’siri bo‘yicha tahlillar ular orasida barqaror bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Ayni vaqtda transmission mexanizm foiz kanalining ta’sirini O‘zbekiston sharoitida cheklangangini banklararo pul bozorining shaffof emasligi va yetarlicha rivojlanmaganligi bilan izohlash mumkin.Xususan, banklararo pul bozorida tijorat banklari faolliyatining sustligi va operatsiyalar hajmlarining kichikligi foiz kanalining samaradorligini pasaytiradi.2017 yilning ikkinchi yarmidan Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga qisqa muddatli likvidlikni taqdim qilish operatsiyalari faollashtirildi. Lekin bunda yagona banklararo pul bozorining mavjud emasligi hamda pul-kredit instrumentlari ta’sirining cheklanganligi amalga oshirilayotgan choralar samarasini pasaytirmoqda.Yuzaga kelgan holatdan kelib chiqib hamda pul-kredit siyosati transmission mexanizmining foiz kanalini kuchaytirish va pul bozorini samarali tartibga solish maqsadida 2018 yilning birinchi yarim yilligida qisqa muddatli pul resurslarini jalb qilish va joylashtirish bo‘yicha banklararo pul bozorining yagona elektron platformasini yaratish ko‘zda tutilgan.Shu bilan birga, pul-kredit siyosatining transmission mexanizmining foiz kanalini mustahkamlashda zaruriyat tug‘ilganda Markaziy bank tomonidan bank tizimidagi ortiqcha likvidlikni jalb qilish bo‘yicha operatsiyalar amalga oshiriladi.Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, pul-kredit siyosatining transmission mexanizmi samaradorligini ta’minlash va foiz instrumentlarini optimallashtirish maqsadida Markaziy bankning pul-kredit siyosatining asosiy ko‘rsatkichi sifatida asosiy stavka va foiz koridorini 2019 yildan amaliyotga joriy qilish ko‘zda tutilgan.Likvidlik taqdim etish va jalb qilish bo‘yicha pul-kredit siyosati instrumentlari turlarining kengaytirilishi Markaziy bankning asosiy operatsiyalari bo‘yicha foiz koridorini shakllantirishga xizmat qiladi.Iqtisodiyotni liberallashtirish va unda bozor mexanizmlari ta’sirining oshib borishi bilan bir qatorda faol pul-kredit siyosatining amalga oshirilishi transmission mexanizmning foiz kanalini sezilarli darajada mustahkamlab boradi.Kredit kanali pul-kredit siyosatining asosiy ta’sir kanallaridan biri bo‘lib, ushbu kanal orqali foiz stavkasi iqtisodiyotning real sektoridagi jarayonlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Mazkur kanalning samaradorligi ko‘p jihatdan kredit resurslariga bo‘lgan talab va taklifning Markaziy bank foiz stavkalarining o‘zgarishiga nisbatan ta’sirchanligiga bog‘liq hisoblanadi.
Bugungi kunda iqtisodiyotdagi pul massasi oshishining asosiy qismi kredit kanali hissasiga to‘g‘ri kelganligi bois, uning o‘zgarishi ichki bozordagi narxlar darajasiga o‘zining salmoqli ta’sir ko‘rsatadi.
Xususan, 2017 yil birinchi yarim yilligida tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmlarining sezilarli darajada oshirilishi pul massasi o‘sish sur’atining tezlashishi va iqtisodiyotdagi inflyatsion bosimning kuchayishiga olib keldi.Iqtisodiyotni kreditlash darajasini barqarorlashtirish maqsadida 2017 yilning ikkinchi yarmidan Markaziy bank tomonidan qayta moliyalash stavkasi 14 foizgacha oshirilib, pul-kredit siyosati qat’iylashtirildi. Bu esa, o‘z navbatida, kredit resurslari foiz stavkalarining oshishiga olib keldi.Shuningdek, umumiy depozit va kreditlar tarkibida xorijiy valyutadagi depozit va kreditlar ulushining yuqoriligi hamda xufyona iqtisodiyotning mavjudligi kabi omillar iqtisodiyotni kreditlash hajmiga ta’sir ko‘rsatishga asoslangan pul-kredit siyosatining samaradorligini sezilarli darajada pasaytirmoqda.O‘z navbatida, tijorat banklari tomonidan kreditlarni bozor shartlari asosida berilmasligi, ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlari doirasida imtiyozli va maqsadli kreditlar berilishi kredit kanali samaradorligining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.Bunday holatlarda Markaziy bank tijorat banklariga nisbatan prudensial nazorat talablarini kuchaytirish va pul-kredit siyosatining instrumentlaridan oqilona foydalanish asosida milliy valyutadagi kredit va depozitlarning jozibadorligini oshirish siyosatini faol ravishda olib borishni ko‘zda tutmoqda.Markaziy bankning foiz siyosatini amalga oshirishda kredit resurslarini moliyalashtirish manbalari xususiyatlari inobatga olinib, bozor mexanizmlariga asoslanmagan kreditlar ta’sirini kamaytirish bo‘yicha choralar kuchaytiriladi.Valyuta kursi kanali. Mazkur kanal ta’siri pul-kredit siyosati shartlarining o‘zgarishi natijasida almashuv kursining ichki hamda tashqi tovar va xizmatlarga bo‘lgan nisbiy talabning o‘zgarishi orqali namoyon bo‘ladi.Boshqa tomondan, Markaziy bank foiz stavkasining o‘zgarishi milliy valyutadagi moliyaviy aktivlar daromadlilik darajasining mos ravishda o‘zgarishiga olib kelib, almashuv kursiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.Ichki valyuta bozorining liberallashtirilishi jarayonida milliy valyuta almashuv kursining devalvatsiyasi aholining inflyatsion kutilmalarini oshirib, valyuta kanalining inflyatsion kutilmalar kanali bilan aloqasini kuchaytirdi.
Bunda, inflyatsion targetlashga o‘tish almashuv kursining erkin bozor sharoitida shakllanishi talab qilinishini inobatga olib, valyuta kursi kanali va aholining inflyatsion kutilmalari darajasi orasidagi aloqadorlikning muntazam ravishda kamaytirib borilishi o‘rta muddatli davrdagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. (valyuta siyosati qismida batafsil yoritilgan)Inflyatsion kutilmalar kanali pul-kredit siyosatining inflyatsion targetlash rejimi doirasida amalga oshirilishida inobatga olinishi lozim bo‘lgan asosiy omillardan biri hisoblanadi.Iqtisodiy jarayonlar ishtirokchilari qarorlar qabul qilishlarida nafaqat real bozor sharoitlarini, balki ularning kelajakdagi o‘zgarish ehtimolini ham inobatga olishlarida inflyatsion kutilmalar kanali asosiy ahamiyat kasb etadi. Xususan, korxona va tadbirkorlar narxlarni o‘rnatishlari va kelajakda ish haqi o‘zgarishini baholashlari uchun inflyatsion kutilmalar muhim hisoblanadi.Shu o‘rinda, mazkur kanalning asosiy xususiyati korxona va tashkilotlar tomonidan maxsulot va xizmatlar narxlarini shakllantirilishida namoyon bo‘ladi. Bunda, kelajakda inflyatsiya darajasining oshishini kutayotgan korxona va tashkilotlar narxlarni oshiradi, bu esa joriy inflyatsiya darajasining o‘sishiga olib keladi.Shuni ta’kidlash joizki, kutilmalar kanali yuqorida keltirilgan to‘rtta kanallarning barchasi bilan o‘zaro bog‘liqdir. Masalan, pul bozoridagi foiz stavkalari dinamikasining shakllanishi ko‘p jihatdan kelajakda kutilayotgan stavkalar darajasiga bog‘liqdir.Iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalarning markaziy bank maqsadli ko‘rsatkichlariga nisbatan yuqori darajada bo‘lishi jamiyatda inflyatsiyani markaziy bank tomonidan to‘la nazoratga olish borasidagi shubhalarni keltirib chiqaradi. Mazkur vaziyat foiz stavkasini keskin oshirish zaruriyatini tug‘dirishi mumkin.O‘zbekiston sharoitida iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish va erkinlashtirish jarayonlari amalga oshirilayotgan davrda inflyatsion kutilmalar oshishi va kelajakda ma’lum muddat davomida saqlanib qolishi mumkin.Inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish Markaziy bankning kelajakda amalga oshirilishi kutilayotgan siyosatiga jamoatchilik ishonchini oshirish va shu asnoda ijobiy inflyatsion kutilmalar shakllanishiga erishishni talab etadi.Aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning kelajakda narxlar o‘zgarishi yuzasidan kutilmalarini baholash va monitoring qilish, shuningdek, mazkur kutilmalarning xususiyatlari hamda unga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni atroflicha o‘rganish maqsadida 2018 yildan boshlab Markaziy bank tomonidan iste’mol narxlari dinamikasi va inflyatsion kutilmalarni o‘rganish yuzasidan kuzatuvlar va so‘rovlar olib borish amaliyoti joriy qilindi.Bunda, Markaziy bank tomonidan inflyatsion kutilmalar shakllanish jarayonini o‘rganish, tahlil qilish va ularni modellashtirish salohiyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.Aktivlar narxlari kanalining inflyatsiya darajasiga ta’siri pul-kredit siyosatining o‘zgarishi natijasida aktivlar narxlarining o‘zgarishi tufayli kuzatiladi.Xususan, mazkur kanal samarali amal qilgan sharoitda pul-kredit shartlarining yengillashtirilishi hisobiga davlat qarz majburiyatlari bo‘yicha foiz stavkasining pasayishi moliyaviy resurslarning daromadliligi yuqoriroq bo‘lgan muqobil aktivlarga qayta yo‘naltirilishiga olib keladi. Natijada muqobil aktivlarning narxi va bunga mos ravishda inflyatsiya darajasining oshishi kuzatiladi.Ta’kidlash joizki, davlat obligatsiyalari, kapital va ko‘chmas mulk bozorlarining rivojlanganlik darajasi va samarali faoliyati, o‘z navbatida, mazkur kanal ta’sirchanligini belgilaydigan asosiy omillardan hisoblanadi.Bunda markaziy bank pul-kredit siyosati instrumentlarining samaradorlik darajasi mazkur siyosatdagi o‘zgarishlarning (qisqa muddatli foiz stavkalari, rezerv pullar) boshqa soha va tarmoqlarga ta’siri xususiyati, tezligi va intensivligi orqali belgilanadi.Umuman olganda, o‘tkazish kanallarining amal qilishi bank va moliya sohasidagi raqobat muhiti, muqobil moliyalashtirish manbalarining mavjudligi, moliyaviy bozorlarning rivojlanganlik darajasi va samaradorligi, moliyaviy vositachilik xizmatlarining sifati va qamrovi, valyuta kursi rejimi, kapitallar harakati, investitsiya uchun xafsiz moliyaviy instrumentlarning mavjudligi kabi bir qator omillarga bog‘liq.