O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETINING JIZZAX FILIALI
“Psixologiya” fakulteti
“O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi
Adabiyotshunoslikka kirish
Fanidan
MUSTAQIL ISH
Mavzu: BOBURNING ARUZGA OID ILIMIY QARASHLARI
BAJARDI: 203-20 guruh talabasi I.Abduroziqova.
QABUL QILDI: X.Bo‘ronova.
Jizzax_2021
BOBURNING ARUZGA OID ILIMIY QARASHLARI
Xalqimizning ulug‘ farzandi, shoir va olim, atoqli davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) go‘zal g‘azal va ruboiylar, “Boburnoma”, “Mubayyin” nomli fiqhga doir she’riy qo‘llanma hamda tarjimalardan tashqari, ilmiy asarlar ham yaratgan. Uning harb ishi va musiqaga oid asarlari hozircha topilmagan yoki bizgacha yetib kelmagan. Boburning turkiy aruzga bag‘ishlab yozgan ilmiy asari o‘zbek she’riyati nazariyasini o‘rganishda muhim o‘rin tutadi. Bu risola Alisher Navoiyning “Mezonul-avzon”idan keyin o‘zbek aruzi haqida bitilgan ikkinchi yirik asar hisoblanadi.
Aruz ilmi VIII asrda shakllangan bo‘lib, arab adibi Xalil ibn Ahmad uning asoschisidir. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, mazkur vazn turkiy adabiyotlar, jumladan, o‘zbek she’riyatida taxminan IX asrdan beri qo‘llanib keladi. Movarounnahrda aruzshunoslar ro‘yxatining boshida Abu Nasr Forobiy turadi. Abu Rayhon Beruniy ham aruz bilan tanish bo‘lgan. Bu haqda u o‘zining mashhur “Hindiston” asarida yozadi: “Hindlar kitoblarining rajaz vazni kabi vaznlar bilan o‘lchanganligini aytib o‘tdik. Ko‘proq kitoblari… shlo‘ka deb ataladigan vaznda bo‘ladi”.
Ma’lumki, mumtoz adabiyotimizda faqat bitta vazn – aruz vazni qo‘llangan. Xalq og‘zaki ijodida esa asosan barmoq (hijo) vazni ishlatilgan bo‘lib, aruzdan kam foydalanilgan. Adabiyotimizda aruzning bu qadar uzoq davr mobaynida saqlanib qolishi va rivojlanishi sabablarini A.Rustamov quyidagicha izohlaydi: “… Turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tili fonetik xususiyatlari hijo vaznidan ham, aruz vaznidan ham foydalanish uchun mosdir. Hatto aruzdan turkiy tillarda unlilarning cho‘ziq- qisqaligi ma’noga ta’sir qilmaganligi sababli arab nazmiga nisbatan turkiy nazmda qulayroq foydalaniladi. Shuni ham aytish kerakki, qadimgi turk she’rlaridayoq vaznda bo‘g‘inlarning ochiq-yopiqligiga rioya qilish hollari uchrab turadi. Bu esa aruz vazni prinsiplaridan biridir. O‘zbek mumtoz adabiyotida aruz vaznining rivojlanish sabablari ham mana shulardir”. E.Umarov ham aruzning eski o‘zbek tili uchun mosligini o‘zbek tilida unli tovushlarning uzun-qisqaligi mavjudligi bilan tushuntiradi.
She’riyatimizda XX asrning 20-yillaridan e’tiboran barmoq vazni yetakchilik qilayotgan bo‘lsa-da, bir qator shoirlar (Masalan, Habibiy, E.Vohidov va b.) aruzda ham yozdilar. She’riy merosimizni o‘rganishda mazkur vaznni bilishning ahamiyati katta. Shuning uchun ham adabiyot nazariyasiga oid asarlarda aruz vazniga tegishli o‘rin ajratilmoqda, tadqiqot ishlari olib borilmoqda. (Masalan, Izzat Sultonning “Adabiyot nazariyasi”, 1980; T.Boboyevning “Adabiyotshunoslik asoslari”, 2000; D.Quronovning “Adabiyotshunoslikka kirish”, 2004; U.To‘ychiyev va E.Talabovning shu mavzudagi doktorlik dissertatsiyalari va b.)
Yuqorida aytganimizdek, Bobur aruzga bag‘ishlab risola yaratgan, biroq u yo‘qolgan deb hisoblanar edi. Lekin 1923 yilda turk olimi Muhammad Fuad Ko‘pruluzoda Parij Milliy kutubxonasida aruzga oid bir qo‘lyozma topadi. Nomi va muallifi noma’lum bo‘lgan 172 varaq (344 bet) dan iborat mazkur qo‘lyozmani o‘rganib chiqqach, olim bir qator dalillar asosida uning Bobur qalamiga mansub ekanligini aniqlaydi.
Risolada vaznlarni ko‘rsatish uchun misol tariqasida keltirilgan she’rlarning muallifi haqida bunday deyiladi: “…andoq iltizom qilindikim, jami’ musta’amal vaznlarg‘a ham forsiy va ham turkiy bayt kelturulgay, har vaznkim, musta’amal bo‘lmag‘ay yo ulkim muxtara’ bo‘lg‘ay, turkiy bayt bila iktifo qiling‘ay, har kimning baytini kelturulsa, otini bitilg‘ay, magar ulkim qoyili ma’lum bo‘lmag‘ay, qoyili mazkur bo‘lmag‘an turkiy bayt muallifning bo‘lg‘usidir”.
Parchadan anglashiladiki, muallifi ko‘rsatilmagan she’rlar Boburning qalamiga mansubdir. Shunday she’rlarni Bobur “Devon”i bilan solishtirib chiqilganda, risola Boburniki ekanligiga hech qanday shak-shubha qolmaydi. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Bitta misol bilan kifoyalanamiz: risolada Bobur “Devon”idan o‘rin olgan g‘azalning matlai keltirilgan:
Do'stlaringiz bilan baham: |