4-rasm. Tolalar pishiqligining polimerlanish darajasiga nisbatan o’zgarishi
1-qattiq zanjirli polimerlardan olingan tolalar, 2-qayishoq zanjirli polimerlardan olingan tolalar
Polimerlanish darajalarining qiymati bir xil bo’lishiga qaramay makromolekulasi qattiq bo’lgan polimerdan yuqori pishiqlikka ega bo’lgan tola, makromolekulasi qayishoq bo’lgan polimerdan uncha pishiq bo’lmagan tola olinadi (4-rasm, 1-qattiq zanjirli; 2-qayishoq zanjirli polimerdan olingan tolalar pishiqligini PD ga bog’liqlik grafigi). Demak, bir xil pishiqlikka ega bo’lgan tolalar olish uchun qattiq zanjirli polimerning PD kichik, qayishoq zanjirli polimerning PD katta bo’lishi kerak. Tolalarning PD va oriyentatsiyalanish darajasi bir xil bo’lganda, o’zgarmas haroratda qayishoq makromolekulali tolani uzish, qattiq makromolekulali tolani uzishdan ancha oson bo’ladi (kam kuch sarflanadi). Chunki, bunday harorat ta’sirida qattiq makromolekulalar kam harakatchan bo’ladi. Shuning uchun ipning uzilishi zanjirdagi asosiy valent bog’larni uzilishi va makromolekula hamda struktura elementlarning bir-birlariga nisbatan bir oz sirg’alishi hisobiga sodir bo’ladi. Makromolekulalar orasidagi bog’lanish qanchalik bo’sh bo’lsa, ularning bir-biriga nisbatan siljishi (sirg’alishi) shunchalik oson bo’ladi.
Qayishoq polimerlarda bunday sirg’alish kam bo’lganligi sababli, ulardan olingan tolani uzishga kam kuch sarflanadi. Ipning pishiqligini oshirish uchun polimerning PD katta va makromolekulalararo bog’lar ko’p bo’lmog’i lozim. Polimerning qayishoqligi qancha yuqori bo’lsa, uning mexanik pishiqlikka ta’siri shuncha ko’p bo’ladi.
Polimer qanchalik qayishoq bo’lsa, molekulalararo bog’lar shunchalik ko’p bo’ladi, pishiqlik esa shunchalik kichik bo’ladi. Tolalarning mexanik pishiqligini oshirish uchun polimerning PD katta, molekulalar bir tekisligi (uzunligi bo’yicha) yuqori bo’lishi va agar polimer qayishoq bo’lsa, ular makromolekulalari orasida, biroz bo’lsa ham bog’ hosil (tikish) qilish kerak bo’ladi.
Polimer asosida olingan materiallarning (ip, tola, plyonka) fizika-mexanik xossalari faqat o’rtacha molekulyar massa qiymatlariga bog’lik bo’lmay, balki molekulyar massa bo’yicha taqsimlanishiga ham bog’liq. O’rtacha molekulyar massa qiymati bir xil bo’lgani holda, molekulyar massa qiymati bo’yicha taqsimlanish bir tekis bo’lganda, ya’ni uzunligi bo’yicha o’rtacha qiymatga yaqinlashib boradigan polimer zanjirning ulushi qancha ko’p bo’lsa, polimerning kompleks ekspluatatsiya qilinish xususiyati shuncha yaxshi bo’ladi.
Tola hosil qiluvchi polimerlardan buyumlar tayyorlash va ularni texnikada qo’llanilish imkoniyatlari, yuqori molekulyar birikmalarni qizdirilganda va sovitilganda fizik xossalarining o’zgarishiga ham bog’liq.
Ma’lumki, moddaning har bir zarrachasi ikki energetik faktor ta’sirida, ya’ni issiqlik harakati va molekulalarning o’zaro ta’siri ostida bo’ladi. Moddalar qizdirilganda molekulalararo munosabat intensivligi ancha kamayadi va makromolekulalarning harakatchanligi oshadi.
Moddalar isitilganda yoki sovitilganda zarrachalarning issiqlik harakat energiyasi, shuningdek ularning bir-biriga nisbatan joylanishi, ularning harakat intensivligi o’zgaradi va makromolekulalararo o’zaro ta’sirlashuv energiyasining o’zgarishi moddalarniig agregat holatlarini ham o’zgartiradi.
Ma’lumki, ko’p moddalar qattiq, suyuq va gazsimon holatda bo’lishi mumkin, polimerlar esa gazsimon holatda bo’lmaydi. Harorat ko’tarilganda yoki pasayganda zarrachalarning o’zaro joylashishining o’zgarishi moddalarning fazoviy holati o’zgarishiga olib keladl. Suyuq (amorf) holat zarrachalarning o’zaro joylashishida yaqin tartib borligi va uzoq tartibning bo’lmasligi bilan harakterlidir. Kristall holat zarrachalarning o’zaro joylashishida yaqin hamda uzoq tartib borligi bilan harakterlanadi.
Makromolekula uzunligi yetarlicha katta bo’lganda u har xil shakllarni ifodalashi mumkin: cho’zinchoq (arra yoki spiralsimon tuguncha (gujunak) kabilar (5a, b, v, g-rasm). Bunday shakllarga o’tishda makromolekulada atomlararo masofa va valent burchaklar o’zgarmaydi. Issiqlik ta’sirida paydo bo’lgan (tartibsiz harakat natijasida) polimer zanjirlarining bunday aylanma izomerlari makromolekulalarning konformatsiyalari deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |