II-BOB. “DASTUR UL-MULK” – XVII ASR BUXORO XONLIGI TARIXINI YORITUVCHI MANBA SIFATIDA
II.2.1. «Dastur ul-muluk» asarining qisqacha mazmuni
“Dastur ul-muluk”da Buxoro xonligida 1092/1681 dan 1106/1694-95-yillar oralig’ida sodir bo’lgan voqealar xronologik davomiylikda tasvirlangan. Biroq shuni qayd etish lozimki, ushbu asarda bu yillarda muallif ko’rgan yoki eshitgan barcha voqealar ham o’z aksini topmagan. Masalan, “Muhit at-tavorix” va “Tarixi Muqimxoniy” ma’lumotlariga ko’ra, Balx hukmdori bo’lgan Subhonqulixon o’zining hukmdor akasi Abdulazizxonning hajni amalga oshirish niyati haqida eshitib, qo’shini bilan Buxoroga yo’l oldi va Qarshini egallagach, xon bilan muzokaralar olib bordi. Lekin “Dastur ul-muluk”da bu haqida tilga olinmaydi. Xoja Samandar esa bu haqida eshitmasligi mumkin emas, chunki bundan oldin u xorazmliklarning Buxorodan quvg’ini davrida Abdulazizxon huzurida bo’lgan. Shunday fikrga kelish mumkinki, o’z asarini Subhonqulixonga bag’ishlagan Xoja Samandar atayin bu haqida yozmagan14 .
“Dastur ul-muluk”da quyidagi siyosiy voqealar bayon etilgan: Xiva xoni Anushaxonning Buxoro xonligining markaziy shaharlariga bosqini (1092/1681, 1095 – 1097/1683 – 1686), Subhonqulixonning Balxga ikki marta yurishi (1096/1685 va 1104/1693), Subhonqulixon qo’shinining Xurosonga Bolo-Murg’ob qal’asini egallash uchun yurishi (1100/1688 – 89), isyonkor rahbarlarning Subhonqulixonga qarshi g’alayoni va shu bilan bog’liq Xiva xoni Anushaxonning o’g’li Erengxonning Qorako’l shahrining tumanlariga hujumi. Mazkur voqealar yuqoridagi “Muhit at-tavorix” va “Tarixi Muqimxoniy” tarixiy asarlarida o’z aksini topgan. Biroq, Xoja Samandar bu asarlarda yozilmagan ko’plab aniqliklarni keltirib o’tadi. Shuningdek, Xiva xoni Anushaxonning Buxoroga 1092/1681-yili bosqini hamda uning Abdulazizxon tomonidan bu shahardan quvg’in qilinishi nafaqat “Dastur ul-muluk”da, balki “Tarixi Muqimxoniy” va “Muhit at-tavorix”dajuda batafsil yoritilgan. Ammo bu vaqtda Abdulazizxon huzurida bo’lgan Xoja Samandar keltirib o’tgan ma’lumotlaridan biz Buxoroning xorazmiklarning hujumiga qarshi yaxshi himoyalanmaganligini hamda Abdulazizxon tarafida bo’lmish kurash ishtirokchilari haqidagi ko’plab ma’lumotlarni, shu bilan birga yuqoridagi tarixiy asarlarda bo’lmagan bir qator aniqliklarni bilib olishimiz mumkin15.
Boy asl material “Dastur ul-muluk”ning 21-bobidagi ikkinchi va uchinchi qismlarida ifodalangan bo’lib, ularda muallif Anushaxonning Buxoro xonligining asosiy shaharlariga 1096 – 1097/1684 – 1686-yillardagi bosqini haqida gapirib o’tadi. “Tarixi Muqimxoniy”da bu voqealarga kam joy ajratilgan. “Muhit at-tavorix”da esa material ko’p bo’lsa ham, ammo “Dastur ul-muluk”da keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda ancha kam. Xoja Samandar tomonidan Anushaxonning Buxoro xonligidagi ittifoqdoshlari, so’nggi bor Shahrisabzning egallanishi, uning Qarshini egallash yo’lidagi urinishi va bir qator harbiy harakatlar to’g’risida bergan ma’lumotlari yuqorida tilga olingan tarixiy manbalarda butunlay uchra-maydi. Muallif 1100/1688 – 89-yilgi voqealar, shuningdek Subhonqulixonning Balxga yurishi hamda Bolo-Murg’ob qal’asini egallash uchun qo’shinining yurishini yozganda boshqa manbalarda uchramaydigan qiziq ma’lumotlarni keltirib o’tadi.
Ko’rib chiqilayotgan davrda Buxoro xonligining ichki vaziyatini tavsiflash uchun “Dastur ul-muluk”da boshqa manbalarda uchramaydigan ko’plab qimmatli ma’lumotlar mavjud. Ulardan ba’zilarini qayd etamiz.
Muallif so’zlariga ko’ra, Abdulazizxon Kerminga otlanayotib (1092/1681-yil), Buxoro mudofaasini o’zining nufuzli amirlaridan biri – Iskandarbiy saroyga ishonib topshirdi. Uning qo’shinlari o’z majburiyatlarini unutib, maishatga berilib ketishadi va xorazmliklar Anushaxon rahbarligida shaharga bostirib kirishga hamda Buxoroda talonchilik ishlarini qiyinchiliksiz amalga oshirishga muvaffaq bo’ladilar. Abdulazizxon Buxoroni xorazmliklar bilan jang olib borib qo’lga olgach, Iskandarbiyni jazolamoqchi bo’ladi. Lekin niyatini amalga oshira olmadi, zero Iskandarbiy himoyasida uning ikkita qudratli qabiladoshlari bor edi: Qorako’l hukmdori Olloyorbiy saroy va Chorjo’y hukmdori G’oyib Nazarbiy saroy. Keltirilgan fakt markaziy xon hukumatining qudratli qabila zodagonlariga bog’liq bo’lganligiga dalil bo’lib xizmat qiladi.
Shu o’rinda qayd etib o’tish lozimki, muallif o’sha vaqtda Joniylar16 davlatida saroy qabilasining vaziyatini xarakterlaydigan bir qator ma’lumotlarga ega bo’lgan. Xoja Samandarning bergan ma’lumotlariga ko’ra, saroy qabilasidan biylar yuqori mansablarni egallashgan, mamlakatda muhim ishlarda ishtirok etishgan. Masalan, Abdulazizxon davrida miroxo’r lavozimini Masumbiy saroy olgan edi, u 1106/1694 – 95-yillarda xorazmliklar bilan jangdagi xizmatlari uchun Subhonqulixon tomonidan Qarshi viloyatining hukmdori etib tayinlangan. Subhonqulixon hukmronligi davrida yuqorida eslatib o’tilgan Olloyorbiy saroy, G’oyib Nazarbiy saroy otaliq lavozimini egallashib, harbiy boshliqlar etib tayinlangan edilar, jumladan G’oyib Nazarbiy saroy Bolo-Murg’obga yurishda qo’shinga boshchilik qilgan17.
Xoja Samandarning Buxoro xonligidagi ko’chmanchi va o’troq zodagonlari-ning xonlikning tashqi dushmani – Xiva bilan aloqalarini ko’rsatuvchi faktlari juda qiziqdir. Subhonqulixonga qarshi chiqqan hamda Xiva xoni Anushaxondan yordam so’ragan va uni Buxoro xonligi shaharlariga yurishga ikki bor undagan Samarqand hukmdori Xo’jaqulibiy o’tarchi haqida gapirib o’tiladi. Xoja Samandarning asarida bir qator faktlar borki, ular xon hokimiyatining taqdiri, xalqlarning huquqlari poymol etilgan holatlari haqida mulohaza yuritish imkonini beradi. Bu borada aholiga soliqlar va yig’imlar solgan, suv taqsimotida zolimlarcha munosabatda bo’lgan Subhonqulixon vaziri Mirzo Beklar haqidagi hikoya e’tiborni tortadi, uning bu ishlari natijasida mamlakatdagi ahvol yomon holatda bo’lib, dalalardagi ekinlarga zarar yetkazildi, odamlar qashshoq holatga tushib qolishdi. Bu yerda aholini soliqlar (merosiy mulkka soliq, nikoh munosabati bilan bog’liq soliq va boshqalar) va yig’imlarga tortgan Qarshi shahrining qozisi Badi’ haqidagi hikoyalarni keltirib o’tish mumkin.
Mansabdor shaxslar o’rtasidagi poraxo’rlikning keng tarqalishi haqida ayniqsa Qarshi shahar qozisi Badi’ to’g’risidagi hikoya guvohlik beradi. Badi’ keyinchalik o’zining Subhonqulixonga xiyonati uchun Anushaxon hukmronligi davrida Samarqandda nafaqat jazolanmadi, balki pora bilan qayta qozi etib tayinlandi va ushbu lavozimi bajarayotib o’zi pora olgan. Shuningdek, muallif har qanday pora evaziga istalgan kishiga yaxshi tavsiyanoma bergan yuz qabilasining qudratli amirlaridan biri haqida ham aytib o’tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |