1- MAVZU. TABIATSHUNOSLIKNI O’QITISH METODIKASI - PEDAGOGIK FAN
Reja
1.Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasining maqsad va vazifalari.
2.Tabiatni o’rganishda zamonaviy muammolar.
3.Boshlang’ich sinflarda tabiat bilan tanishtirish.
4.Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi sohasidagi tadqiqod metodlari.
5.Boshlang’ich sinf tabiatshunosligining boshqa fanlar bilan bog’liqligi.
Мavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: tabiatini muhofaza qilish, ekologik ta`lim-tarbiya, Inson tabiat mahsulidir, Qizil kitob.
Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi tabiatshunoslikni o’qitishda bolalarni har tomonlama tarbiyalashning mazmuni va metodlarini ochib beravchi pedagogik fandir. U pedagogikada ishlangan tadqiqotlarga asoslanadi va o’z predmetini o’qitish mazmuni hamda xususiyatlarini hisobga olgan holda uning metodlaridan foydalanadi.
O’quvchilarga tabiatni o’rgatib borish bilan o’qituvchi ularni ta'limni davom ettirish va amaliy faoliyat uchun zarur bo’lgan bilimni o’quv va ko’nikmalar bilan qurollantiribgina qolmay, dunyoqarashi, irodasi, xarakterini ham shakllantiradi, aqliy qobiliyatlarini rivojlantiradi. Shunga ko’ra tabiatshunoslikni o’qitishning shakl va metodlarini ishlab chiqadi.
O’qitish jarayoni o’zaro bog’liq bo’gan qismlarni: predmet mazmunini, o’qituvchi va o’quvchilar faoliyatini, fanni o’qitishni va ko’nikmalarni egallab olishni o’z ichiga oladi. Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasining vazifalari qatoriga o’quv fani sifatida tabiatshunoslik mazmunini aniqlash, o’qitishning metod va uslublarini tadqiq etish, zarur o’quv jihozlarini tayyorlash kiradi. Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi faqat o’qitish jarayonini ta'riflash va tushuntirish bilan cheklanib qolmay, balki qoidalarni ham ishlab chiqadi, o’qituvchi ularga asoslanib, shu fan bo’yicha bolalarni muvaffaqiyatli ravishda o’qitishi mumkin.
Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi o’qituvchining tayyorlanishidan tortib, to o’quv materialini o’zlashtirish natijalarini, jumladan, sinfdagi, uydagi, sinfdan va maktabdan tashqari ishlarni hisobga olishgacha barcha o’qitish jarayonlarini o’z ichiga oladi. O’qitish amaliyotini har tomonlama o’rgatish va natijalarni keyin ijodiy umumlashtirish asosida o’qitishning muayyan qonuniyatlari belgilanadi hamda uni yanada yaxshilash bo’yicha tadbirlar ishlab chiqiladi. Chunonchi, o’rganilayotgan narsalarni (o’simlik va hayvonlarni) bevosita qabul qilish (bu to’g’ri tasavvur hosil bo’lishini ta'minlaydi) qonuniyati asosida predmetli o’qitishni qo’llash bo’yicha aniq tadbirlar ishlab chiqiladi.
Shunday qilib, tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi fanining maqsadi boshlang’ich sinf o’qituvchilarini bugungi kun talablari asosida yangi pedagogik texnologiyalarni qo’llab, yosh avlodga tabiatshunoslik fanini o’rgatishga tayyorlashdir. Fanning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1. Talabalarga tabiatshunoslik haqida eng zarur ilmiy-nazariy bilimlarni berish.
2. Boshlang’ich sinflarda tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi fanini ta'limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi vazifalarini yoritib berish.
3. Talabalarga tabiatshunoslik fani bazasida zamonaviy pedagogik texnologiya haqida bilim berish.
4. Talabalarni o’quv metodik adabiyotlar, dastur va darsliklarni tahlil qilishga o’rgatish.
5. Talabalarni tabiatshunoslikni o’qitishning turli uslublari va yo’llari bilan tanishtirish.
6. Talabalarda mazkur fandan o’qitishning turli tashkiliy shakllarini, uslublarini, zarur ko’rgazmali qurollarni to’g’ri tanlash malakalarini hosil qilish.
7. Tabiatshunoslik muammolariga bag’ishlangan maqolalar, adabiyotlarga taqriz, annotatsiya yozishga o’rgatish.
8. Kuzatilgan dars va darslardan tashqari tadbirlarni mustaqil metodik jihatdan to’g’ri tahlil qilishga o’rgatish.
9. Fanlararo aloqalar va ta'lim-tarbiya integratsiyasi asosida turli dars tiplari uchun ishlanmalar, reja-konspektlar tuzishga tayyorlash.
10. Maktabda tabiatshunoslik darslarini o’tishda ekologik va tabiatni muhofaza qilish jihatlarini ko’ra bilishga o’rgatish.
11. Talabalarni Sharq mutafakkirlarining inson va uni o’rab turgan tabiat bilan aloqalariga bag’ishlangan asarlari, ularning dunyoqarashlari bilan tanishtirish, shuningdek, tabiatga oid aforizm, ruboiy va she'rlardan tabiatshunoslik darslarida foydalanishga o’rgatish.
Bundan tashqari, tabiatshunoslik o’qitish metodikasining -umumpedagogik va o’ziga xos metodlari, darsni to’g’ri tashkil etish tarixi va istiqbolli rejalar tuzish, darsdan tashqari tadbirlarni tashkil etish usullarini o’rganish kabi masalalar ham ushbu fanning asosiy masalalaridan hisoblanadi.
Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi fanining ikkinchi tomoni bu metodikani yaxshi bilish jarayoni hisoblanadi.
Metodika o’qituvchi tomonidan o’quv materialni o’qitishning muvofiq (ratsional) ravishdagi metod va vositalari o’quvchilarning tabiat haqidagi eng sodda bilimlarni egallashi hamda kelajakda hayotda qo’llay olishi o’quvchilar uchun retseptlar va nasihatlar majmuasi bo’libgina qolmasdan, u fan, uning tamoyillari, tabiatshunoslik o’qitish jarayonining qonuniyatlarini bilishga ham asoslangan. Metodika o’quv fanining mazmuni, ta'lim va tarbiya metodlari hamda shakllarini ko’rib chiqadi. Metodikaning bu bo’limlari bir butun bo’lganligi uchun bir-birini to’ldiradi.
O’quv ishlarining jihozlari hamda vositalari (qo’llanmalar) metodika asosida belgilanadi. Metodika nima uchun tabiatni o’iganish, nimani va qanday o’qitish, nima asosida va qanday tarbiya berish kerak, degan savollarga javob beradi.
Tabiatshunoslik fanini o’qitilishining to’g’ri yo’lga qo’yilishi uchun maxsus o’quv moddiy bazaga, ya'ni o’quv qurollari bilan jihozlangan xona, tirik tabiat burchagi va o’quv-tajriba maydonchasiga ega bo’lishi kerak. Materialni o’ziga xos bo’lishi faqat tabiatshunoslikni o’qitish metodikasining o’ziga xosligini emas, balki uning tarbiyaviy imkoniyatlarini ham belgilaydi.
Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi maktabda hamma tabiat haqidagi fanlarni o’qitishga oid masalalarni: o’qitishning g’oyaviy yo’nalganligini, o’qitishning mazmuni bilan metodlarning birligini, o’quv ishlarining shakllari o’rtasidagi izchillikni va barcha tarbiyalovchi ta'lim elementlarining yaxlitligini hamda rivojlanishini ko’rib chiqadi.
O’qitish tizimi o’quvchilar bilimining puxta bo’lishi va ongiga yetib borishini ta'minlaydi. Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi barcha predmetlar uchun umumiy tamoyillarga ega bo’lgan didaktik va tarbiya jihatidan pedagogika bilan chambarchas bog’langan. Maktabda ta'lim-taibiya jarayoni amalga oshiriladi va o’rganiladigan materialning mazmuni, uni bayon qilish mantiqi, o’qitish metodlari barcha shakllardagi butun ta'lim jarayonini, o’qituvchi shaxsining o’zi, uning fanga fidoyiligini ham tarbiyalaydi.
Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi pedagogikada qo’llaniladigan tadqiqot metodlaridan foydalanadi. Tadqiqotchi - metodist maktabda tabiatshunoslikni o’qitish jarayonini kuzatadi, kuzatilgan faktlarni tahlil qiladi va taqqoslaydi, hodisalar o’rtasidagi qonuniy bog’lanishlarni aniqlaydi, xulosa va umum-lashtirishning to’g’riligini amalda tekshiradi va buning natijasida tabiatshunoslikni o’qitish tamoyillarini belgilaydi. Kuzatish va tajriba tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi sohasidagi eng muhim metodlardir.
Hozirgi kunda metodikaning fan sifatida qaror topishida integratsiya (birlashish), sintez - barcha ilmiy materiallarning muammolar bo’yicha to’planishi hamda tahlil qilinishi, umumlashtirilishi, tizimga solinishi va yagona ilmiy nazariyaga keltirilishi alohida o’rin egallaydi. Metodika o’qituvchi ijodi uchun ta'lim va tarbiyaning boy xazinasidagi xilma-xil metodlar, usullar va vositalarni bilib olishga keng imkoniyatlar ochib beradi.
Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi, shuningdek, fiziologiya, anatomiya, gigiyena, botanika, zoologiya, geografiya, agrotexnika, meteorologiya, mantiq va psixologiya bilan chambarchas bog’liqdir. Shu fanlar bilan bo’ladigan aloqa o’qituvchining o’sha fanlar asoslarini egallagan bo’lishida, ularning eng muhimlarini ajratib, materiallarni o’quvchilarning yosh xususiyatiga mos holda tushuntira olish uquvlarida namoyon bo’ladi.
Shaxsning kamol topishi va rivojlanishi uning ayrim ishlar, munosabat va xarakterni o’z ichiga olgan faoliyat jarayonida boradi. Bunda u yoki bu faoliyat turining - o’qish, mehnat, o’yin, muloqotlarning dalillari (motivlari) alohida ahamiyatga ega. Muloqot dalillari har qanday darsning tarkibiy qismi bo’lishi kerak. Uni o’qituvchi hisobga olmasa, tabiat to’g’risidagi bilimlar imkoniyatini pasaytirb yuboradi.
Shunday qilib, tabiat bilan to’g’ri tashkil qilingan muloqot kichik yoshdagi maktab o’quvchilarida go’zallikni his etishni shakllantiradi, ularda o’z harakati va ishini o’zi baholay olish qobiliyatini rivojlantiradi, bu xislatlar xulq-atvorning odobiy hamda axloqiy me'yorlarini anglash, atrofdagilarga nisbatan mas'uliyat hamda burchni tarbiyalash uchun zarurdir. Tabiat bilan muloqot jarayonida o’rtoqlariga, kattalarga hurmat va mehr vujudga keladi.
Shuningdek, tabiatshunoslikni o’qitish jarayoni faqat o’qituvchinigina emas, balki o’quvchilar faoliyatini ham o’z ichiga oladi. O’qitishning natijasi dasturda mo’ljallangan materialning puxta o’zlashtirilganligi bilan belgilanadi. Shuning uchun ham o’qitish metodlari va o’quvchilarga o’quv jarayonini tashkil etish shakllarini o’rganish, ularning materialni o’zlashtirib olish jarayonini o’rganishlari bilan birga boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |